| Terrorizm

“Islom davlati” oʻz safiga oʻqimishli yoshlarni yollashga intilayotgani xavotirga sabab boʻlmoqda

Ziyour Rahmon


Qozogʻistonning Taraz shahridagi maydonda selfi olayotgan tibbiyot oliygohining birinchi kurs talabalari, 9-may (Aydar Ashimov)

Qozogʻistonning Taraz shahridagi maydonda selfi olayotgan tibbiyot oliygohining birinchi kurs talabalari, 9-may (Aydar Ashimov)

KARACHI – Xavfsizlik xizmatlari xodimlari va faollarning soʻzlariga qaraganda, “Islom davlati” singari terrorchi guruhlar qoʻporuvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun oʻqimishli va badavlat yoshlarga oʻz eʼtiborini qaratgan. Shri-Lankada Pasxa bayrami kuni amalga oshirilgan xudkushlik hujumlari shundan dalolat bermoqda.

Butun dunyo boʻylab turli ibodatxonalar va jamoat joylariga hujum uyushtirgan “Islom davlati” guruhi 21-aprel kuni Shri-Lankadagi uchta cherkov va toʻrt mehmonxonada sodir etilgan turkum portlashlarni oʻz zimmasiga oldi. Teraktlar oqibatida yuzlab odamlar halok boʻlgan va jarohatlangan.

24-aprel kuni Shri-Lanka davlat mudofaa vaziri Ruvan Vijevardene 9 nafar xudkush-terrorchining aksari oʻqimishli va oʻziga toʻq oila farzandi boʻlganini maʼlum qildi.


Videolavhadan olingan kadrda “onlayn jihod”da ishtirok etayotgan “Islom davlati” tarafdorlaridan biri aks etgan. (Fayl)

Videolavhadan olingan kadrda “onlayn jihod”da ishtirok etayotgan “Islom davlati” tarafdorlaridan biri aks etgan. (Fayl)

Oʻzini portlatganlarning koʻpchiligi “moddiy jihatdan yaxshi taʼminlangan oilalardan boʻlgan”. Ayrimlari chet elda oʻqib qaytgan, dedi Vijevardene matbuot anjumani chogʻida.

ID mahalliy jangari guruhlardan odam yollash bilan bir qatorda, qoʻporuvchilik harakatlari, mablagʻ yigʻish, targʻibot-tashviqot ishlari va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun universitet talabalari va mutaxassislarga oʻz eʼtiborini qaratgan, deydi tadqiqotchi va xavfsizlik boʻyicha mutaxassislar.

Jahon bankining 2016-yilgi tadqiqotiga koʻra, ID koʻp ehtimol bilan oʻziga toʻq va oʻqimishli odamlarni yollashga urinmoqda. Hisobot 2016-yil mart oyida tashkilotdan hafsalasi pir boʻlgan sobiq ID aʼzosining maʼlumotlariga asoslangan.

“Ularning aksari universitetdagi oʻqishini davom ettirgan. Guruh safiga Afrika, Janubiy va Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharqdan yollangan yangi aʼzolar oʻz yurtlaridagi safdoshlaridan oʻqimishliroq boʻlishgan”, deyiladi Jahon banki hisobotida.

Oʻqimishli yoshlarga yuzlanish

ID va boshqa terrorchilik tashkilotlari musulmon yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar hamda mahalliy oʻquv dargohlari va universitetlarning kichik muhokama guruhlari orqali oʻz safiga jalb qilishga urinmoqda.

“Odatda zaif yoshlarni radikallashtirish va jangari guruhlarga yollash ekstremist diniy arboblar orqali amalga oshirib kelingan, ular radikal tashkilotlar hamda ularga aʼzo boʻlishni istaganlar orasida vositachi rolini bajargan”, deydi siyosiy zoʻravonlik va terrorizmni tadqiq etish Xalqaro markazi bilan bogʻliq singapurlik tahlilchi Abdul Bosit.

Endilikda bunday vositachi voizlar, ekstremistik mafkura targʻibotchilari va yollovchilar oʻrnini ijtimoiy tarmoqlar egalladi, dedi Bosit.

ID singari xalqaro terrorchilik tarmoqlariga aloqador ekstremistik unsurlar badavlat yoshlarni oʻz saflariga jalb qilish uchun taʼlim muassasalarini izlamoqda, dedi asosan yoshlar uchun moʻljallangan zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurash dasturlarida ishtirok etgan Karachidagi jamoatchilik faoli Abubakr Yusufzay.

“Yollanuvchilar odatda, oʻziga toʻq oilalardan boʻlgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali jangarilik mafkurasidan taʼsirlanib, oʻz-oʻzini radikallashtirgan shaxslardir”, dedi Yusufzay.

Sizga maqola yoqdimi?

10
3
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha