Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qurollarni qaytib olish aksiyasining ilk oyida Qozogʻistonda 1500 dona qurol topshirildi

Aydar Ashimov

Olmaotada oʻtkazilgan merganlik musobaqasi ishtirokchilari, sanasiz surat. (Qozogʻiston qurollar uyushmasi)

Olmaotada oʻtkazilgan merganlik musobaqasi ishtirokchilari, sanasiz surat. (Qozogʻiston qurollar uyushmasi)

NUR-SULTON – Qurollarni qaytib olish va amnistiya aktsiyasining ilk oyida butun mamlakat boʻylab politsiya idoralariga fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda 1500 dona oʻqotar qurol topshirilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining (IIV) dushanba (13-may) kungi bayonotida xabar berilgan.

“Jamoat xavfsizligini taʼminlash va oʻqotar qurollar ishtirokidagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida 10-apreldan mamlakat boʻylab aholidan noqonuniy qurol-yarogʻ, oʻq-dori va portlovchi moslamalarni qayta sotib olish aksiyasi oʻtkazilmoqda”, deb xabar berdi vazirlik.

IIVga koʻra, Qozogʻiston hukumati oʻz qurollarini topshirmoqchi boʻlganlar uchun 100 million tenge (263 ming AQSH dollari) ajratgan. IIV qurollarni sotib olish aksiyasi yakunlanadigan sanani eʼlon qilganicha yoʻq, ammo ajratilgan mablagʻ tugashi bilan aksiya ham oʻz nihoyasiga yetadi.

Roʻyxatdan oʻtkazilmagan qurollar va oʻq-dorilarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan fuqarolar jinoiy va maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi hamda ularga pul toʻlanadi, deyiladi xabarda.

Nur-Sultonliklar tomonidan topshirilgan qurollar, 10-may kuni olingan surat. (Qozogʻiston IIV)

Nur-Sultonliklar tomonidan topshirilgan qurollar, 10-may kuni olingan surat. (Qozogʻiston IIV)

“Roʻyxatdan oʻtmagan qurollarni qayta sotib olish aksiyasi qadimiy qurollarni meros sifatida olgan, qolib ketgan oʻq-dorilar yoki boshqa yoʻllar bilan qoʻlga kiritilgan qurollarning egalari uchun foydali boʻlishi mumkin”, deydi Jambil viloyatidan boʻlgan tajribali ovchi Nikolay Kolesnikov Karvonsaroy nashriga.

“Qurollar ixtiyoriy ravishda topshirilsa, hukumat javobgarlikdan ozod qilishni va mukofot puli berilishini kafolatlaydi, bu esa noqonuniy qurol egasi uchun ayni muddaodir”, dedi u.

Qozogʻiston fuqarolariga ovchilik qurollari, gazli toʻpponchalar va koʻzni achishtiruvchi spreylarga egalik qilishga ruxsat beriladi.

“Qurol sotib olish uchun IIV ruxsatnomasi talab etiladi. Ovchilik qurolini sotib olish uchun esa, ovchilik litsenziyasiga ham ega boʻlish kerak”, dedi Kolesnikov. “Shuningdek, qurollarni xavfsizlikda saqlashga ham eʼtibor qaratilgan – har bir ovchi yoki qurol egasida signalizatsiya bilan jihozlangan seyf boʻlishi shart.”

Politsiya xodimlari vaqti-vaqti bilan qurollarni saqlash sharoitlarini tekshiradilar, qoida buzilishi aniqlangan taqdirda, qurol sohibiga jarima solinadi yoki qurol musodara qilinadi, dedi u.

Mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari qurol sotib ololmaydilar, bunday huquq faqat Qozogʻiston fuqarolariga tegishli, dedi Kolesnikov.

“Kimdadir qurol bor ekan, undan ertami-kechmi oʻq uzilishi mumkin”, dedi u. “Agar ovchilik qilmasangiz, unda bu qurolni topshirib, qonunni buzmaganingiz maʼqul.”

Mukofotlash

Har bir qurol uchun mukofot puli uning holatiga qarab 25 ming tengedan 250 ming tengegacha (66 AQSH dollaridan 660 AQSH dollarigacha) boʻlishi mumkin. Qurol egalari oʻz qurollarini istalgan politsiya idorasida topshirishlari mumkin.

Aksiya noqonuniy egalik qilingan qurollarni ixtiyoriy va begʻaraz topshirish toʻgʻrisidagi 2015-yilgi nizomga muvofiq amalga oshirilmoqda. Nizomga koʻra, politsiyachilar oʻz qurolini topshirishni istagan fuqarolarning uyiga borishlari kerak.

IIV fuqarolarni portlovchi moddalar va qurilmalar bilan juda ehtiyotkor boʻlishga chaqirgan.

Fuqarolar har qanday portlovchi moddalar yoki oʻq-dorilar bilan muomala qilishga va ularni tashishga urinmasligi, aksincha politsiyaga xabar berishi kerak, deyiladi 26-aprel kuni IIV saytida eʼlon qilingan bayonotda.

Politsiya toʻplagan qurollarning aksariyati – deyarli 88 foizi – silliq stvolli ov miltiqlaridir. Qolganlari jangovar va pnevmatik qurollardan iborat. Shuningdek, fuqarolar oʻq-dorilarni ham topshirganlar.

“Aksiya boshlanganidan beri Jambil viloyatida noqonuniy qurolni topshirish boʻyicha 101 ta ariza taqdim etilgan”, dedi Jambil viloyati politsiya idorasi vakili Gulsara Muxtarkulova Karvonsaroy nashriga.

“Politsiyaga 162 dona qurol – jami 8,8 million tenge (23 ming AQSh dollari) mukofot evaziga 18 dona 5,6 mm li vintovka va 144 dona silliq stvolli miltiq topshirilgan”, dedi u.

Eshikma-eshik yurish

Qurollarni sotib olish aksiyasi bilan birga, 1-apreldan Qozogʻistonning ayrim viloyatlarida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha operatsiya olib borilmoqda. Operatsiya Nur-Sultonda 30-iyun kuni oʻz nihoyasiga yetadi, deb xabar beradi 24.kz nashri. Tadbir boshqa hududlarda ham shu sanada yakunlanishi kutilmoqda.

“Politsiya xodimlari Nur-Sulton va Olmaota shaharlari, shu bilan birga Oqmola va Mangʻistov viloyatlarida uyma-uy yurib, vaziyatni oʻrganmoqdalar”, deyiladi IIVning 17-aprel kungi bayonotida.

“Aksiyaning dastlabki 10 kuni davomida mahalliy politsiya xodimlari 425 mingta uy va kottejlar, jumladan, ijaraga olingan 12 mingta xonadonda boʻlishdi”, deyiladi xabarda.

Politsiya xodimlari aksiya doirasida migratsiya qonun-qoidalarining buzilishi holatlarini aniqlaydilar, aholiga qurollarni sotib olish aksiyasi haqida axborot berib, ular bilan jinoyatchilikning oldini olish xususida suhbatlashadilar.

Shu kunga qadar chet elliklar tomonidan migratsiya qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq 3500 ta holat aniqlangan. Sud 345 ta xorijlikni deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan, deb xabar beradi IIV.

“Mahalliy politsiya xodimini taniymiz. U kelib, biz bilan yashaydigan qarindoshlarimiz haqida soʻragani, ularning hujjatlarini surishtirib, oʻz tashrif qogʻozini bergani bizni hayratga solgani yoʻq”, deydi Nur-Sultonlik 47 yashar Galiya Kojatayeva Karvonsaroy nashriga.

“Bu bizning xavfsizligimiz uchun qilinayotganini tushunamiz, chunki kelayotganlar ichida jinoyatchilar va ekstremistlar boʻlishi mumkin”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500