Karvonsaroy
Atrof muhit

Bishkek rasmiylari ifloslanish darajasi monitoringini yaxshilab, qonunbuzarlarni jarimaga tortadi

Kanat Altinbayev

Qirg‘iziston poytaxti uzra paydo boʻlgan smog, 2017-yil, noyabr. Surat Bishkekdagi nodavlat ekologik tashkilot – “MoveGreen” veb-sahifasidan olingan. (MoveGreen)

Qirg‘iziston poytaxti uzra paydo boʻlgan smog, 2017-yil, noyabr. Surat Bishkekdagi nodavlat ekologik tashkilot – “MoveGreen” veb-sahifasidan olingan. (MoveGreen)

BISHKEK – Bishkek shahar kengashi havo ifloslanishini monitoring qiladigan qo‘shimcha ekologik uskunalarni o‘rnatish jarayonini boshladi, deb xabar berdi dushanba, 26-noyabr kuni 24.kg qirgʻiz nashri.

Shahr hokimi o‘rinbosari Bakitbek Dyushembiyevning soʻzlariga ko‘ra, yangi o‘lchov uskunalari uchta joyga oʻrnatiladi. Ular Bishkekning qaysi hududida havoning ifloslanishi kuchayganini aniqlashga imkon beradi, dedi shahar kengashi a’zosi Uvazarbek Adilbekov.

“Biz smog bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan choralarni kamaytirib, ularning samaradorligini oshirish imkoniga ega boʻlamiz”, dedi Adilbekov.

Aholi “nafas ololmayapti”

So‘nggi yillarda ekologik tashkilotlar Bishkekda havoning ifloslanishi bilan bogʻliq muammoni jamoatchilik orasida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylantirdilar.

Airkaz.org sayti ma’lumotiga ko‘ra, Bishkekda havoning ifloslanganlik darajasi ruxsat etilgan meʼyordan ancha yuqori. Airkaz.org – Bishkek va Qozog‘istonning bir nechta shaharlarida joylashgan o‘lchov uskunalardan olingan ma’lumotlarni real vaqt rejimida koʻrsatuvchi Qozog‘istondagi mustaqil loyihadir.

Ekologik oqibatlarni eng ko‘p his qiladigan shaharning shimoliy tumanlari aholisi hukumatdan zudlik bilan chora koʻrishni talab qilmoqda.

“Tashqariga chiqqing kelmaydi, kuyindi hid dimogʻingga uradi”, deydi Quyi Ala-Archada yashovchi Medet Suranchiyev Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Men shahar chekkasida yashayman, bu yerda xususiy uy-joylar ko‘p”, dedi u. “Sovuq tushganda odamlar uy isitish uchun ko‘mir, ba’zida esa chiqindi yoqishadi. Nafas olib bo‘lmaydi.”

Qonunbuzarlarga jarima solish

Bishkek shahar kengashining bir nechta a’zosi smog munosabati bilan poytaxtda favqulodda vaziyat joriy qilish taklifini bergan.

Ammo, Bishkekda bunga asos yo‘q, sababi shahardagi havoning ifloslanganlik darajasi ruxsat etilgan ko‘rsatkichdan uncha oshmagan, deydi hokim Aziz Surakmatov.

Qonunbuzarlar rezina, chiqindi va hatto tekstil fabrikalardan chiqqan mato qiyiqlarini yoqishmoqda, degan u 24.kg nashri xabariga ko‘ra. Bishkekda uylarni va hatto jamoat saunalarini isitish uchun chiqindilarni yoqish keng tarqalgan.

“Biz bunday holatlarga qarshi keskin kurashmoqdamiz”, dedi hokim.

Huquqni muhofaza qilish xodimlari Bishkekdagi saunalarda faol reyd o‘tkazmoqda va ko‘mir yoki boshqa yonilg‘iga pul sarflash o‘rniga mato qiyiqlarini yoqayotganlarga jarima solmoqda, deb xabar bergan Kaktus Media nashri 20-noyabr kuni.

Chora koʻrish talab etiladi

Bishkekdagi ekologik muammolarga ko‘p omillar ta’sir qiladi, deydi bishkeklik ekolog Ulan Ismailov.

Bu omillar qatoriga avtotransport tutuni, ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektr markazlari va uylarni isitish maqsadida ko‘mir hamda toksik chiqindilarni yoquvchi xonadonlar kiradi, dedi u.

U hukumatni ekologik muammoga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Barchamiz – ekologlar, fuqarolar va rasmiylar ekologik muammolarga hushyorlik bilan qarashimiz va shahardagi holat boʻyicha javobgarlikni zimmamizga olishimiz kerak”, dedi Ismailov Karvonsaroy nashriga.

“Bu eng asosiy muammo bo‘lishiga qaramay, orqaga surilmoqda va bu xato”, dedi u.

“Hukumat rasmiylari ishtirokida ommaviy muhokamalar o‘tkazishimiz, zaruriy yechimlarni ishlab chiqishimiz kerak”, dedi Ismailov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500