Karvonsaroy
Yoshlar

Olmaotada yoshlar orasida radikallashuvning oldini olishga bagʻishlangan anjuman oʻtkazildi

Kseniya Bondal

Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti talabalari dars jarayonida, Olmaota, 10-dekabr. (Marina Mixtayeva)

Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti talabalari dars jarayonida, Olmaota, 10-dekabr. (Marina Mixtayeva)

OLMAOTA – Markaziy Osiyo yoshlari orasida ekstremizm daʼvatining tarqalishi, jumladan, internet orqali tashviqotga qarshi kurashning sinalgan usullari Olmaotada BMTTD tomonidan mintaqaviy miqyosda tashkillashtirilgan tadbirda muhokama qilindi.

3-4-dekabr kunlari oʻtkazilgan mazkur tadbir “Yoshlarning jalb etilishi va zoʻravonlik ekstremizmining oldini olish – oʻzaro bogʻliqlikning tahlili” deb nomlandi.

Unda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan turli hukumat idoralari, jamoatchilik vakillari va yoshlar faollaridan iborat manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.

Bu Markaziy Osiyoda terrorizmga olib boruvchi zoʻravonlik ekstremizmining oldini olish boʻyicha BMTTD loyihasi doirasidagi besh mintaqaviy muloqotning ikkinchisi boʻldi.

6,4 million dollarlik loyiha Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilib, BMT Taraqqiyot dasturining Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondagi idoralari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Qozogʻistondagi yoshlar qatlamining tarkibi turlicha, sababi uning aʼzolari turli viloyatlarda, shahar va qishloqlarda yashaydi, maʼlumoti ham bir xil darajada emas, baʼzilari qozoq, boshqalari esa rus tilida soʻzlashadi, deydi Ostonadagi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi Irina Chernix anjumanda qilgan chiqishida.

Ushbu aholi qatlamiga mansub guruhlar ichidagi qadriyatlar va feʼl-atvor modellari bir-biridan farq qiladi, deydi u.

“Radikallashuv – individual jarayon”, dedi u. “Taqdiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, kimdir muayyan vaziyatlarda radikalizm taʼsiriga tushsa, ayni vaqtda boshqa bir shaxs xuddi oʻsha vaziyatda oʻz hayotini oʻnglashga va qonun doirasida harakat qilishga intiladi.”

“Jamiyat nuqtai nazaridan oʻzini gʻayritabiiy tutadigan har qanday shaxsga alohida yondashuv – faoliyatimizning muhim tamoyilidir”, deydi Chernix.

Yoshlarga murabbiylik qilish va ular bilan ishlash

Chernixga koʻra, har bir holatga alohida yondashuv muhim ahamiyatga ega boʻlsa-da, yoshlar orasida radikallashuvini oldini olish boʻyicha baʻzi umumiy amaliyotlar ham samarali ekanligi isbotlangan.

Germaniya va Skandinaviya mamlakatlarida mentorlik amaliyoti juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, dedi u. Ushbu amaliyotga avvallari radikal boʻlgan, keyinchalik toʻgʻri yoʻlga qaytgan murabbiylar jalb etilib, ular radikallashuv taʼsiri oldida zaif boʻlgan oilalarning farzandlari bilan ish olib boradi.

“Psixologlar ekstremistik mafkuraga va tajovuzga moyil boʻlgan yoshlar zoʻravon ota hukmron boʻlgan oilalardan kelib chiqishini aniqladilar”, deydi Chernix. “Murabbiy bunday bolalarni turli loyihalar va sport mashgʻulotlariga jalb qilaydi va ular bilan birga vaqt oʻtkazadi”.

Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston bu yondashuvni amalga oshirishni kechiktirdi, chunki u katta mehnat talab qiladi va qimmat.

Yevropada nodavlat tashkilotlar bu tashabbuslarni koʻngillilarga tayanib amalga oshiradilar.

Britaniyada islom dinini qabul qilgan qizlar bilan ishlash nodavlat tashkilotlar xodimalari va politsiyachi ayollarni jalb qilish choralari koʻrilmoqda, dedi Chernix. Ular bu qizlarning huquqlarini tushuntiradilar va ularda radikal mafkuraning paydo boʻlish-boʻlmasligini ota-onalari bilan birga nazorat qiladilar.

Qirgʻizistondagi nodavlat tashkilotlari yoshlarni jalb qilish uchun teatrlashtirilgan tomoshalardan foydalanmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Chernixning aytishicha, qirgʻizlar “ushbu amaliyotlarni samarali tatbiq etmoqdalar va ularni mahalliy darajada, ayniqsa, radikallashuv kelib chiqishi ehtimoli boʻlgan muayyan bir jamiyatda qoʻllamoqdalar”, dedi Chernix.

“Teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlariga maktablar va mahalliy nodavlat tashkilotlari jalb etiladi” dedi u. “Ishtirokchilar tomonidan ssenariylar yozilib, rollar taqsimlanadi. Bolalar bu rollarni yaxshiroq ijro eta oladilar. Bu koʻp vaqt oladigan va sarf-xarajatli mehnat, lekin samaralidir.”

“Birinchi mudofaa chizigʻi” odatda, politsiyachilardan iborat boʻlib, ular bevosita aholi bilan muloqotga kirishib, terrorchilik faoliyatining oldini olishlari mumkin. Chernixning aytishicha, bu chiziqqa, shuningdek, onalar va oʻqituvchilar ham kiritilishi mumkin.

Signal qancha erta olinsa, radikallashuvni ham erta boshqichda bartaraf etish mumkin boʻladi. Bu holatda psixologlar yordamga keladi, agar bola dindor boʻlsa, bu ishga jalb etiladi. Bu juda samarali usul, dedi u.

Radikallashuvni aniqlash va oldini olish

Olmaotada yashovchi 18 yashar Maksim Zagransevning soʻzlariga koʻra, oʻziga ishonchi boʻlmagan yigitlar osongina ekstremistlar taʼsiriga tushishi mumkin.

“Men shimini toʻpigʻidan qirqib tashlab, soqol qoʻyib olgan bir-ikki yigitni bilaman”, dedi u. “Hozir ular hamma bilan Xudo haqida soʻzlashadilar. Avval ular oddiy yigitlar edi, hozir esa juda oʻzgarib ketishgan – hatto kechalarga ham borishmaydi”.

“Ulardan biri jiyani tugʻilganida bu hodisani nishonlash uchun restoranga borishdan bosh tortdi ... U oʻz oila aʼzolari bilan deyarli gaplashmay qoʻygan – chunki ularni notoʻgʻri yashayapti deb hisoblaydi”, dedi Zagransev.

Ekstremizm yollovchilarining qizlar bilash ishlash taktikasi bundan farqli, deydi u. “Ularni sevgi-muhabbat haqida soʻzlar bilan jalb qilib, soʻngra oʻz qarashlarini singdirish osonroq”.

Ota-onalar farzandlari duch keladigan tahdidlardan xavotirda ekanliklarini aytadilar.

Yoshlar giyohvand moddalar savdosi, jinoiy guruhlar va ekstremistik tashkilotlar xavfi oldida zaifdirlar, deydi maktab yoshidagi uch oʻgʻilning onasi, chimkentlik Almagul Shaykenova.

“Biz ular bilan oʻqishlari, muammolari, ularni oʻrab olgan muhit haqida koʻp gaplashamiz”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Farzandlarimning muloqot doirasi meni hammasidan ham koʻproq qiziqtiradi, sababi men bolalarim uchun jiddiy xavotirdaman”.

“Oilamiz dindor emas, farzandlarim ham oʻziga oʻxshaganlar bilan muloqot qiladi. Lekin, men OAVda terrorchilar faqat diniy qarashlarga tayanmasligi haqida oʻqigan edim”, dedi u.

“Shu bois biz erim bilan hushyorlikni yoʻqotmasdan, barchasini nazorat qilib turamiz. Oʻgʻillarimizni atayin sport toʻgaraklariga berdik, u yerda sogʻlom muhit, yaxshi trener bor. Oʻylaymanki, bu ularni jinoyat olamidan asrashga yordam beradi”, dedi Amangul.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500