Karvonsaroy
Energiya

Rossiya Turkmanistonni gaz savdosida yon berishga majbur qildi

Jumaguli Annayev

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2014-yilda Rossiyada gaz quvurini ochib bermoqda. 2009-yilda narx borasidagi tortishuvlar ortidan Turkmaniston-Rossiya munosabatlari sovuqlashdi, oʻshanda nomaʼlum portlash sababli Turkmanistondan Rossiyaga gaz yetkazib beruvchi Markaziy Osiyoning asosiy liniyasiga shikast yetgan. Turkmaniston hukumati portlashda “Gazprom”ni ayblagan. (Kreml)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2014-yilda Rossiyada gaz quvurini ochib bermoqda. 2009-yilda narx borasidagi tortishuvlar ortidan Turkmaniston-Rossiya munosabatlari sovuqlashdi, oʻshanda nomaʼlum portlash sababli Turkmanistondan Rossiyaga gaz yetkazib beruvchi Markaziy Osiyoning asosiy liniyasiga shikast yetgan. Turkmaniston hukumati portlashda “Gazprom”ni ayblagan. (Kreml)

ASHXOBOD – Turkmaniston oʻzining asosiy eksport mahsuloti boʻlgan tabiiy gazni sobiq mustamlakachisi Rossiyaga juda arzon narxlarda sotishga majbur boʻlmoqda.

Rossiya “narx va toʻlovlar borasidagi bahslar” sababli Turkmaniston gaziga eʼlon qilgan qariyb uch yillik boykotini 15-aprel kuni bekor qilishi ortidan turkman gazi eksporti tiklandi. Bu haqda Karvonsaroyga “Turkmangaz” boshqaruvi ostidagi “Gazakdirish” gaz yetkazib beruvchi kompaniyasining oʻz ismini ochiqlashni istamagan xodimi xabar bergan.

Yangi shartnoma Rossiyaning gaz giganti – “Gazprom” bosh direktori Aleksey Millerning Turkmanistonga olti oy ichida uch bor tashrif buyurishi natijasida imzolangan. Manbaga koʻra, u oʻz tashrifi davomida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va gaz sanoatiga aloqador bir qator davlat tashkilotlari rahbarlari bilan muzokara oʻtkazgan.

Tashriflar chogʻida Moskva gazni oʻz shartlariga asosan sotishga koʻndirish uchun Ashxobodga bosim oʻtkazdi, deydi Turkmaniston poytaxtidagi kuzatuvchilar.

Turkmanistonlik bola Shatliqdagi Sharqiy-gʻarbiy gaz quvuri liniyasining ochilishiga bagʻishlangan rasmiy marosimda prezident Gurbanguli Berdimuрamedovni kutmoqda, 2010-yil, 31-may. (AFP)

Turkmanistonlik bola Shatliqdagi Sharqiy-gʻarbiy gaz quvuri liniyasining ochilishiga bagʻishlangan rasmiy marosimda prezident Gurbanguli Berdimuрamedovni kutmoqda, 2010-yil, 31-may. (AFP)

Bitim shartlari sir saqlanmoqda. “Turkmangaz”ning ismi sir qolishini istagan rasmiylaridan biri Karvonsaroyga bergan intervyusida eksport qilinayotgan gaz hajmi va narxi haqida maʼlumotga ega emasligini aytgan.

“Turkmaniston Rossiya monopolistiga narx boʻyicha jiddiy imtiyozlar berishga majbur boʻldi”, dedi rasmiy manba. U mazkur shartlar faqat Berdimuhamedov va baʼzi yuqori lavozimli rasmiylargagina maʼlum ekanini qoʻshimcha qildi.

OAV xabariga koʻra, Turkmaniston-Rossiya munosabatlarining sovuqlashuvidan bir yil avval, 2008-yili Rossiya har ming kub metr gaz uchun 240 AQSH dollari (840 manat) toʻlagan.

“Gazimiz har ming kub metrga 150 AQSH dollardan (525 manat) sotilsa, omadimiz kelgan boʻladi, ammo menimcha narx bundan ancha past”, dedi u.

Ashxobodlik boshqa tahlilchilarning taxminicha, Rossiya turkman gazi uchun eski narxning yarmini toʻlamoqda.

Turkmaniston ommaviy vositalari yangi shartnoma borasida sukut saqlayotganidan muzokaralarda Rossiyaning qoʻli baland kelganini taxmin qilish mumkin.

“Agar shartnomada Turkmaniston tomonining juda kichik muvaffaqiyati va davlat uchun muhim foyda boʻlganida, barcha bosma nashrlar va telekanallar bu haqda xabar bergan boʻlar edi”, dedi marilik iqtisodchi Ogulbayram Tangriberdiyeva Karvonsaroy nashriga. “Ammo mahalliy OAV Rossiyaga eksport qilinayotgan gaz haqida maʼlumotga ega emas.”

Shartnoma muddatining dastlabki ikki yarim oyida Rossiya Turkmanistondan 1,16 milliard kub metr gaz sotib oladi, deb xabar bergan xorijiy OAV “Gazprom”ga asoslanib.

Gaz sanoati xodimi Rossiyaga gaz eksporti tiklanganini tasdiqladi.

Tashovuz viloyati, Turkmanboshi tumanida istiqomat qiluvchi Meretgeldi Atayev Turkmaniston-Oʻzbekiston chegarasida joylashgan gaz-kompressor stantsiyasiga ishga qaytgan. U bir necha oy davomida ishsiz qolib ketgan edi.

“Yil oxirigacha Rossiyaga 5 milliard kub metr gaz yetkazib beriladi”, dedi u Karvonsaroy nashriga hisoblagichlar koʻrsatkichlarini nazarda tutib.

Moliyaviy tanglik

Rossiya Turkmaniston boshiga ogʻir kunlar tushganidan foydalanmoqda, uning asosiy eksport mahsuloti gaz hisoblanadi.

Rossiya bozorini yoʻqotishi va 2017-yilda Eronga 1,4-1,6 mlrd. AQSH dollariga teng (4,9-5,6 mlrd. manat) qarzi sababli eksportni toʻxtatganidan soʻng, Turkmaniston mushkul vaziyatga tushib qolgan. Eronga gaz eksporti hanuzgacha tiklanmagan.

Turkmanistonning yana bir yagona mijozi Pekin esa umuman arzon narx toʻlayotgani gumon qilinmoqda, sababi Turkmaniston Xitoy tomonidan qurilgan Xitoy-Markaziy Osiyo gaz magistralining dastlabki 3 tarmogʻi uchun qarzini toʻliq uzmagan. Toʻrtinchi tarmoq hamon qurilmoqda.

Turkmanistonning daromadlari kamayib borgani sayin, “prezident fuqarolarga berilayotgan gaz, elektr quvvati, yoqilgʻi, suv va tuz boʻyicha imtiyozlarni toʻxtatib, kommunal toʻlovlar narxini oshirishga majbur boʻldi”, dedi marilik iqtisodchi Tangriberdiyeva.

Bu vaziyat oʻtmishdagi yuqori gaz narxlari va iqtisodiy oʻsishdan keskin farq qiladi, u vaqtlarda Turkmaniston Rossiya va Eron uchun narxlarni oʻzi belgilay olar edi.

Muammo bundan bir necha yillar oldin yuzaga kelgan. 2009-yilda narx borasidagi tortishuvlar sababli Turkmaniston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashdi. “Turkmangaz”dagi anonim manbaning Karvonsaroyga maʼlum qilishicha, oʻshanda Turkmanistondan Rossiyaga gaz yetkazib beruvchi Markaziy Osiyodagi asosiy quvurda portlash sodir boʻlgan edi.

Oʻshanda Turkmaniston hukumati portlashda “Gazprom”ni ayblagan, ammo ayblovlarni asoslab bera olmagan. “Turkmangaz”ning Rossiyaga eksporti 2010-yilda qayta tiklangan, ammo hajmlar keskin kamaygan: bir yilda 10 mlrd. kub metr oʻrniga 4 mlrd. kub metr eksport qilingan. 2016-yilda esa Rossiya turkman gazini sotib olishni butunlay toʻxtatgan.

Turkmaniston va Rossiya oʻrtasidagi mojaro hatto xalqaro miqyosdagi biznes ziddiyatlarini hal qiluvchi nufuzli tashkilot – Stokholm savdo palatasi arbitraj sudiga ham yetib borgan edi.

Turkmanistonning boshqa chorasi qolmagan, sababi mablagʻ yetishmovchiligi ortidan bir qator vazirliklar tugatildi, ishsizlik, valyuta devalvatsiyasi va iqtisodiy imtiyozlarning bekor qilinishi aholini xonavayron qilgan, dedi Turkmaniston Markaziy banki xodimi Akmirat.

Berdimuhamedov tarafidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy choralar, jumladan “import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va turli yoʻnalishlar boʻyicha eksport hajmini oshirishga qaratilgan dasturlar” yetarli samara bermadi, deb qoʻshimcha qildi u.

Ruscha uslubdagi gambit

Ashxobodlik tahlilchilarning fikricha, Rossiyaga turkman gazi kerak emas, chunki u oʻz gazini Turkmanistonnikidan arzonroq qazib olishi mumkin.

Yangi shartnoma “shaxmatdagi gambitga oʻxshaydi, bunda oʻyinchi yaxshiroq pozitsiyaga ega boʻlish uchun piyodani qurbon qiladi”, deydi iqtisodchi Tangriberdiyeva.

“Gazprom” rahbari Millerning tashriflari Kaspiy dengizining huquqiy maqomi belgilanib, Turkmaniston uchun Kaspiydan oʻtuvchi gaz quvuri barpo etish va Yevropaga gaz yetkazib berish boʻyicha YI bilan muzokara boshlash imkoniyatlari paydo boʻlgan vaqtda boshlandi, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya bilan shartnoma Turkmanistonning Xitoy bozoriga qaram boʻlib qolishiga, ayni vaqtda Yevropaga gaz sotishda Rossiyaga raqobatchi boʻlishga yoʻl qoʻymaydi.

“Millerning Ashxobodga soʻnggi tashrifi Turkmaniston va YI turkman gazining Yevropaga eksporti imkoniyatlarini faol muhokama qilayotgan vaqtga toʻgʻri keldi”, deb aytgan boshqa manba Tangriberdiyevaning soʻzlarini tasdiqlab.

Shunday boʻlsa-da, turkman rasmiylarining umid qilishlaricha, bu bitim mamlakatga gaz sohasida yana asosiy oʻyinchiga aylanib, yangi bozorlarni zabt etguniga qadar oʻzini tutib turishga imkon beradi.

“Shunisi muhimki, bizda gaz va uni dunyoning istalgan burchagiga yetkazish imkoni bor”, dedi Markaziy bank xodimi boʻlgan Akmirat.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Notoʻgʻri maʼlumotlar juda koʻp!!!

Javob berish

Ularga gaz sotmaslik kerak, oʻzimizga koʻproq qoladi.

Javob berish

BIZDAN OLGAN GAZINGIZ HAROM BOʻLSIN

Javob berish

Rossiya OʻGʻRI!

Javob berish

Iflos Rossiya oʻzini talonchilardek tutmoqda. Turkmaniston koʻproq Xitoy bilan hamkorlik qilishi va u yerga normal narxda gaz yetkazib berishi kerak.

Javob berish