Karvonsaroy
Terrorizm

Rossiya yashirishga uringan Suriyadagi hujumda xlorin gazi qoʻllangani tasdiqlandi

AFP

2018-yilning 22-yanvar kuni isyonchilar nazoratidagi Duma shahrida sodir etilgan gaz hujumidan soʻng, muvaqqat gospitalda gʻodakning yuziga kislorod niqobini tutib turgan suriyalik bolakay. (Hasan Muhammad/AFP)

2018-yilning 22-yanvar kuni isyonchilar nazoratidagi Duma shahrida sodir etilgan gaz hujumidan soʻng, muvaqqat gospitalda gʻodakning yuziga kislorod niqobini tutib turgan suriyalik bolakay. (Hasan Muhammad/AFP)

HAAGA, Niderlandiya – O‘tgan hafta Kimyoviy qurollarni nazorat qilish tashkiloti Suriyaning muxolifatchilar nazorati ostidagi Duma shahrida sodir etilgan 2018-yilgi hujumda xlor gazi ishga solinganini tasdiqladi. Bu halokatli hujum borasidagi uzoq kutilgan hisobot boʻldi.

Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotining (KQTT) hisoboti ommaviy qirgʻin yuz bergan joyga inspektorlarning tashrifi asosida tayyorlangan. Guvohlar hujum natijasida 43 kishi halok boʻlganini aytganlar.

Xalqaro hamjamiyatning katta qismi voqeada Suriya prezidenti Bashar Asadni ayblab, javob tariqasida harbiy obyektlarga havodan zarbalar bergan edi.

Asadni qoʻllayotgan Rossiya esa hujumni bosti-bosti qilishga urinib, KQTT hisobotini rad etgan va ushbu vahshiylik “Oq dubulgʻalilar“ deb nomlanuvchi koʻngilli qutqaruvchilar tomonidan “sahnalashtirilganini” iddao qilgandi.

2018-yilning 22-yanvar kuni Suriya rejimi kuchlari tarafidan isyonchilar nazoratidagi Duma shahri tomon uchirilgani xabar qilingan boʻsh raketa. (Hasan Muhammad/AFP)

2018-yilning 22-yanvar kuni Suriya rejimi kuchlari tarafidan isyonchilar nazoratidagi Duma shahri tomon uchirilgani xabar qilingan boʻsh raketa. (Hasan Muhammad/AFP)

Haagada joylashgan tashkilot xabariga ko‘ra, shahardagi ko‘p qavatli binoga tarkibida xlor mavjud ekani taxmin qilingan ikkita gaz balloni tushgan.

“2018-yil 7-aprelda zaharli kimyoviy moddalardan qurol sifatida foydalanilgan, degan xulosaga kelish uchun salmoqli asoslar mavjud”, deb aytgan KQTT o‘z bayonotida. “Bu toksik kimyoviy modda tarkibida reaktiv xlor bo‘lgan.”

Hujjatga ko‘ra, KQTT Dumada asab tizimiga taʼsir qiluvchi moddalar qoldiqlarini topmagan. Ayrim nizolashuvchi tomonlar ayni shu moddadan foydalanilganini taxmin qilgan edilar.

To‘plangan ma’lumotlar o‘tgan yil iyul oyida KQTTning xlor izlari topilgani haqidagi orqali hisobotini tasdiqlagan.

Hisobotda kimningdir javobgar ekanligini belgilanmagan, sababi o‘sha vaqtda bu KQTTvakolatiga kirmas edi. Shunday bo‘lsa-da, guruhga Suriyada 2014-yilgacha ro‘y bergan barcha kimyoviy hujumlar aybdorlarini topish uchun tergov qilish huquqi berilgan.

“Sahnalashtirilgan ig‘vo”

Moskva doimiy ravishda kimyoviy qurollardan foydalanganlik holatini tergov qilishga to‘sqinlik qilib, aybni boshqa tomonga agʻdarish va dezinformatsiya tarqatishga urinib keldi. Noyabr oyida Rossiya tashkilotning 2019-yilgi byudjetiga ovoz berishga chaqirish orqali KQTTning harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilashdek yangi vakolatlarini to‘xtatishga urindi.

KQTT hisobotiga javoban Moskva rasmiy Damashqning o‘z xalqini qirg‘in qilish harakatlarini yashirishga urindi.

“Duma hodisasi “Oq dubulg‘alilar” tomonidan sahnalashtirgan ig‘vodan boshqa narsa emas”, deb xabar yozgan Haagadagi Rossiya elchixonasi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant 2013-yilda Suriya barcha kimyoviy qurollarni yo‘q qilish va’dasida turishi kerakligi aytgan. O‘shanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) asab tizimiga ta’sir etuvchi zarin gazi tufayli Damashq yaqinidagi G‘uta shahrida 1400 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

“Bugun KQTT (@OPCW) tomonidan 2018-yil aprel oyida Suriyaning Duma shahrida kimyoviy quroldan foydalanilgani tasdiqlandi. Asad rejimi buni tan olishi va kimyoviy qurol dasturini yo‘q qilishi shart. Qurbonlar uchun adolatni qaror toptirish choralariga sodiq qolamiz”, deb yozgan Xant Twitter sahifasida.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian bu fikrlarni takrorlab, “Suriya rejimini kimyoviy qurollardan foydalanishni to‘xtatishga va bunday xatti-harakatlar aybdorlarini jazolashga” chaqirgan.

Rossiya va Suriya bir necha hafta davomida hujum sodir bo‘lgan hududga kirish imkoniyatini toʻsib qoʻyganidan soʻng, KQTT tergovchilari guruhi Dumaga kirishga imkon bo‘lishi bilan u yerdagi yettita hududdan 100dan ortiq namunalar olishgan.

KQTT “guvohlarning” ko‘rsatmalari, atrof-muhit va biotibbiy namunalar tahlili natijalari, shu bilan birga, mutaxassislarning toksikologik hamda ballistik tahlillariga asoslanib xulosa chiqargan.

Hisobotda “siqilgan gaz uchun mo‘ljallangan sariq rangdagi ikkita sanoat silindri” topilgani, ulardan biri ko‘p qavatli bino ustiga tushgani va uni buzib o‘tgani aytiladi.

Unga ko‘ra, “silindrlar tarkibida kimyoviy faol xlor mavjud moddalar manbai bo‘lishi mumkin”.

Suriya rejimining da’volari rad etildi

KQTT xabariga ko‘ra, guvohlar “taxminiy kimyoviy hujumda 43 ta inson halok bo‘lgani, ularning ko‘pchiligi ko‘p qavatli binoning xonalari polida va bino to‘g‘risida yotgani video va fotosuratlarda koʻringanini” aytganlar.

Videoda “nafas olish yo‘llariga ta’sir ko‘rsatuvchi modda yoki toksik modda ta’siri” yaqqol ko‘rinadi va ko‘zlarning kuyishi, og‘izning ko‘pirishini ham ko‘rish mumkin, ammo ularning hech biri ma’lum bir modda ta’sirida yuz berganini bog‘lab bo‘lmaydi, deyiladi hisobotda.

Tashkilot Suriya rejimi da’volarini rad etdi, unga ko‘ra gaz hududdagi isyonchilarning kimyoviy qurollar inshooti va omborxonasidan olingan.

“Kimyoviy qurol ishlab chiqarilishi gumon qilingan omborxona va inshootni koʻzdan kechirish chogʻida to‘plangan ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, ikki inshoot ham ishlab chiqarishda qo‘llanilgani haqida hech qanday belgilar bo‘lmagan”, deyiladi hujjatda.

Hisobot BMT xavfsizlik kengashiga yuboriladi.

KQTT sakkiz yil davom etgan Suriya fuqarolar urushi davomida qo‘llanilgan kimyoviy hujumlarni tergov qilishda eng avvalgi qatorda turibdi. Tergovchilar boshqa vaziyatlarda “xlor, oltingugurtli xantal va zarin gazlaridan kimyoviy qurol sifatida” qo‘llanilganini tasdiqlaganlar.

Ammo tashkilot, ayniqsa, unga ayblash huquqi berilganidan keyin, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ixtiloflar orasida qolib ketdi.

Gʻarb 2018-yilda Angliyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq josusni asab tizimini falajlovchi modda bilan o‘ldirishga urinish bilan bogʻliq masʼuliyatni Moskva zimmasiga yukladi. Bu o‘z navbatida zaharlash bilan bog‘liq gumonlarni yanada kuchaytirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya va Xitoy gʻarib davlatlar va kichik davlatlar uchun qamoqxona.

Javob berish

Bu maqola yolgʻon

Javob berish

Oshna, sening gaplaring emas, bu maqola soxta ekanligiga dalillar qani? Bir gap bilan aytganda kremlbot.

Javob berish

Rossiyaga sanksiyalar bilan shunday zarba berilsinki, tishlari to‘kilib tushsin

Javob berish