http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/12/19/feature-01
| Biznes

Toshkentda fermer va tadbirkor ayollar uchun trening tashkil etildi

Jahon Banki

Issiqxonada mehnat qilayotgan o‘zbek fermeri, sanasiz surat. Jahon Banki o‘zbekistonlik ayollarga qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatga erishishga yordam bermoqda. (Jahon Banki)

TOSHKENT – Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatidan tashrif buyurgan qirqqa yaqin fermer va tadbirkor ayollar 12-17-dekabr kunlari Vestminster xalqaro universiteti tomonidan tashkillashtirilgan trening kurslarida qatnashdi.

Intensiv trening kursi fermer va tadbirkor ayollarning agrobiznes va bogʻdorchilik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan, deb xabar berdi dushanba (17-dekabr) kuni Jahon Banki.

Tadbir Jahon Banki tomonidan YIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Qo‘shma Shtatlar va Shveytsariya elchixonalari, O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, Toshkentdagi Vestminster universiteti va “Oazis” qishloq xo‘jaligi trening markazi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Farg‘ona vodiysining fermer va tadbirkor ayollari Toshkentdagi Vestminster universitetida o‘tkazilgan intensiv trening kurslarida ishtirok etishdi. Bu kurs agrobiznes va bog‘dorchilik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga mo‘ljallangan. (Jahon Banki/Facebook)

Olti kun davom etgan trening ayollar yaratgan startaplar, savdo-sotiq, intensiv bog‘ va issiqxonalar, tomchilab sug‘orish, zararkunandalar nazorati, qayta ishlash sanoati, oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavotlar eksporti hamda agrobiznesning boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan mavzularni ham o‘z ichiga oldi. Oʻquv modullari mahalliy va xalqaro biznes boshqaruvi hamda qishloq xo‘jaligining yetakchi amaliyotchilari va mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Kurs ishtirokchilari Jahon Banki qo‘llab-quvvatlagan Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi doirasida mahalliy banklardan kichik kredit olgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻldilar. Shu bilan birga, treningda namoyish etilgan videolavhalar orqali o‘z agrobiznes loyihalari haqida so‘zlab bergan Amerika va yevropalik tadbirkor ayollarning tajribasi bilan tanishdilar.

Oʻquv mashgʻulotlarining so‘nggi kuni fermer va tadbirkor ayollar, qishloqlarda tadbirkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy va xalqaro tashkilotlar a’zolari, davlat tashkilotlari rasmiylarini jamladi.

Tadbir ishtirokchilari tadbirkor ayollar tomonidan amalga oshirilayotgan agrobiznes loyihalarini moliyalashtirishdagi muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.

Ayollar imkoniyatlarini kengaytirish uchun ulkan salohiyat

“Hosildorlikni yaxshilash orqali millionlab odamlarni ish bilan ta’minlayotgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi iqtisodiy o‘sishni kuchaytirishda va chekka hududlarda bandlikni taʼminlash bo‘yicha muhim manba sifatida ulkan salohiyatga ega”, dedi Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha menejeri Hideki Mori kurs yakunida sertifikatlarni topshirish marosimida.

“Shu bilan birga, bu oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytiradi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshiradi”, dedi u.

“Bu o‘zgarishlarni ta’minlashda Jahon banki hukumatning qishloq xo‘jaligida paxta va bugʻdoy bilan bir qatorda, meva-sabzavotlar va chorvachilik kabi juda zarur mahsulotlarni diversifikatsiyalashini faol tarzda qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi Mori.

“Mamlakatning bog‘dorchilik sohasi chekka hududlarda yil davomida bandlikni ta’minlovchi muhim manba va ayollar uchun koʻplab ish joylari yaratib beradi”, dedi u. “Jahon Banki mamlakat bo‘ylab qishloqlardagi ayollarga imkoniyat yaratib berish va ularning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishda hukumat bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etadi.”

Bu trening kursi sinov loyihasi boʻldi – Jahon Banki yordamida O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham agrobiznes va bog‘dorchilikda fermer ayollarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida xuddi shunday tadbirlar o‘tkaziladi.

Jahon bankining moliyaviy yordami

Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan chorvachilik sohasini rivojlantirish loyihasi doirasida 20 nafar tadbirkor parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, sut mahsulotlari ishlab chiqarish, chorva mollarini ko‘paytirish uchun mahalliy banklardan 9 million AQSH dollari (74,8 milliard so‘m) miqdorida kichik kreditlar olishdi.

Shu bilan birga, Jahon Banki ko‘magidagi bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi doirasida 16 nafar ayol mahalliy banklardan jami 13 million AQSH dollariga (108 milliard so‘m) teng kichik kredit oldilar. Bu mablag‘lar issiqxonalar, intensiv bog‘lar, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlash kabi ishlarga investitsiya qilindi.

Jahon banki mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 3,3 milliard AQSH dollariga (27,4 trillion so‘m) teng 18 ta loyihani amalga oshirmoqda.

Ushbu loyihalar muhim makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq va suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va sanitariya, energetika, transport va shaharsozlik sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Ular mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish va O‘zbekiston aholisining turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

(Jahon banki guruhi oʻzining http://www.worldbank.org/terms sahifasida koʻrsatilgan shartlar asosida ushbu materialdan foydalanishga ruxsat beradi)

Sizga maqola yoqdimi?
5
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha