| Energiya

YIning yangi granti Markaziy Osiyoda suv va energetika xavfsizligini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi

Jahon banki


Qirgʻizistondagi gidroelektrostansiya, surat sanasi nomaʼlum. (Kristina Stulberger/Zoï Environment Network)

Qirgʻizistondagi gidroelektrostansiya, surat sanasi nomaʼlum. (Kristina Stulberger/Zoï Environment Network)

NUR-SULTON – Yevropa Ittifoqi (YI) va Jahon banki (JB) 23-may kuni Markaziy Osiyoda suv va energiya xavfsizligini mustahkamlash chora-tadbirlari uchun 7 million yevro (7,8 million dollar) miqdorida grant ajratishga oid shartnomani imzoladi.

Ajratilgan mablagʻ Markaziy Osiyo suv va energetika dasturiga (CAWEP) yoʻnaltiriladi. Ushbu dastur Jahon banki tomonidan bilim almashinuvi, tadqiqot ishlari, loyihalarni tayyorlash va siyosiy tavsiyalarni ishlab chiqishga oid maslahatlashuvlar orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga suv va energetika xavfsizligini mustahkamlashga koʻmaklashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Bunday hamkorlik mintaqa davlatlariga zoʻravonlikdan himoyalanishda qoʻl keladi, sababi ekstremistlar suv tanqisligi va chegara masalasidagi nizolardan foydalanib qolishi mumkin.


Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va Pokistonni bogʻlovchi “CASA-1000” elektr uzatish liniyasi Markaziy Osiyoda sof gidroenergetikadan foydalanishga koʻmaklashadi va ehtiyojdan ortiq elektr energiyani tanqislik mavjud boʻlgan hududlarga sotish imkonini beradi. Jahon banki videolavhasidan olingan kadrda tizim xaritasi aks etgan.

Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va Pokistonni bogʻlovchi “CASA-1000” elektr uzatish liniyasi Markaziy Osiyoda sof gidroenergetikadan foydalanishga koʻmaklashadi va ehtiyojdan ortiq elektr energiyani tanqislik mavjud boʻlgan hududlarga sotish imkonini beradi. Jahon banki videolavhasidan olingan kadrda tizim xaritasi aks etgan.

“Markaziy Osiyoda suv va energiya uzviy bogʻliq ekani sababli, ushbu hayotiy muhim resurslarni birgalikda boshqarish mintaqaning barqaror rivojlanishi, qashshoqlikni kamaytirish va iqlimga bardoshlilikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deb aytgan YIning Qozogʻistondagi elchisi Sven-Olov Karlsson JB bayonotida.

“YIning CAWEP loyihasi uchun ajratgan mablagʻi suv va energetika xavfsizligiga oid masalalardagi hamkorlik hamda mintaqaviy muloqotni kengaytirishga xizmat qiladi, mintaqa mamlakatlariga barqaror investitsiyalar va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun sharoitlarni yaxshilashga yordam beradi”, dedi u.

Boshqaruvni yaxshilash

Suv – Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim rol oʻynaydi.

Iqtisodiy rivojlanish, aholining koʻpayishi, urbanizatsiya va iqlim oʻzgarishi, shuningdek, muntazam ravishda yuz berib turadigan tabiiy ofatlar oqibatida suvga boʻlgan talabning ortib borishi – mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti uchun gʻov boʻladigan sezilarli muammolarni keltirib chiqaradi.

Suv resurslarini boshqarish siyosati va amaliyoti hozirgi holatda saqlanib qoladigan boʻlsa, suv tanqisligi mintaqa iqtisodiy koʻrsatkichlarining sezilarli darajada pasayishiga olib kelishi mumkin. Orol dengizining deyarli yoʻq boʻlib ketishi, chang boʻronlari va ularning qishloq xoʻjaligi ekinlari hamda inson salomatligiga salbiy taʼsiri rivojlanish sohasini mintaqaviy darajada muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda.

“Iqlim oʻzgarishlari sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish dunyoning boshqa mintaqalari bilan taqqoslaganda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun koʻproq manfaat keltirishi mumkin. Tadqiqotlarimizdan maʼlum boʻlishicha, dunyoning barcha mintaqalari ichida aynan Markaziy Osiyodagi iqtisodiy oʻsishga suvdan foydalanish modeli koʻproq taʼsir koʻrsatishi aniqlandi”, dedi JBning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy rahbari Liliya Burunchuk.

Samarali strategiya va investitsiyalar suv resurslarini boshqarishga oid muammolarni hal qilishdagi iqtisodiy xarajatlardan arzonroqqa tushadi.

Baholash natijalariga koʻra, Qozogʻiston uchun ayrim hududlarda suv taʼminoti xizmatlarining tanqisligi sabab koʻrilayotgan zarar, har yili suvdan umumiy foydalanishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan investitsiyalardan 200 mln. dollar qimmatroqqa tushmoqda.

Qozogʻistonda suv taʼminoti xizmatlarining yetishmovchiligi bilan bogʻliq yillik sarf-xarajatlar 750 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mamlakatda suv toshqinlaridan koʻriladigan yillik zarar YIM hajmining 2,25 foiziga teng.

Jiddiy muammolarni hal etish

CAWEP loyihasining avvalgi bosqichlarida erishilgan natijalar quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston va Tojikistonning 13 mingdan ortiq fermerlari “Orol dengizi havzasida iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturi” yordamida ekinlar hosildorligini oshirish uchun iqlim sharoitlarini inobatga oluvchi yechimlarni qoʻllash imkoniga ega boʻldilar.

Markaziy Osiyoda gidrometeorologiya xizmatlarini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida Qirgʻiziston va Tojikistonda 87 ta meteostansiya va 19 ta gidrologik stansiya qayta tiklandi, natijada ushbu mamlakatlardagi gidrometeorologik prognozlar aniqligi 30 foizga oshdi.

CAWEP dasturi koʻmagida Tojikistondagi Nurek gidroelektrostansiyasini rekonstruktsiya qilish loyihasi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda 77 foiz quvvat bilan ishlayotgan mazkur inshoot tubdan rekonstruksiya qilinadi, natijada qish oylarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 33 mln. kVt/soatga yetkaziladi.

(Jahon banki guruhi http://www.worldbank.org/terms manzilida koʻrsatilgan shartlar asosida ushbu materialdan foydalanishga ijozat beradi.)

Sizga maqola yoqdimi?

15
3
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha