Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston Qirgʻiziston bilan harbiy razvedkaga oid bitimni tasdiqladi

Kanat Altinbayev

22-mart kuni Sharqiy Qozogʻiston viloyatidagi mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan qozoq harbiylari. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

22-mart kuni Sharqiy Qozogʻiston viloyatidagi mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan qozoq harbiylari. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

OLMAOTA – Qozogʻiston hukumati Qirgʻiziston bilan harbiy razvedka boʻyicha hamkorlik kelishuvini tasdiqladi, u Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro munosabatlar va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlidagi harakatlarini aks ettiradi.

Hujjat ilk bor oʻtgan yilning iyul oyida Qirgʻiziston Bosh shtabi boshligʻi, general-mayor Rayimberdi Duyshenbiyev va Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi mudofaa vaziri, general-polkovnik Saken Jasuzakov tomonidan imzolangan edi. Bu Qozogʻiston harbiy delegatsiyasining Qirgʻizistonga ilk rasmiy tashrifi boʻldi, deb xabar beradi KazTAG.

Qozogʻiston hukumati kelishuvni 16-may kuni maʼqullagan.

Kelishuvga muvofiq, ikki mamlakat oʻrtasida muhim masalalar boʻyicha razvedka maʼlumotlari va ekspertlar baholari, shuningdek, xavfsizlikka tahdid tugʻdiradigan terrorchilik va boshqa tashkilotlarga oid maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov oʻtgan yilning 25-iyul kuni Bishkekka tashrif bilan kelgan Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi mudofaa vaziri Saken Jasuzakovni qabul qilmoqda. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov oʻtgan yilning 25-iyul kuni Bishkekka tashrif bilan kelgan Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi mudofaa vaziri Saken Jasuzakovni qabul qilmoqda. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Hujjat shuningdek, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni ham oʻz ichiga oladi.

Hamkorlik shartlariga muvofiq, ikki mamlakat umumiy foydalanishda boʻlgan harbiy razvedka maʼlumotlarini himoya qilishi, axborotni bir-biriga qarshi ishlatmasligi va uni oʻzaro kelishmasdan uchinchi tomonlarga bermasligi talab etiladi.

Kelishuv dastlabki besh yil mobaynida amal qiladi va tomonlardan biri uni bekor qilish niyatini bildirmasa, keyingi besh yillik muddat uchun avtomatik ravishda yangilanadi.

Mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish

Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari va xavfsizlik idoralari bungacha ham, jumladan, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilganlar, deydi olmaotalik isteʼfodagi armiya mayori Dauren Ospanov.

“Yuqori darajadagi mazkur kelishuv oʻzaro hamkorlikka yangi rasmiy maqom berilganini anglatadi, maqsad – hamkorlikning barcha shartlarini tartibga soluvchi huquqiy asos yaratish”, dedi u.

Terrorizm va ekstremizm tahdidlari Qozogʻiston va Qirgʻiziston uchun tobora dolzarb boʻlib bormoqda, deydi siyosat va xavfsizlik boʻyicha mutaxassis, bishkeklik Edil Osmonbetov.

Xavf faqatgina Suriya va Iroqni tark etib, qayta faoliyat boshlashga urinayotgan “Islom davlati” jangarilari toʻplangan Afgʻonistonda emas, balki fuqarolarining radikallashuv xavfi mavjud boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham mavjud, dedi u.

Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi harbiy razvedka shartnomasi Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatish yoʻlidagi muhim qadamdir, dedi Osmonbetov.

“Bu birlashgan geosiyosiy mintaqa yaratish va mintaqaviy xavfsizlikning umumiy kun tartibini shakllantirishimiz uchun yaxshi imkoniyat”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500