Karvonsaroy
Tahlil

Rossiya G‘arbga nisbatan qarama-qarshilikni oqlash maqsadida sovet-afg‘on urushi tarixini qayta yozishga urinmoqda

Salaam Times va AFP

Oradan o‘ttiz yil o‘tib, sobiq afg‘on mujohidlari Afg‘onistonda Qizil armiya bilan urushgan kunlarini eslamoqdalar. 1989-yil, 15-fevral kuni sovetlar 14 mingdan ortiq qurbonlar bilan mamlakatni butunlay tark etdilar. (RATEB NURI, FARSHAD USYAN/AFPTV/AFP)

MOSKVA – Afg‘onistonning qonli istilosini Sovet hukumatining o‘zi ham qoralagan, ammo oradan 30 yil o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshchiligidagi hukumat bu operatsiyani ijobiy tomondan ko‘rmoqda.

SSSR islomiy jangchilarga qarshi kurashayotgan Kobulning qurollangan kommunist hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun deyarli o‘n yil davom etgan harbiy aralashuvdan keyin – 1989-yil 15-fevralda o‘zining so‘nggi harbiy bo‘linmalarini mamlakatdan olib chiqib ketdi.

Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachev tomonidan berilgan harbiy qismlarni olib chiqish buyrugʻi SSSR uchun sharmandali mag‘lubiyat bo‘lib, uning parchalanishiga sabab bo‘ldi.

1996-yilda Tolibonlar Kobulni egallab olishdi va besh yillik terror davri boshlandi.

Shoʻrolar davridan qolgan tank qoldiqlari ustida o‘tirgan afg‘on, 7-fevral kuni Panjshir viloyati Bazarak tumanida olingan surat. (Vakil Koxsar/AFP)

Shoʻrolar davridan qolgan tank qoldiqlari ustida o‘tirgan afg‘on, 7-fevral kuni Panjshir viloyati Bazarak tumanida olingan surat. (Vakil Koxsar/AFP)

Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hayratonda joylashgan Do‘stlik ko‘prigining Afg‘oniston tomonini qoʻriqlayotgan afg‘on chegarachilari, 9-fevral kuni Balx viloyatida olingan surat. 1989-yil 15-fevral kuni olomon o‘n yillik urushdan keyin mag‘lubiyatga uchragan sovet qoʻshinlarining Do‘stlik ko‘prigi ustidan Afg‘onistonni tark etishini kuzatmoqda. (Farshad Usyan/AFP)

Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hayratonda joylashgan Do‘stlik ko‘prigining Afg‘oniston tomonini qoʻriqlayotgan afg‘on chegarachilari, 9-fevral kuni Balx viloyatida olingan surat. 1989-yil 15-fevral kuni olomon o‘n yillik urushdan keyin mag‘lubiyatga uchragan sovet qoʻshinlarining Do‘stlik ko‘prigi ustidan Afg‘onistonni tark etishini kuzatmoqda. (Farshad Usyan/AFP)

Urushni “Komsomolskaya Pravda” gazetasi muxbiri sifatida yoritgan jurnalist Mixail Kojuxov so‘nggi rus askarlarlarining na xursandchilik va na xafagarchiliksiz davlatni tark etganini xotirladi.

“Askarlar faqat bir narsani – uyga eson-omon yetib borishni istar edilar”, dedi 62 yashar Kojuxov AFP nashriga.

Urushda 14 mingdan ortiq sovet askarlari va bir milliondan ortiq afg‘on halok bo‘lgan.

Vafot etgan sovet askarlari ichida 366 ta tojik va 1500 dan ortiq o‘zbek ham bor edi, deb xabar bergan ushbu davlatlar hukumatlari.

“Afg‘onistonga hujum fojiali va ma’nisiz harakat bo‘lgan”, deydi 1999-2000-yillarda Putinning matbuot kotibi boʻlib ishlagan Kojuxov.

“Rossiya sovet oʻtmishini qayta tiriltirmoqchi”

Bosqinchilik sovet jamoatchiligi tarafidan juda salbiy qabul qilingan va 1989-yilda Gorbachevning “glastnost” yoki oshkoralik siyosati avjiga chiqqan paytda rasmiy tanqidga ham uchragan.

Ammo bu tanqidlar hozirda veteranlar bosimi ostida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

2015-yilda Putin Sovet hukumati “haqiqiy tahdidga” qarshi turishga harakat qilganini aytar ekan, harbiy aralashuvni qo‘llab-quvvatlagan, ammo “koʻplab xatolar sodir bo‘lganini” tan olgan edi.

Yanvar oyi oxirlarida Rossiya parlamentining mudofaa qo‘mitasi Sovet askarlari Afg‘oniston hukumatiga “terrorchi va ekstremistik guruhlarga” qarshi kurashda yordam bergani haqidagi qaror loyihasini taklif etgan.

Qaror loyihasi hali to‘liq sessiyada ko‘rib chiqilishi lozim. Bu esa hukumatning tarixdagi ogʻriqli voqeaga qaytish niyati yoʻqligini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda Ga‘rb davlatlari bilan munosabatlar keskinlashar ekan, “Rossiya G‘arbga nisbatan yangi qarshilik amaliyotlarini oqlash maqsadida Sovet oʻtmishini qayta tiriltirmoqda”, deydi Rossiyaning “Memorial” inson huquqlari tashkilotining taʼsischi aʼzosi Irina Sherbakova.

Kremldagilar va ayrim veteranlar Afg‘onistonda AQSH harbiylarining hozir ekaniga diqqatni qaratib, tarixni o‘zgartirishga urinmoqdalar.

“Biz uzr so‘raydigan ish qilmadik”, deydi “Vzglyad” nomini olgan Kremlparast vebsaytning siyosat tahlilchisi Pyotr Akopov.

MDHning Afg‘oniston urushida qatnashgan sovet faxriylari uyushmasi raisi Aleksander Kovalyov ham shoʻrolar intervensiyasini oqlagan.

“Bizning qoʻshinlarimiz boʻlmaganida, amerikaliklar Moskvaga qarshi o‘z raketalarini joylashtirgan bo‘lar edilar”, dedi u.

Achchiq va yoqimli g‘alaba

Afg‘onistondagi Sovet askarlarining mag‘lubiyatidan ularga qarshi urushgan mujohidlar hanuzgacha faxrlanadilar.

“Ular Panjshir viloyatini to‘qqiz marotaba qo‘lga olishga harakat qilishdi va to‘qqiz marta mag‘lub bo‘lishdi”, deb eslaydi mujohidlardan biri. U hozirda politsiya qo‘mondoni ekanligi sababli ismi oshkor etilishini istamadi.

“Albatta boshqa davlatlar o‘z g‘alabalarini nishonlaganidek, biz ham buni bayram qilganmiz”, degan u AFP nashriga. “Ammo halok bo‘lganlarni ham xotirlayman. Ularni unutib boʻlmaydi.”

G‘alaba ham achchiq, ham yoqimli edi – u Afg‘onistondan qirq yil davomida tobora uzoqlashib borayotgan davomli tinchlikni qaytara olmadi.

“Ruslar ketganidan soʻng, biz aniq tinchlik oʻrnatiladi deb o‘ylagan edik. Ammo qo‘shnilarimiz va mintaqadagi qudratli davlatlarning bundan farqli boshqa rejalari bor edi”, deydi mujohidlar safiga qo‘shilgan vaqtda 14 yosh boʻlgan, hozirda 52 yashar Valiy Muhammad.

“Biz bir dushman ketganidan hursand edik, ammo urush hali tugamaganini ham tushunardik”, dedi AFP nashriga yana bir mujohid kurashchilardan biri Abdul Karim. U Panjshir viloyatida Qizil armiya mag‘lubiyatga uchraganida yosh mujohid bo‘lgan.

Jarlik qiyasida ruslarning zanglagan harbiy mashinasi yarmi qorga botgan, unda “Yashasin Afg‘oniston. Tolibonlarga o‘lim”, deb yozib qo‘yilgan.

Shafqatsiz jangchilar va tabiiy mudofaaga ega Panjshir viloyati Afg‘oniston bo‘ylab o‘tgan ruslar bosqinidan keyin eng osoyishta viloyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shafqatsiz meros

Ko‘pchilik AQSH hukumati Afg‘oniston va Tolibonlar o‘rtasida sulh tuzishga harakat qilishi bilan tarixning takrorlanishi mumkinligidan xavotirga tushmoqda.

Mujohidlar dushman ketganidan keyin qat’iy reja bo‘lmasa, “zo‘ravonlik yanada yomonroq holatda yuzaga kelishi mumkinligini” tushunar edilar, dedi Xalqaro inqiroz guruhi tashkilotining afg‘on munosabatlari bo‘yicha maslahatchisi Graem Smit.

“Ular 1999-yil boshidagi qonli fuqarolik urushini yaxshi eslaydilar va uning takrorlanishini istamaydilar”, dedi u AFP nashriga.

Sobiq mujohid askari Muhammad Mirzo yo‘l yoqasida qolgan rus tanki ustida o‘tirib, yengilgan sho‘rolardan qolgan qonli xotiralarni hasrat bilan esga oldi.

“Ular ketgan kun biz uchun ham xursandchilik, ham qayg‘uli bo‘lgan”, dedi u AFP nashriga. “Yana shunday vaziyat yuz berishidan qo‘rqamiz.”

Afg‘onistondagi sulh masalasi bo‘yicha AQSH maxsus vakili Zalmay Xalilzodning qayta-qayta ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonning jihodchilar uchun boshpanaga aylanmasligini taʼminlaydigan kuch mexanizmini yaratmasdan ketmaydi.

“Biz uzoq istiqbolda Afg‘onistonni butunlay suveren va mustaqil davlat sifatida ko‘ramiz”, dedi u 8-fevral kuni Vashingtonda. “Agar ular xorijiy askarlar bo‘lishini istamasalar, biz istalmagan joyda qolmaymiz, ammo Afg‘oniston tarafidan milliy xavfsizligimizga tahdid bo‘lmasligi ta’minlanishi kerak.”

“Bu ogohlantiruvchi belgi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Afgʻonlar oʻz xalqining genotsidi uchun Moskva qancha toʻlashi kerakligini koʻrsatib qoʻyishdi

Javob berish

Bu qanday ahmoqona gap??? Afgʻonistonda hukumat agʻdarilganidan keyin ular SSSR tarafga, aniqrogʻi Tojikiston, Oʻzbekiston tomonga yurish qilgan boʻlar edilar. Nega hech kim AQSH istilosi haqida gapirmaydi? Ular u yerda 17 yildan beri bor, nima qilishyapti? Odam oʻldirishyapti, kasalxona va bogʻchalarni portlatishyapti, keyin esa adashdik deb turishibdi. SSSR maktablar, yoʻllar qurgan. Ular dushmanlarga qarshi jang qilishgan. Tarix asta-sekin unutilib bormoqda

Javob berish

Sovetlar o‘n yil davomida Afg‘onistonda afg‘onlar bilan jang qildi, u yerda 15 mingga yaqin odam nobud bo‘ldi, keyin esa dumini qisib sharmandalik bilan chiqib ketdi.

Javob berish

Agar obyektiv qaralsa, Afg‘onistondagi nizoni sharmandali urush deb boʻlmaydi. Nimasi isnod? Qochishmi? U holda AQSH NATOlik og‘aynilari bilan Afg‘onistonda ikki marta isnodga uchragan, birinchisi nafaqat sharmandali boʻlgan, balki uzoq muddat ham davom etgan. Operatsiyalar davomidagi xatoliklarni tushunsa bo‘ladi... Buni hisobga olmaylik, sababi SSSR ham, AQSH ham xato qilgan. Afg‘onistonda AQSH harbiy hozir bo‘lgan vaqtda AQSHning o‘zida narkotik moddalar aylanmasi kuchaygani Afg‘onistondagi harbiy hozirlikning haqiqiy sabablari haqida jiddiy o‘ylanishga sabab bo‘ladi. AQSHning manfaatini rasman ifodalayotgan muallif yana bir narsani unutgan. SSSR Afg‘onistonda operatsiya olib borayotgan vaqtda Qo‘shma Shtatlar qarshi tomonga harbiy yordam ko‘rsatgan. AQSHning Afgʻonistondagi operatsiyasi davomida esa Rossiya bunday qilmagan, hech bo‘lmaganda bu narsa kuzatilmagan.

Javob berish