http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/03/04/feature-01
| Xavfsizlik

AQSH va Qozog‘iston yadroviy materiallar kontrabandasiga qarshi qo‘shma treninglar o‘tkazadi

Aydar Ashimov

image

O‘tgan yil noyabr oyida Olmaotada oʻtkazilgan yadroviy materiallarning himoya tizimiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oʻquv kursi qatnashchilari. (Qozog‘iston yadro fizikasi instituti)

OSTONA – AQSH Mudofaa vazirligi Qozog‘iston hukumati bilan birgalikda terrorchilik hujumida qoʻllanilishi mumkin bo‘lgan yadroviy va radioaktiv materiallar kontrabandasiga qarshi kurashuvchi xavfsizlik kuchlarini tayyorlash boʻyicha ish olib bormoqda.

21-25-yanvar kunlari AQSH mudofaa vazirligining tahdidlarni kamaytirish agentligi (DTRA) global yadroviy xavfsizlik dasturi doirasida Qozog‘iston milliy gvardiyasi a’zolari uchun trening tashkil etdi. Bu haqda tadbirga mezbonlik qilgan Qozog‘iston yadro fizikasi instituti o‘z veb-saytida xabar berdi.

Mashqlar “Yadroviy xavfsizlik bilan bogʻliq voqea-hodisalarga javob qaytarish kurslari” deb nomlandi.

Kurslardan koʻzlangan maqsad, xavfsizlik kuchlarining noxush hodisalar va avariyalar chogʻida qanday harakat qilishi, bunday hodisalar ro‘y bergan vaqtda yadroviy inshootlarda qo‘llaniladigan ko‘nikma va taktikalarni ishlab chiqish, deb xabar beradi institut.

image

AQSH markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) qo‘mondoni, general Jozef Votel boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi, 2018-yil 14-may kuni Ostonada xavfsizlik va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularning xavfsizligi masalasiga bag‘ishlangan ishchi tashrif chogʻida olingan surat. (Qozog‘istondagi AQSH elchixonasi)

image

Qozog‘iston yadro fizikasi instituti mutaxassislari va AQSHning yadro xavfsizligi boʻyicha milliy boshqarmasi vakillari o‘tgan yil 12-noyabrda Olmaotada oʻtkazilgan ishchi uchrashuvda. (Qozog‘iston yadro fizikasi instituti)

Oʻquv kurslari doirasida “amerikalik yoʻriqchilar tomonidan Qozog‘iston milliy gvardiyasi harbiy bo‘linmalari uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlar olib borildi”, deyiladi xabarda.

Uzoq muddatli hamkorlik

O‘tgan yil noyabr oyida Yadro fizikasi instituti mutaxassislari va AQSH Energetika vazirligining milliy yadroviy xavfsizlik boshqarmasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar yadroviy moddalar kontrabandasiga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma mashgʻulotlar o‘tkazish, shu bilan birga, Qozog‘sitonda yadroviy sud ekspertizasini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, deyiladi bayonotda.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasida yadroviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik anchadan beri davom etmoqda”, dedi uralsklik siyosatshunos Yevgeniy Kryuchkov Karvonsaroy nashriga.

2006-yilda AQSH va Qozogʻiston oʻrtasida mamlakatimizning yadro kontrabandasiga qarshi kurash salohiyatini kuchayitirishga oid maqsadli kelishuv imzolangan edi. Oʻtgan yillar davomida qozogʻistonlik ekspertlarni tayyorlash, tajriba almashish va texnik taʼminot borasida salmoqli ishlar qilindi”, dedi u.

Yadro kontrabandasiga qarshi kurash choralari “bunday moddalarning chegaradan olib oʻtilishini aniqlash va oldini olish, shuningdek, bu kabi holatlarga oʻz vaqtida va munosib chora koʻrishga qaratilgan”, dedi u.

“Mamlakatlarimiz uchun bu hamkorlik juda muhim”, dedi u. “Biz jumladan, teraktlar sodir etishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan yadroviy va radioaktiv materiallarning jinoyatchilar qoʻliga tushmasligidan birdek manfaatdormiz.”

Sovet davrining yadroviy sinovlari

Yadroviy va radioaktiv xavflar, shuningdek, yadro sinovlarining oqibatlari Qozogʻistonga yaxshi tanish – 1949-yilda mamlakat shimoli-sharqida sovet hukumati Semipalatinsk yadro sinovlari poligonini barpo etgan edi.

Shu yilning yanvar oyi oxirida parlament quyi palatasi deputatlari va Semey (hozirgi nomi Semipalatinsk) shahri jamoat arboblari Ostonada uchrashib, Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlarning mahalliy aholiga taʼsirini muhokama qilganlar. Bu haqda “Kursiv” gazetasi xabar bergan.

Shaharda yashovchi aholi 1989-yilda yopilgan sinov markazi yonida qoʻrquv ostida kechgan hayotlarini yodga oldilar. 40 yil ichida u yerda 460 marotaba yadroviy portlashlar amalga oshirilgan.

“Portlashlar vaqtida yer silkinishi sezilar, bolalar qoʻrquvga tushar edilar”, deydi ushbu hududda yashagan Bekzat Kusainov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Mustaqillikka erishganidan soʻng, Qozogʻiston ixtiyoriy ravishda yadroviy quroldan voz kechdi va bugungi kunda yadroviy xavfsizlik tarafdori hisoblanadi. Shunday boʻlsa-da, sovet hukumatining poligonda amalga oshirgan xatti-harakatlari oʻchmas iz qoldirgan, dedi Kusainov.

“Men sovet hukumati Semipalatinsk viloyatidagi mahalliy aholiga masʻuliyatsizlarcha munosabatda boʻlgan, deb hisoblayman. Odamlar kasallanar va nurlanish taʼsirida ekanliklarini bilmas edilar”, dedi Bekzat Kusainov.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha