| Inson huquqlari

Iqtisodiyotning Rossiyadan yuboriladigan pul joʻnatmalariga bogʻliqligi Qirgʻizistonni xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev


18-mart kuni Saxa (Yakutiya) respublikasi rahbari Aysen Nikolayev migrantlarga nisbatan siyosatning qatʼiylashtirilishini eʼlon qildi. (Aysen Nikolayev/Facebook sahifasi)

18-mart kuni Saxa (Yakutiya) respublikasi rahbari Aysen Nikolayev migrantlarga nisbatan siyosatning qatʼiylashtirilishini eʼlon qildi. (Aysen Nikolayev/Facebook sahifasi)

BISHKEK – Qirgʻiziston iqtisodiyoti Rossiya va xorijdagi mehnat muhojirlari yuboradigan pul joʻnatmalariga qaram, deydi iqtisodchi va tahlilchilar.

2019-yilning dastlabki ikki oyida mehnat migrantlari tomonidan Qirgʻizistonga yuborilgan pul joʻnatmalari 344,6 million AQSH dollariga (23 milliard soʻm) yetgan. Bu haqda Qirgʻiziston Milliy banki xabar berdi. 2018-yilda xorijdagi qirgʻizistonliklar oʻz vatanlariga 2,7 milliard AQSH dollariga (188 milliard soʻm) yaqin mablagʻ joʻnatganlar.

Bu raqamlarning Qirgʻiziston iqtisodiyotidagi ulushi sezilarlidir. Markaziy Osiyodagi bu mamlakat aholisi 6,4 million kishini tashkil qiladi. 2018-yilda YIM hajmi 8 milliard AQSH dollariga (559 milliard soʻm) teng boʻlgan.


Yakutskda noqonuniy migrantlarga qarshi oʻtkazilgan politsiya reydlarining natijasi aks etgan videlavhadan olingan kadr.

Yakutskda noqonuniy migrantlarga qarshi oʻtkazilgan politsiya reydlarining natijasi aks etgan videlavhadan olingan kadr.


17-mart kuni mahalliy politsiya yakutiyalik ayolni oʻgʻirlash va zoʻrlashda ayblab qirgʻizistonlik uch migrantni qoʻlga olgan. (Saxa respublikasi rahbarining rasmiy sayti)

17-mart kuni mahalliy politsiya yakutiyalik ayolni oʻgʻirlash va zoʻrlashda ayblab qirgʻizistonlik uch migrantni qoʻlga olgan. (Saxa respublikasi rahbarining rasmiy sayti)

Vatandagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar qirgʻizistonliklarni ishlash uchun Rossiyaga ketishga majbur qilmoqda. Ularning aksariyati uyga oziq-ovqat va kiyim-kechak uchun pul yuborish maqsadida oilalarini tashlab ketadilar.

34 yashar Mayrambek Osmonov oʻtgan yili Moskvadan Soʻquluq qishlogʻiga qaytgan. U Karvonsaroy bilan suhbatda Rossiyada koʻp pul topgandan koʻra, oʻz vatanida boʻlib, oziga qanoat qilib yashash afzalroq ekanligini aytadi.

“Vatandoshlarimiz chetda ishlab, bu yerga pul yuborgandan koʻra, oʻzimizda ishlab chiqarishni va qirgʻiz mahsulotlari eksportini rivojlantirsalar yaxshiroq boʻlardi”, dedi u.

Iqtisodiy xatarlar

Qirgʻiziston hukumati mamlakat iqtisodiyotining Rossiyadagi voqealarga bogʻliqligidan va u bilan iqtisodiy aloqalar kuchayib borayotganligidan tashvishda.

Yanvar oyida Qirgʻiziston Moliya vazirligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻsishiga toʻsqinlik qiladigan asosiy xatarlarni sanab oʻtgan.

2019-yil uchun davlat budjeti bayon etilgan hujjatda vazirlik pul joʻnatmalarining kamayishi ehtimoli “qurilish va xizmatlar hajmining kamayishiga olib kelishidan” tashvishda ekanligini bildirgan.

Qirgʻizistonga yuboriladigan pul joʻnatmalarning asosiy qismi Rossiyadagi qirgʻiz migrantlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Pul joʻnatmalari Qirgʻiziston iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlashga yordam bersa-da, ularning salbiy taʼsiri ham yoʻq emas, deydi bishkeklik iqtisodchi Esen Kazibayev.

Pul oqimi va isteʼmol hajmining ortishi eksportning kamayishi va narxlarning koʻtarilishiga sabab boʻldi, buning natijasida esa Qirgʻizistonning xorijiy bozorlardagi raqobatbardoshligi pasaydi, dedi u Karvonsaroyga.

“Rossiya qirgʻiz biznesining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda va shu sabab ham Qirgʻiziston mahsulotlarini oʻz bozoriga kiritmayapti”, dedi Kazibayev.

“Bu ham yetmagandek, migrantlarimiz sariq chaqa uchun ogʻir mehnat qilishga majburlar”, dedi u. “Nima uchun? Chunki Rossiyaga kuchli Qirgʻiziston kerak emas. Unga zaif, nazorat ostidagi Qirgʻiziston kerak.”

Yaqin yillarda Rossiya huquq-tartibot idoralari xorijiy raqobatchilarni siqib chiqarish va mahalliy taʼminotchilarni himoyalash maqsadida Markaziy Osiyodan kelgan mahsulotlarni musodara qilib, eksportchilarni siquvga olgan edilar.

Qirgʻiziston moliya vazirligi “asosiy savdo hamkorlari sanalgan davlatlarning oʻz ichki bozorlarini himoya qilishga oid choralarini” xavfli deb hisoblamoqda. Bunday choralar “Qirgʻiziston mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishiga va eksportning kamayishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi vazirlik saytida eʼlon qilingan bayonotda.

Qirgʻiziston moliya vazirligi 2019-yil uchun moʻljallangan budjetga oid hujjatida proteksionistik siyosatini kuchaytirishi va Qirgʻiziston iqtisodiyotiga zarar keltirishi mumkin boʻlgan asosiy savdo hamkorlari borasida oʻz xavotirlarini bildirgan. Mamlakatning eng asosiy savdo hamkori Rossiya hisoblanadi.

Rus ksenofobiyasi

Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlar oʻsib borayotgan ksenofobiya holatlariga duch kelar ekan, bu xatarlar yanada jiddiyroq tus olmoqda.

27-mart kuni Rossiya shimolidagi Yakutiya respublikasi rahbari Aysen Nikolayev 2019-yildan qator sohalarda migrantlarning ishlashini taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bular oziq-ovqat, ichimlik mahsulotlari va kiyim-kechak ishlab chiqarish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoʻlovchi va yuk tashish bilan bogʻliq kasblar boʻlib, odatda bu sohalarda asosan Markaziy Osiyoliklar ishlaydi.

Bu 17-mart kuni yakutsklik ayolni zoʻrlaganlik ayblovi bilan uch nafar qirgʻizistonlik erkakning hibsga olinishi ortidan Yakutiya boʻylab amalga oshirilgan javob choralaridan biri boʻldi.

Yakutiya respublikasi poytaxti Yakutsk shahrida avtobus haydovchilari va ofitsiant boʻlib ishlaydigan Qirgʻiziston fuqarolarining kaltaklanishi bilan bogʻliq bir necha holatlar qayd etilgan. Bundan tashqari, Yakutiya politsiyasi jamoat joylarida rejadan tashqari reydlar oʻtkazib, qirgʻizistonliklarning hujjatlarini tekshirishni boshlagan.

Nikolayevning farmonidan soʻng, qirgʻizlar uchun Yakutiyadagi mehnat sharoitlari murakkablashdi, koʻpchilik ishidan ayrildi, dedi “Govorit Moskva” radiosiga bergan intervyusida “Qirgʻiz birdamligi” mintaqalararo jamoatchilik tashkiloti rahbari Abdugʻani Shokirov.

Shokirovning soʻzlariga koʻra, farmon tufayli asosan, Yakutiyaga joylashib va koʻnikib ulgurgan migrantlar va ularning oilalari jabr koʻrgan.

Uning aytishicha, migrantlarni ishga joylashtirishni taqiqlash Qirgʻizistonni oʻz ichiga olgan YOII nizomiga xilofdir.

Parijda joylashgan Inson huquqlari boʻyicha xalqaro federatsiyaning (FIDH) Bishkekdagi idorasi vitse-prezidenti Tolekan Ismailovaning fikricha, Rossiyadagi migrantlar bilan bogʻliq vaziyatni zoʻravonlik va korruptsiyaning kuchayishi, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdek “zamonaviy” tendensiyadan foydalanish sifatida baholash mumkin.

“Ayni vaqtda Rossiya hukumati ish izlab kelgan odamlarga nisbatan aksildemokratik qonunlarni joriy qilishda davom etmoqda”, dedi u.

YOII bilan bogʻliq shubhalar

Yakutiya rasmiylari tarafidan qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlar Qirgʻizistonning YOIIga – Kreml tomonidan muvofiqlashtiriladigan, bir nechta postsovet mamlakatlar: Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus va Armanistondan tarkib topgan iqtisodiy integratsiya birlashmasiga aʼzoligi shartlariga ziddir.

Uning qoidalari aʼzo davlatlarning har qanday fuqarosiga ittifoq hududida erkin harakatlanish va ishga joylashish imkoniyatini, shuningdek, aʼzo davlatlar oʻrtasida tovar va xizmatlarning toʻsiqsiz olib oʻtilishini koʻzda tutadi.

Biroq, rossiyalik amaldorlarning nekbin bayonotlariga qaramay, YOII amalda samarasiz tashkilot boʻlib chiqqan.

Rossiyada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga mos ravishda 600 mingdan ortiq Qirgʻiziston fuqarosi mehnat qiladi. Ulardan ayrimlari oʻz huquqlarining nafaqat ish beruvchilar, balki politsiya va migratsiya idoralari xodimlari tomonidan ham poymol etilayotganidan bir necha bor shikoyat qilganlar.

YOII mamlakatlari tadbirkorlari Rossiyaning proteksionistik siyosatidan va xorijiy tovarlarni Rossiya bozoriga olib kirishda hukumat tomonidan yaratiladigan sunʼiy toʻsiqlardan muntazam ravishda shikoyat qilib keladilar.

Aslida esa, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mazkur mamlakatlar ustidan sustlashib borayotgan taʼsirini saqlab qolishga harakat qilayotgan Rossiyaning siyosiy tashabbusidir, deydi mustaqil tahlilchilar.

Sizga maqola yoqdimi?

42
10
Yo‘q
Fikrlar 4
Siyosat Captcha
| 2019-05-07

Brilliant qo‘l filmini yodimga tushirdi. “Aybim yo‘q, u o‘zi keldi.” O‘sha ayol rolida Rossiya.

Javob berish
| 2019-05-04

Rossiyaning mehnat bozoriga qaram boʻlish xavfini tushunib yetganlari yaxshi boʻlibdi. U yerdan fuqarolarimizni olib chiqishimiz kerak. Yakutiyadagi soʻnggi nizo Qirgʻizistonga Putin kelishidan oldin qirgʻiz hukumatini moslashuvchan va itoatkor boʻlishi uchun atayin qoʻzgʻatilgan.

Javob berish
| 2019-05-03

Bu Gʻarb tashviqotiga xizmat qiladigan saytga oʻxshaydi. Hoy, amerikoslar bu yerda hamma narsani senlar boshqaryapsanlarmi? Kapchani yaxshilamaysizlarmi undan koʻra

Javob berish
| 2019-05-04

Sen hamma yerda yolgʻonchi Kreml tashviqoti boʻlishini istaganmiding? Bekorlarni yebsan

Javob berish