Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻiston va AQSH iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirmoqda

Aydar Ashimov

Axborot texnologiyalari – Qoʻshma Shtatlar va Qozogʻiston oʻrtasida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. (Fayl)

Axborot texnologiyalari – Qoʻshma Shtatlar va Qozogʻiston oʻrtasida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. (Fayl)

NUR-SULTON – Qozogʻiston oʻzining asosiy investitsion hamkorlaridan biri – Qoʻshma Shtatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishda davom etmoqda, deb xabar beradi Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi.

15-may kuni vazirlik tashabbusi bilan Nur-Sulton shahrida AQSH-Qozogʻiston biznes forumi oʻtkazildi.

AQSH-Qozogʻiston hamkorligi turlicha koʻrinish kasb etgan boʻlib, jumladan, terrorchilik hujumida qoʻllanishi mumkin boʻlgan yadroviy va radioaktiv moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash choralarini ham oʻz ichiga olgan.

Vazirlik xabariga koʻra, bu yilgi biznes-forumda Qozogʻistonning bir nechta vazirlari va hukumat idoralari rahbarlari ishtirok etgan.

Qozogʻistonning turli vazirliklari vakillari 15-may kuni Nur-Sultondagi forumda ishtirok etdilar. (Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi)

Qozogʻistonning turli vazirliklari vakillari 15-may kuni Nur-Sultondagi forumda ishtirok etdilar. (Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi)

Tadbirda Qoʻshma Shtatlar nomidan Qozogʻistondagi AQSH elchixonasi, Xususiy xorij investitsiyalari korporatsiyasi (OPIC) hamda Amerikaning 28 ta yirik kompaniyasi, jumladan, Coca-Cola, Gilead, HP, Microsoft va Valley Irrigation rahbarlari qatnashdi.

AQSH-Qozogʻiston biznes-forumlarining dastlabki ikkitasi 2017 va 2018-yilda boʻlib oʻtgan.

Strategik sherik

“Qoʻshma Shtatlar bizning asosiy sarmoyaviy sheriklarimizdan biri. Qozogʻiston Qoʻshma Shtatlarning investitsiya imkoniyatlaridan faol foydalanishdan manfaatdor”, dedi forumda soʻzga chiqqan Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Beybut Atamqulov.

“Qozogʻiston AQSHning innovatsiyalar va ilgʻor texnologiyalar sohasidagi yetakchiligini inobatga holda, Amerika tomonining bilim va tajribasini jalb qilishni istaydi”, dedi Atamqulov.

Forumda ikki tomonlama hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʻnalishlari – sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, aerokosmik sanoat va energetika sohalari muhokama qilindi.

“Qoʻshma shtatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir”, deyiladi vazirlikning 15-may kungi bayonotida.

“Qozogʻiston-Amerika munosabatlari kengaytirilgan strategik sheriklik hamda Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning AQSHga rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar doirasida tobora rivojlanib bormoqda” deyiladi 2018-yilning yanvar oyidagi tashrif nazarda tutilgan bayonotda.

Oʻshanda Qozogʻistonning “Jahon iqtisodiyoti va siyosati” tadqiqot markazi ekspertlari bu tashrifni “ikki davlat munosabatlarining yangi bosqichi ekani va bir qator muhim natijalarga olib kelganini” taʼkidlagan edilar.

Soʻnggi uch yil mobaynida AQSHning birgina togʻ-kon sanoatiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi uch barobar oshib, 5 milliard dollardan (1,9 trillion tenge) koʻproqni tashkil etgan. Bu haqda Qozogʻiston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Roman Sklyar bayonot berdi.

“Biz Chevron, General Electric, Halliburton, NalcoChampion, Weatherford, Flowserve kabi Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda ijobiy natijalarga erishmoqdamiz”, dedi Sklyar forum davomida.

Forumda maʼlum qilinganidek, hozirgi vaqtda umumiy hajmi 450 million AQSH dollariga (170 milliard tenge) teng bir nechta istiqbolli loyiha ustida ish olib borilmoqda. Qozogʻistonda poʻlat formalar va katalizatorlar ishlab chiqarish zavodi, mintaqaviy aviatsiya kompaniyalari uchun samolyotlar yigʻish va hokazolar shular jumlasidandir.

“Katta hissa”

“Amerika investitsiyalari Qozogʻiston iqtisodiyotiga sezilarli hissa qoʻshmoqda”, deydi chimkentlik siyosiy tahlilchi Rauan Dautaliyev.

Oʻtgan yil davomida Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonga 5,3 milliard AQSH dollari (2 trillion tenge) miqdorda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritdi. Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, 2018-yilda ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmi 2,2 milliard AQSH dollariga (832 milliard tenge) yetgan.

Qozogʻistondan Qoʻshma Shtatlarga eksport hajmi 956 million AQSH dollarini (361 milliard tenge), Qoʻshma Shtatlardan Qozogʻistonga import hajmi esa 1,2 milliard AQSH dollarni (454 milliard tenge) tashkil etdi.

Qozogʻiston mustaqilligining 28 yili davomida Qozogʻiston va AQSH oʻrtasida 70 dan ortiq shartnoma imzolangan.

Biz yillar oʻtishi bilan hamkorlikning kuchayishi hamda mamlakatimizda savdo va investitsiyalar hajmi oshayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz”, dedi Dautaliyev. “Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonning eng muhim hamkorlaridan biri.”

Bundan tashqari, Qoʻshma Shtatlar “Qozogʻistonda demokratik qadriyatlarni tiklash, inson huquqlari ahamiyatini tushunish va qonun ustuvorligini taʼminlash” yoʻlida ulkan sarmoya kiritgan, deb qoʻshimcha qildi u.

“Qozogʻistonlik maktab oʻquvchilari va universitet talabalarining Amerika taʼlim dasturlaridagi ishtiroki ularning ingliz tilini oʻrganish va Qoʻshma Shtatlarda taʼlim olish maqsadlarini roʻyobga chiqarishi mumkin”, dedi Dautaliyev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Men AQSH tarafdaman.

Javob berish