http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/01/10/feature-01
Facebook Rossiyaning 2020-yilda AQSHda boʻladigan saylovlarga aralashuv boʻyicha yangi urinishlariga toʻsiq qoʻydi
| Diplomatiya

Oʻzbekistonning 2019-yilgi tashqi siyosatida Afg‘oniston muhim oʻrinni egallaydi

Maksim Yeniseyev

image

O‘zbekiston temir yo‘llari ishchilari Farg‘ona vodiysidagi Qamchiq tunnelida relslar o‘rnatmoqdalar, tunnel 2016-yilda ochilgan. (O‘zbekiston temir yo‘llari)

image

Termiz shahrida joylashgan o‘quv markazidagi O‘zbekiston va Afg‘oniston talabalari, 2018-yilning may oyi. (O‘zbekiston milliy axborot agentligi)

image

2018-yil 19-noyabr kuni Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobus hadya qilindi. (O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi)

TOSHKENT – 2019-yilda Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi siyosatida ustuvor masala bo‘lib qoladi, deydi rasmiylar va tahlilchilar.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat ustuvor yo‘nalishlari belgilab bergan 28-dekabr kungi parlamentga murojaatida O‘zbekistonning Afg‘onistonda olib borayotgan yirik infratuzilma loyihalarini sanab o‘tdi va afg‘on urushini tugatishda yordam berish niyatida ekanligini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik va bardavom taraqqiyotni ta’minlashda Afg‘oniston muhim rol o‘ynaydi, dedi Mirziyoyev. Afg‘onistonni barqarorlashtirishning yagona yo‘li uning iqtisodini tiklashdir, deb qo‘shimcha qildi u.

“Mirziyoyev tashqi siyosat uchun ajratgan nutqining deyarli 90 foizini Afg‘onistonga bag‘ishladi”, dedi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xon Karvonsaroy nashriga.

image

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani (chapda) va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o‘ngda) 2017-yil dekabr oyida G‘anining Toshkentga tashrifi davomida. Uchrashuv davomida tomonlar Mozori Sharif va Xirot oʻrtasida temiryo‘l barpo etishga kelishib oldilar. (O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati)

“Bu O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi bilan munosabatarga jiddiy e’tibor qaratayotganidan darak beradi”, dedi u. “Prezident Kobul orqali temir yo‘l o‘tkazish masalasini koʻtargani muhim. Bu mintaqadagi butun logistika bozorini tubdan o‘zgartirib yuboradigan dadil loyihadir.”

Xon tilga olgan temiryo‘l O‘zbekiston Mozori Sharifdan Pokistonning Peshovarigacha qurishni rejalashtirayotgan temir yo‘lidir.

O‘tgan yil mart oyida Toshkent mezbonlik qilgan Afg‘onistonga oid xalqaro tinchlik anjumanida O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish niyatida ekanligini namoyish qilgan edi.

Ikki kun davom etgan tinchlik anjumanida 20 dan ortiq mamlakat va tashkilotlar, jumladan, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ishtirok etishdi.

Qo‘shma temiryo‘l loyihalari

2017-yil dekabrida O‘zbekistonning Toshkent shahrida G‘ani va Mirziyoyev Mozori Sharif va Hirot o‘rtasida temiryoʻl barpo etishga kelishuvni imzoladilar. Ayni damda O‘zbekiston tomonidan qurilgan Afg‘onistondagi yagona temir yo‘l O‘zbekistoning Hayratonidan Mozori Sharifgacha cho‘zilgan.

Rejadagi temir yo‘l O‘zbekiston qurgan yoʻnalishni uzaytiradi. Davlatlar hamon donorlarni izlamoqda, ammo O‘zbekiston o‘z hisobidan 500 million dollar (4,2 trillion so‘m) ajratishga tayyor.

O‘tgan yilning 15-17-may kunlari Mirziyoyevning Qo‘shma Shtatlarga qilgan rasmiy tashrifi chogʻida AQSH prezidenti Donald Tramp unga temiryo‘lni barpo etishda siyosiy va konsultativ yordamini taklif qildi.

Mirziyoyev “Afg‘onistondagi temiryo‘lni qurishda Qo‘shma Shtatlar hal qiluvchi ro‘l oynaydigan xalqaro moliyaviy tashkilotlaridan mablag‘ olish masalasini ko‘tardi”, deb xabar bergan Gazeta.uz nashri.

Mozori Sharif – Qobul – Peshovar yo‘nalishi

Hirotdagi temir yo‘lni yakunlashga mablag‘ ajratish muammosidan tashqari, O‘zbekiston bundan-da yirik loyiha – Mozori Sharifdan Pokistonning Peshovariga qadar boʻlgan temiryo‘l rejasini ko‘rib chiqishni boshladi.

3-4-dekabr kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘llari rahbarlari loyihani muhokama qilish uchun Toshkentga yigʻildilar.

O‘zbekiston temir yo‘llari rasmiylari loyihani “hech bir shubhasiz, tarixiy” deb nomladi.

Uchrashuvdan so‘ng tomonlar loyihani yakunlash maqsadida qoʻshma ishchi guruhi va moliyaviy konsortsium tuzish to‘g‘risida kelishuv imzoladilar.

Rejadagi temiryo‘l 573 kilometrga cho‘ziladi, u Hindikush togʻlaridan yettita tunnel orqali o‘tadi, deb aytilgan uchrashuv davomidagi muhokamada. Eng uzun tunnel 30 kilometrni tashkil qiladi.

Loyihaning taxminiy qiymati oshkor qilinmagan.

“Yangi elektrlashgan Mozori Sharif – Peshovar temir yo‘li savdoni kuchaytirib, Yevropa, Markaziy Osiyo, Pokiston, Hindiston va undan tashqaridagi davlatlar bilan Janubi-sharqiy Osiyo o‘rtasidagi eksport va import hajmini oshiradi”, dedi Toshkentdagi Tadqiqotlarni axborotlashtirish markazi rahbari Umidulla Ibragimov loyiha taqdimotida.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 28-noyabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan, Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan anjuman davomida G‘ani bilan uchrashuvi chogʻida Mozori Sharif – Peshovar temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tgan.

Temiryo‘l Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlaydigan Yevroosiyoning o‘zaro hamjihatligining bir qismiga aylanishi mumkin, dedi Kamilov.

CASA-1000 loyihasi va gumanitar yordam

Shu bilan birga, Kamilov Markaziy Osiyo Janubiy Osiyo elektr uzatish va savdo loyihasini (CASA-1000) ham tilga oldi.

2020-yilda tugallanishi nazarda tutilgan bu loyiha Qirg‘iziston va Tojikistondan qo‘shimcha elektr quvvatini Afg‘oniston va Pokistonga yetkazib beruvchi elektr uzatish liniyasi qurilishini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston bu loyihani qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekistonning Surxonidan Afg‘onistonning Puli Xumri shahrigacha uzatiladigan elektr uzatish liniyasini barpo etishni maqsad qilgan.

“Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasi O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni 70 foizga oshirish va bir yilda 6 milliard kilovatt elektr energiyasi yetkazish imkoniyatini beradi”, dedi Kamilov Jenevada. “Elektr uzatish liniyasi Kobulni Markaziy Osiyodagi yagona energiya tizimiga ulaydi.”

Shu bilan birga, Kamilov Afg‘oniston manfaatlari yoʻlida O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan gumanitar loyihalarini, jumladan O‘zbekistonning Termiz shahrida afg‘on fuqarolari uchun mo‘ljallangan ta’lim markazini va taqdim etilayotgan gumanitar yordamni ham ham tilga oldi.

So‘nggi xayrli tashabbuslardan biri 19-noyabr kuni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobusning Afg‘onistonga yetkazib berilishi bo‘ldi. Bu avtobuslardan Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi foydalanadi.

Sizga maqola yoqdimi?
2
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Haqiqatdan ham “USTUVOR”mikin? Saroyning tilanchilari qachondir tekshirilgan axborotni ham chop etishadimi??!!

Javob berish