Karvonsaroy
Atrof muhit

Qirgʻizistonga iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yengish uchun 10 mln. dollar ajratiladi

Kanat Altinbayev

USAID Qirgʻizistondagi fermer ayollarga yil boʻyi issiqxonalarda sabzavot yetishtirishga yordam beradi. 2017-yilning oktyabr oyida olingan suratda Norin viloyatining Kulanak qishlogʻidagi issiqxonalardan biri aks etgan. (AQSHning Qirgʻizistondagi elchixonasi)

USAID Qirgʻizistondagi fermer ayollarga yil boʻyi issiqxonalarda sabzavot yetishtirishga yordam beradi. 2017-yilning oktyabr oyida olingan suratda Norin viloyatining Kulanak qishlogʻidagi issiqxonalardan biri aks etgan. (AQSHning Qirgʻizistondagi elchixonasi)

BISHKEK – Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi oldida eng zaif mamlakatlardan biri boʻlgan Qirgʻiziston fermerlarga ushbu muammoga qarshi kurashga koʻmaklashish uchun xalqaro donorlar yordamini qabul qilmoqda.

Janubiy Koreyadagi Yashil iqlim jamgʻarmasi (GCF) iqlim oʻzgarishiga moslashish choralari uchun Qirgʻizistonga 10 mln. AQSH dollari (698,5 mln. qirgʻiz soʻmi) ajratishni vaʼda qildi. Bu haqda 4-dekabr kuni BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining Qirgʻiziston boʻyicha rahbari Andrea Banyoli jurnalistlarga maʼlum qilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, GCF rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlardan mablagʻ yigʻib, ularni iqlim oʻzgarishlariga sezgirligi yuqori boʻlgan mamlakatlarga yoʻnaltiradi, deb yozadi 24.kg nashri.

BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi mazkur loyihani Qirgʻiziston atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi davlat agentligi bilan birgalikda amalga oshirmoqda.

Norin viloyati fermerlari biogumus - ekologik sof oʻgʻit ishlab chiqarishni oʻrgandilar, may oyi. (Bishkek ekologik axborot xizmati)

Norin viloyati fermerlari biogumus - ekologik sof oʻgʻit ishlab chiqarishni oʻrgandilar, may oyi. (Bishkek ekologik axborot xizmati)

Banyoli mablagʻning qachon ajratilishi haqida maʼlumot bermagan.

“Iqlim oʻzgarishlarini har birimiz his qilamiz. Shaharda yashovchilar uchun bu shunchaki ob-havoning oʻzgarishi boʻlsa, fermerlar uchun – hosil, daromad va kelajakka taʼsir qiluvchi jiddiy omildir”, dedi Banyoli.

Ajratiladigan mablagʻlar qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv toshqinlari va sellardan himoyalash uchun irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash, suv omborlari qurish va daryolar qirgʻoqlarini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi.

Mahalliy fermerlarni oʻqitish va yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish

Bundan tashqari, mutaxassislar barqaror daromad olishi, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashi uchun mahalliy fermerlarga innovatsion qishloq xoʻjaligi texnologiyalaridan foydalanishni oʻrgatadilar.

“Loyiha doirasida meteorologiya xizmati faoliyatini yaxshilash va mustahkamlash ham koʻzda tutilgan”, dedi Banyoli. “Biz iqlim oʻzgarishlariga oid maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va ularni fermerlarga tarqatish bilan shugʻullanadigan sakkizta stansiya tashkil etishga yordam beramiz.”

“Bu ularga qishloq xoʻjaligiga oid ishlarni yanada samaraliroq rejalashtirishga imkon beradi”, dedi u.

Loyiha iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif boʻlgan Norin, Oʻsh va Botken viloyatlarini qamrab oladi.

Aytiz joizki, Qirgʻizistonning janubiy viloyatlari qishloq xoʻjaligi sohasi xalqaro tashkilotlar va AQSH tomonidan muntazam ravishda qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda.

Iyun oyida Botken viloyatining Uchqoʻrgʻon qishlogʻida mevalarni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Interfruit” Qirgʻiziston-Tojikiston qoʻshma korxonasi ishga tushdi. Zavod faoliyati yangi jihozlar sotib olishga yordamlashgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) moliyaviy koʻmagi asosida yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan yili “Agro Horizon” loyihasi doirasida USAID Oʻsh va Norin viloyatlaridan boʻlgan 15 nafar fermer ayolga issiqxonalarda sabzavot yetishtirishni tashkil etishga koʻmaklashgan edi.

Sentabr oyida yakunlangan loyiha doirasida umumiy maydoni 1800 kvadrat metr maydonda issiqxona xoʻjaliklari tashkil etildi. Natijada fermer ayollar tomonidan sotish uchun yil boʻyi bodring va pomidorlar yetishtirilmoqda.

Qirgʻiziston – iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mamlakatlardan biri boʻlib qolmoqda

Qirgʻiziston Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi iqlim oʻzgarishlari oldida uchinchi eng zaif mamlakat hisoblanadi. Bu, eng avvalo mamlakat qishloq xoʻjaligi tizimlarining sezgirligi sabablidir, deb maʼlum qilgan edi Kabar axborot agentligi aprel oyida Markaziy Osiyo universiteti tadqiqotlariga asoslanib.

Bishkekdagi “ArchA tashabbusi“ nodavlat ekologik tashkiloti rahbari Dmitriy Vetoshkinga koʻra, iqlim oʻzgarishlari Qirgʻizistonda borgan sari koʻproq sezilmoqda.

“Mamlakatimizda qishloq xoʻjalik ekinlari bahorda qorlar, yozda esa muzliklarning erishi natijasida sugʻoriladi”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Yerosti suvlari togʻoldi hududlar tubida joylashgani sababli quduq tizimlaridan foydalanmaymiz. Hozirgi paytda qorlar va muzliklar eriydigan vaqtlar orasida jiddiy suv tanqisligi sezilmoqda.”

Uning soʻzlariga koʻra, iqlim muvozanati buzila boshlagan, shu sababli yoz tobora issiq, qish esa sovuqroq boʻlib bormoqda, bahorda yogʻingarchilik moʻl boʻlsa, kuzda qurgʻoqchilik kuzatilmoqda. Bularning bari qishloq xoʻjaligiga taʻsir etmasdan qolmayapti.

Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash uchun hukumatda yetarlicha mablagʻ yoʻq, deydi Chuy viloyatidan boʻlgan fermer Esen Urmanaev Karvonsaroyga.

“Biz xalqaro donorlarning yordamiga ishonamiz”, dedi u. “Umid qilamanki, ular mamlakat shimolidagi muammolarga, xususan, issiqxonalarni zaruriy texnologiyalar bilan taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratadilar”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Salom, men ham bu dasturda ishtirok etishni istayman. Men ham Issiqko‘l viloyatida yashayman.

Javob berish

Hayrli tong. Bu loyiha Issiqko‘l viloyatida yashaydiganlar uchun ham amaldami? Bu loyihada ishtirok etishni juda istardim. Rahmat

Javob berish