http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/02/26/feature-01
| Diplomatiya

Sovetlar Afg‘onistonga kirgani uchun Rossiya tovon to‘lashi kerakligi haqidagi chaqiriqlar kuchaymoqda

Umar

Rossiya Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashish va Tolibonlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga afg‘onistonliklarga tovon puli to‘lashi kerak, deydi mahalliy rasmiylar va tahlilchilar. (Umar)

HIRAT – Shu oy boshida Tolibonlar vakili va afg‘on muxolifati siyosatchilari o‘rtasida Moskvada oʻtgan bahsli uchrashuvdan soʻng, jamoatchilik Rossiyani Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.

Hozirda ba’zi afg‘on yetakchilari va jamoatchilik faollari Rossiyadan 40 yil avval SSSR Afg‘onistonni bosib olgani uchun tovon to‘lashni talab qilmoqdalar.

Zararni qoplash chaqiriqlari

Sobiq Sovet Ittifoqi millionlab afg‘onlarni o‘ldirdi va yaraladi, SSSRning davomchisi boʻlgan Rossiya esa sovet askarlarining Afg‘onistonga yetkazgan talafoti uchun kompensatsiya to‘lashi kerak, dedi Hirot hokimi Abdulqayum Rahimiy 15-fevral kuni o‘tkazilgan yillik marosimda. Shu kuni Afg‘onistonda SSSRning mamlakatdan mag‘lub bo‘lib chiqib ketgani nishonlanadi.

Hirot hokimiyati rasmiylari 15-fevral kuni 1979-yil mart oyida Afg‘onistonning kommunistik hukumatiga qarshi qo‘zg‘olonda halok bo‘lgan afg‘onistonliklar qabriga qoʻyilgan gulchambar oldida fotiha qilmoqdalar. Ushbu voqeadan 9 oy o‘tib, Sovet Ittifoqi Afg‘onistonni bosib olgandi. (Umar)

Shayx Abdulloh nomi bilan tanilgan sobiq sovet askari Hakimov 1979-yildagi sovetlar hujumi va 15-fevral Hirotda afg‘onistonliklar qarshiligini aks ettiruvchi Jihod (Manzar-i Jahad) muzeyida. (Umar)

5-6-fevral kunlari Moskvada o‘tkazilgan muzokaralar bitmagan yaralarni yangiladi, dedi u.

“Afg‘onistonni qora kunlarga qaytarish maqsadida Moskvaga borganlar Rossiya Afg‘onistonda keltirib chiqargan urush uchun tovon to‘lamanganini, ular sabab bo‘lgan noxushliklar va og‘riq tugab bitmaganini bilib qoʻysinlar”, dedi u Salaam Times nashriga.

Moskvada muzokara o‘tkazganlarga Afg‘onistonda, afg‘on xalqi orasida joy yo‘q”, dedi u. “Biz Rossiya Federatsiyasini terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ular o‘ldirgan bir million hamda yaralagan boshqa bir million odamlar bilan muzokara qilishi kerak deymiz.”

“Rossiya Afg‘onistonni vayron qiluvchi Tolibonlarni qurollantirgandan ko‘ra, biz uchun yo‘llar va universitetlar qurib bersin”, dedi Rahimiy.

Hokimning tovon puli talab qilishiga sovetlarning Afg‘onistonni istilo qilganidan aziyat chekkanlar ham qo‘shilmoqda.

“Biz muzokara o‘tkazib, Rossiyadan urush uchun tovon puli so‘rash boʻyicha bir to‘xtamga kelishimiz kerak”, dedi hirotlik siyosiy tahlilchi Abdul Qodir Komil.

“Afg‘oniston hukumati huquqlarimizning tiklanishi uchun bu talabni siyosiy va diplomatik kanallar orqali BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) xavfsizlik kengashiga yuborishi kerak”, dedi u Salaam Times nashriga.

“Afg‘onistonning saylangan hukumati Rossiyadan urush uchun tovon puli olish boʻyicha bir qarorga kelishi lozim”, dedi u. “Xalq va parlament ham bu ishda koʻmaklashishi zarur.”

“Agar Rossiya Afg‘onistonning kompensatsiyaga oid talabini rad etsa, u holda afg‘on hukumati bu masala bo‘yicha BMT xavfsizlik kengashiga rasmiy arznoma taqdim etishi kerak”, dedi Komil.

Ruslarning afg‘onlarga qarshi “shafqatsizliklari”

So‘nggi 40 yil ichida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan noxushliklar ortida Rossiya turibdi, dedi Hirotning Zindajon tumanida yashovchi Sibg‘atulla Habibiy. Uning amakisi sobiq Sovet Ittifoqi bilan urushda halok bo‘lgan.

“Afg‘onistondagi barcha musibatlarga Sovet Ittifoqi sababchi”, dedi u Salaam Times nashriga. “Sovet askarlari samolyotlari va tanklari bilan ayollar, erkak va bolalarni yo‘q qilgan”. Afg‘onistonliklar “bu vahshiyliklarni unutmaydilar”.

“Qishlog‘imizda, o‘nlab yoshlar, erkaklar va ayollar sovet armiyasi tomonidan qirg‘in qilingan, oilalar ota-onasiz qolib ketdi”, dedi u sovetlar tomonidan o‘ldirilgan katta yoshlilarni nazarda tutib. “Afg‘oniston hukumati va xalqaro hamjamiyat Rossiyadan ular nima uchun begunoh afg‘onlarni o‘ldirganini so‘rashi kerak.”

“Afg‘onistondagi hamma joyda Rossiyaning vahshiyligi belgilari bor”, dedi hirotlik 29 yashar Muhsin Karimiy.

Afg‘onistondagi urush va vayrongarchilikka Rossiya sababchi”, deydi u Salaam Times nashri bilan suhbatda. “Bu urush Sovet Ittifoqi bosqinchiligidan keyin ham davom etdi.”

Sobiq mujohidlar “qotillarimizdan tinchlik istashga” uyalishlari kerak, dedi u Moskvadagi muzokarani nazarda tutib.

O‘tmishdagi xatolarni takrorlab

Afg‘oniston istilosi “xato” bo‘lgan, deydi 56 yashar sobiq sovet askari Hakimov. U 33 yil oldin mujohidlar tomonidan yaralanib qo‘lga olingan edi.

“Men Moskvada tug‘ilganman va Afg‘onistonda mujohidlarga qarshi uch yil urushda qatnashganman”, dedi u Salaam Times nashriga. U razvedka ma’lumotlarini to‘plagani va urush maydonda jang qilganini qo‘shimcha qildi.

U keyinchalik islom dinini qabul qilgan boʻlib, hozirda Hirotdagi Jihod muzeyida qo‘riqchilik qiladi. Hanuzgacha shu yerda yashaydi.

“Sovetlarning Afg‘onistondagi istilosi xato bo‘lgan, ular kelishini xohlamagandik”, dedi u Salaam Times nashriga. “Endi esa Rossiya o‘z manfaatlari va chegaralari xavfsizligini taʼminlash yoʻlida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatmoqchi.”

Rossiya “Afg‘onistonda achchiq tajribani boshdan oʻtkazgan, ammo Qo‘shma Shtatlar bilan raqobat sababli Afg‘onistondagi doiralar orqali ba’zi ishlarga aralashmoqchi”, dedi hirotlik siyosiy tahlilchi Muhammad Rafiq Sahir.

“Rossiya Afg‘onistonda siyosiy maqsadlariga erishish uchun juda kam imkoniyatga ega”, dedi u Salaam Times nashriga. “Rossiya Afg‘onistonda ijobiy imidjga ega emas, shu sabab u hal qiluvchi ovozga ega bo‘la olmaydi.”

Hirotdagi fuqarolik jamiyati faoli Said Ashraf Sadaatning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiyaning so‘nggi xatti-harakatlari uning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashayotganini koʻrsatmoqda”.

Rossiya Sovet Ittifoqini qayta tiklashga urinmoqda, u mamlakatimiz va xalqimiz kelajagiga oid ishlarga aralashmoqda”, dedi u Salaat Times bilan suhbatda. “U AQSH va Gʻarb mamlakatlarining Afgʻonistondagi manfaatlarini yoʻq qilish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qiladi.”

Sizga maqola yoqdimi?
54
Yo‘q
Fikrlar 12
Siyosat
Captcha
| 2019-03-13

Maqolada Rossiya yo‘llar, universitetlar qursa yaxshiroq bo‘lar edi, degan joyi bor ekan. Ular SSSRning yo‘llar, maktablar, shifoxonalar qurgani, universitetlarida ta’lim olishgani eslaridan chiqdimi. SSSRning harbiy izlari ustidan allaqachon AQSH bombardimon qilib bo‘ldi.

Javob berish
| 2019-03-14

Yana afg‘onistonlik zoti buzuqlarni pioner lagerlariga olib borganmiz... Nima uchundir o‘ldirmaganmiz...

Javob berish
| 2019-03-06

Rossiya qo‘llab-quvvatlash emas, murosaga keltirmoqchi edi, shu yerda adashdilaring!!! Haqiqat egiladi, ammo sinmaydi, Karvonsaroy!!! Shayton malaylari!!! (((

Javob berish
| 2019-03-06

Dahshat-ku, hammasi teskari! Amerika hozirgi okkupatsiyasi bilan u yerda (Afgʻonistonda) nima quryapti?! Narkotrafik 40 barobarga oshdi!!! Oʻsha vaqtlarda Sovet muhandislari juda koʻp narsalar qurgan edilar! 29 yashar yigit urush haqida nimaniyam bilsin?! Hoy muharrirlar, bu igʻvolaring ish bermadi!

Javob berish
| 2019-03-05

Boshlagan urushi uchun Rossiyaga milliardlik tovon to‘latish kerak

Javob berish
| 2019-03-03

Hammasiga Rossiya aybdor emish, jinnilikni bas qilinglar, afgʻon jamiyatining oʻzi aybdor.

Javob berish
| 2019-03-02

Men Novgorodlikman, taxminan 500 yil avval, Ivan Grozniy davrida Novgorod oʻrislar tomonidan bosib olingan, 500 yil uchun menga tovon puli toʻlanadimi?

Javob berish
| 2019-03-02

Hozir u yerda amerikoslar-ku, oʻshalardan talab qilishsin

Javob berish
| 2019-03-01

Rossiya to‘lashi kerak.
Unga nisbatan sanksiyalar joriy qilish kerak.

Javob berish
| 2019-02-28

Barakalla afg‘onlar. O‘rislar genotsid uchun tovon to‘lashi kerak

Javob berish
| 2019-02-27

Turkiston (Markaziy Osiyo) mamlakatlari Kavkazorti, Ukraina, Boltiqboʻyi, Polsha, Finlandiya, RF tarkibidagi Shimoliy Kavkaz, Tatariston, Boshqirdistonlar oʻz xalqlariga yetkazilgan ziyon, qotilliklar va harbiy jinoyatlar uchun Rossiyadan qachon tovon puli talab qilishar ekan?

Javob berish
| 2019-02-26

Rossiya Tolibonni qoʻllab-quvvatlaydi, chunki u terrorga homiylik qiluvchi davlat.

Javob berish