http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/05/31/feature-01
| Terrorizm

“Islom davlati” tanazzulidan ikki oy oʻtib ham Suriyada tahdidlar kamaygani yoʻq

AFP va Karvonsaroy

23-may kuni “Islom davlati” Telegram tarmogʻida oʻz jangarilarining suratini joylashtirgan. (Fayl)

“Islom davlati” (ID) tor-mor etilgani haqidagi xabarlardan 2 oy oʻtib ham, ekstremistlarga toʻla yashirin guruhlar, qamoqxonalar, ularning ayollari va farzandlari bilan toʻlib-toshgan lagerlar Suriyaga tahdid solmoqda.

Jangari guruh bilan deyarli 5 yil davom etgan jangdan soʻng, 23-mart kuni AQSH boshqaruvidagi xalqaro koalitsiya ID “xalifaligi” tugatilganini eʼlon qildi.

Terrorchi guruh tomonidan boshqarilgan hududning yoʻq qilinishi uzoq muddat davom etgan nizoga chek qoʻydi, ammo Suriya demokratik kuchlari (SDK) va ularni qoʻllab-quvvatlayotgan harbiy koalitsiya jang tugamaganligini aytib ogohlantirmoqdalar.

4-aprel kuni “Islom davlati” Suriyaning Xoms shahridagi jangarilarining suratini Telegram tarmogʻiga joylashtirgan. (Fayl)

ID hamon “har hafta muntazam hujumlarni amalga” oshirish imkoniyatga ega, dedi Italiyaning Florensiya shahridagi Yevropa universiteti institutining ekstremistik harakatlar boʻyicha mutaxassisi Tor Xamming.

Ekstremistlar Bogʻuz qishlogʻida oʻziga tegishli soʻnggi kichik hududni boy bergan boʻlsa ham, Suriyaning katta sahrosi va mamlakatning boshqa yashirin joylarida oʻz taʼsirini saqlab qolgan.

Shu bilan birga, ular oʻz saflarini qayta tiklash maqsadida Afgʻoniston, Pokiston va Hindistonga koʻz tikkanlar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabariga koʻra, Afgʻonistonda IDning 2500 dan 4000 tagacha jangarisi bor.

May oyida ID “Pokiston viloyati” tuzilganini eʼlon qildi va “Hind viloyati” boʻlinmasi Kashmirning Hindiston boshqaruvidagi qismida hind kuchlariga qarshi uyutirilgan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi.

“Rivojlanish zamini”

Yangi Amerika xavfsizligi markazi tahlilchisi Nikolas Xeras ID hamon sezilarli darajada “mahalliy qoʻllab-quvvatlov tarmogʻiga” ega ekanligini aytib ogohlantirgan.

“IDning qayta tiklanish rejasining katta qismi uning sharqiy Suriya va gʻarbiy Iroqdagi mahalliy qabilalar bilan mustahkam aloqalarga ega ekaniga asoslanadi”, dedi u.

Rejim ham, AQSH qoʻllovidagi kuchlar ham IDning yashirin guruhlarini qoʻlga tushirishga harakat qilayotgan vaqtda shimoli-sharqiy Suriyada kurdlar boshqa bir yirik muammoga duch kelmoqda.

Minglab ekstremist jangarilar, jumladan yuzlab xorijliklar kurdlar yetakchiligidagi qamoqxonalarga joylashtirilgan, ularning yaqinlari esa legerlarda azob chekmoqdalar.

Ularning soni ekstremistlarni sud qilish niyatida boʻlgan yarim muxtor Kurd maʼmuriyati uchun jiddiy bosh ogʻriqqa aylangan.

ID jangarilari 2014-yildan beri odamlarni boshidan judo qilish, ommaviy qirgʻinlarni amalga oshirish, zoʻravonlik, odam oʻgʻirlash va etnik tozalash olib borishda ayblangan.

Ularni, shuningdek nikohsiz jinsiy aloqa qilgan ayollarni toshboʻron qilishda va besoqolbozlik bilan shugʻullanganlarni baland binolar tomidan tashlashda ham ayblashgan.

Tahlilchilarning soʻzlariga koʻra, aksar ekstremistlar qoʻlga olingan boʻlsa-da, ular hali ham xavfli hisoblanadi.

“Bu qamoqxonalar radikallashuv uchun rivojlanish zamini boʻlib xizmat qilmoqda”, deyiladi Sufan markazining 12-aprel kungi bayonotida.

“Shu bilan birga, ID rejalashtirgan qamoqdan qochish harakatlari xavfi ham katta”, deyiladi xavfsizlik tahlillariga asoslangan tashkilot bayonotida.

Xammingning soʻzlariga koʻra, “Suriyada ham, Iroqda ham bu qadar koʻp sonli mahbuslarni boshqarish uchun resurlar va siyosiy barqarorlik yetishmaydi”.

“Boʻlajak terrorchilarmi?”

Gʻarb davlatlarining koʻpchiligi oʻz fuqarolarini qaytarib olishdan bosh tortganidan soʻng, kurd rasmiylari xalqaro hamjamiyatdan yuqori xavfsizlik darajasiga ega qamoqxonalar yaratish va ularni qoʻriqlashni yoʻlga qoʻyishda yordam soʻramoqda.

Shunga qaramay, bir qator davlatlar yuzlab fuqarolarni oʻz vatanlariga qaytarib olib kelgan.

Kurd kuchlari chorshanba (29-may) kuni Suriya shimoli-sharqida IDga aloqador 148 dan ortiq oʻzbek ayoli va yosh bolani Oʻzbekiston diplomatlariga topshirdilar, yana 300 dan ortiq oʻzbekistonlikni oʻz vataniga yuborish rejalashtirilmoqda, deb xabar bergan rasmiylar.

10-may kuni esa Qozogʻiston aksari yosh bolalardan iborat 231 fuqarosini Suriyadan olib chiqib ketgan. Ular Suriyaga oʻz xohishi bilan borgan yoki majburan olib ketilganlardir.

Xuddi shunday qutqaruv operatsiyasi yanvar oyida ham oʻtkazilgan boʻlib, unda 47 nafar Qozogʻiston fuqarosi vataniga qaytgan, keyinchalik esa ular ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan.

Shu bilan birga, Suriyalik kurdlar qochqinlar lagerlari borasida ham yordam soʻramoqda, bunday lagerlarda IDga qarshi janglar sababli qochgan bir necha oʻn minglab odam toʻplangan.

Lagerlarda 12 ming xorijlik, jumladan, 4000 ta ayol va 8000 ta yosh bola nazorat ostida qolmoqda.

Ushbu maskanlarning eng yirigi boʻlgan Al-Holdagi odamlar soni 73000 dan oshgan, ularning keskin koʻpayib borishi natijasida sharoitlar yanada ogʻirlashmoqda.

Xalqaro qutqaruv qoʻmitasi lagerdagi bolalar orasida toʻyib ovqatlanmaslik, zotiljamga chalinish va suvsizlanish bilan bogʻliq jiddiy holatlar haqida xabar bergan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabar berishicha, 5 yoshgacha boʻlgan 211 nafar bola Al-Holga borayotganida yoki u yerga yetib kelganidan koʻp oʻtmay hayotdan koʻz yumgan.

Sufan markazining ogohlantirishicha, mazkur gumanitar inqiroz tashkilot safiga odam yollashda qoʻl kelishi mumkin.

“Jangarilar tashkilotni yoshartirish maqsadida bu maskanlardagi qiyin sharoitdan foydalanib qolishga urinmoqdalar”, dedi u.

Ehtimoliy jangarilarning zurriyotlari haqida soʻz yuritar ekan, suriyalik kurdlarning tashqi ishlar boʻyicha vakili Abdul Karim Umar shunday dedi: “Agar bu bolalar oʻz yurtlariga qaytarilmas, qayta tarbiyalanib, jamiyatga moslashtirilmas ekan, ular kelajakda terrorchilarga aylanadi.”

Sizga maqola yoqdimi?
9
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha