Karvonsaroy
Atrof muhit

Jahon banki Tojikistonga toza ichimlik suvi loyihasi uchun 58 mln. AQSH dollari ajratadi

Jahon banki

28-fevral kuni Jahon banki Tojikistonda yaxshilangan suv taʼminoti va sanitariya xizmatlaridan foydalanishni taʼminlashga oid loyihani moliyalashtirishni maʼqulladi. Sanasiz suratda: Xatlon viloyati yashovchi mahalliy aholi vakillari. (Jahon banki)

28-fevral kuni Jahon banki Tojikistonda yaxshilangan suv taʼminoti va sanitariya xizmatlaridan foydalanishni taʼminlashga oid loyihani moliyalashtirishni maʼqulladi. Sanasiz suratda: Xatlon viloyati yashovchi mahalliy aholi vakillari. (Jahon banki)

DUSHANBE – Jahon bankining qishloqlarni toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan taʼminlash loyihasi doirasida janubiy Tojikistonning eng nochor tumanlaridagi uy xoʻjaliklari, maktablar va tibbiyot muassasalari yaxshilangan suv taʼminoti va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi.

Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi 28-fevral kuni loyiha uchun Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hisobidan 58 million AQSH dollari (550 million somoniy) ajratishni maʼqulladi, deb xabar berdi Jahon bankining Tojikistondagi idorasi.

“Xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya – mamlakatda eng notekis taqsimlangan xizmatlardandir”, deb aytgan Jahon bakining Tojikiston boʻyicha menejeri Yan Peter-Olters oʻz bayonotida.

“Yuqori sifatli ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya xizmatlari uchun investitsiyalar ajratish, shu bilan bir qatorda, tegishli inshootlarga munosib texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlash aholi salomatligini muhofaza qilishga va yosh bolalarda jismoniy va aqliy rivojlanishning sekinlashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan diareya holatlarining oldini olishga yordam beradi”, dedi u.

Qishloqlardagi ogʻir ahvol

Yaqinda oʻtkazilgan taqdiqotga koʻra, 2016-yilda Tojikiston qishloqlaridagi uy xoʻjaliklarining 36 foizigina xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega boʻlgan, shaharlarda esa bu koʻrsatkich 87 foizni tashkil etgan. Maʼlumotlarga koʻra, qishloq aholisining 20 foizdan koʻprogʻi yerusti suvlaridan asosiy ichimlik suvi sifatida foydalanadi.

Har toʻrt xonadonning uchtasida suv yigʻish uchun xotin-qizlarning yakka oʻzi javobgar boʻlib, bu ogʻir jismoniy mehnat ularning ishi yoki oʻqishi hisobidan amalga oshirilishi maʼlum boʻldi.

Qishloq maktablarining koʻpchilida sanitariya-gigiyena ehtiyojlarini qondirish uchun mablagʻ mavjud emas, shu sabab suv taʼminoti va sanitariya obyektlariga yetarlicha xizmat koʻrsatilmaydi. Qishloq maktablarining yarmigagina suv quvurlari tortilgan. Qariyb 60 foiz maktablarda usti yopiq oʻralardan hojatxona sifatida foydalaniladi.

Qishloqlarni toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan taʼminlash loyihasi doirasida 400 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, 100 mingga yaqini (asosan bolalar) esa sanitariya sohasiga kiritilgan investitsiyalar va maktablarda gigiyena qoidalarni oʻrgatish dasturidan foyda ko‘radi. 200 ta maktab va tibbiyot muassasalarida sanitar-texnik inshootlar quriladi, mavjudlari esa taʼmirlanadi.

Gigiyena qoidalariga oʻrgatish

Dastur doirasida UNICEF hamda Tojikiston respublikasi taʼlim va fan vazirligi bilan hamkorlikda takomillashtirilgan gigiyena usullarini joriy etishga qaratilgan darsdan tashqari kompleks tadbirlar oʻtkaziladi. Grantlar eng nochor 1000 ta xonadonga oʻz uylaridagi sanitariya sharoitlarini yaxshilash uchun taqdim etiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida Xatlon viloyati qishloqlaridagi uy xoʻjaliklarini suv taʼminoti xizmatlariga ulash va mavjud tarmoqlardagi suv taʼminotini yaxshilash uchun infratuzilmani takomillashtirish choralari moliyalashtiriladi.

Loyiha mamlakatning janubiy mintaqalarida amalga oshiriladi, sababi u yerda asosan toza ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya-gigiyena sharoitlaridan mahrum holatdagi nochor aholi istiqomat qiladi. Loyiha 7 tumanni: Vaxsh, Levkand (Sarband), Kushoniyon (Boxtar), Doʻstiy (Chilikoʻl), Balxiy (Rumiy), Jayhun (Qumsangir) va Vose tumanlarini qamrab oladi.

[Jahon banki guruhi oʻzining http://www.worldbank.org/terms sahifasida koʻrsatilgan shartlar asosida ushbu materialdan foydalanishga ruxsat beradi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500