Karvonsaroy
Diplomatiya

Qirgʻiziston va Afgʻoniston oʻrtasidagi diplomatik aloqalar qayta yoʻlga qoʻyildi

Kanat Altinbayev

Afgʻoniston va Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirlari – Salohiddiy Rabboniy va Chingiz Aydarbekov 18-aprel kuni Bishkekda hukumatlararo kelishuvni imzoladilar. (Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi)

Afgʻoniston va Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirlari – Salohiddiy Rabboniy va Chingiz Aydarbekov 18-aprel kuni Bishkekda hukumatlararo kelishuvni imzoladilar. (Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi)

BISHKEK – Kuzatuvchilarga koʻra, Afgʻonistonda Qirgʻiziston elchisining ish boshlashi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy 18-aprel kuni Qirgʻizistonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi, deyiladi Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov Afgʻonistonlik hamkasbining tashrifidan soʻng, Qirgʻizistonning Afgʻonistondagi diplomatik missiyasi barcha amaliyotlarni qayta boshlaganini eʼlon qilgan, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Qirgʻizistonning Kobuldagi diplomatik missiyasi bir necha yillardan beri elchisiz faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

18-aprel kuni Bishkekda Qirgʻiziston va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirliklari vakillari mintaqaviy va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqdalar. (Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi)

18-aprel kuni Bishkekda Qirgʻiziston va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirliklari vakillari mintaqaviy va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqdalar. (Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi)

2014-yilning iyulidan oʻtgan yil dekabrgacha Tojikistonda elchi boʻlib ishlagan mamlakat xavfsizlik kengashining sobiq raisi, zahiradagi general-mayor Miroslav Niyozov elchi etib tayinlangan.

Bishkekka tashrifi davomida Rabboniy Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashgan. Qirgʻiziston “mintaqadagi xavfsizlik va hamkorlikda muhim sherik hisoblanadi”, deb qayd etdi Rabboniy.

Ikki mamlakat diplomatlari siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.

Jumladan, Qirgʻizistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi eksport qilish imkoniyatlari va Xitoydan Qirgʻiziston va Tojikiston orqali oʻtadigan temiryoʻl qurilishi masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar shuningdek, Afgʻonistondagi togʻli Vohan yoʻlagida nochorlikda istiqomat qilayotgan etnik qirgʻizlarga yordam berish masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash

Afgʻonistondagi qirgʻiz diplomatik missiyasi faoliyatining tiklanishi bu mamlakatdagi qirgʻizistonlik diplomatlar xavfsizligi va ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning yanada yaxshilanishini anglatadi, deydi xalqaro huquq boʻyicha bishkeklik mutaxassislaridan biri Qayrat Osmonaliyev Karvonsaroyga.

“Bizning elchimiz Kobulda oʻtkaziladigan mintaqaviy siyosatga oid, jumladan xavfsizlikka daxldor tadbirlarda ishtirok eta oladi”, dedi u. “Natijada Qirgʻiziston ushbu geosiyosiy sohada yanada faolroq rol oʻynashi mumkin”.

Qirgʻiziston va Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlik terrorchilik tahdidlariga qarshi yanada samaraliroq kurashishga imkon beradi, deydi Bishkekdagi diniy tadqiqotlar va xavfsizlik boʻyicha mutaxassis Azat Ismoilov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Islom davlati” (ID) Afgʻoniston shimoli va Tojikiston bilan chegarada faol harakat qilmoqda, ushbu mamlakat esa oʻz navbatida Qirgʻiziston bilan ham chegaradosh. Bu hududda muntazam ravishda toʻqnashuvlar sodir boʻlib turadi, dedi u tojik chegara qoʻshinlarining mamlakatga noqonuniy kirishga urinadigan afgʻon narkofurushlari bilan janglarini nazarda tutib.

“Bishkek uchun ikki mamlakat kuch ishlatar idoralarining hamjihatlikda ishlashi va terrorchilik tahdidlarini oʻz vaqtida aniqlay olishi uchun bu aloqalar nihoyatda muhim”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500