| Terrorizm

Qozogʻistonliklar: “Suriyadan qaytarilgan bolalarda ayb yoʻq”

Aydar Ashimov

Niqob taqqan betob ayolni Qozogʻistonga joʻnatish oldidan avtomobildan chiqarib olishmoqda. U 7- va 9- may kunlari olib borilgan “Jusan-2” operatsiyasi davomida vataniga qaytarilgan. KNB videolavhasidan olingan kadr.

ID safiga qoʻshilib, janglarda qatnashgan va toʻpigʻidan ayrilgan qozoq fuqarosi avtobus tomonga olib ketilmoqda. “Jusan-2” maxsus operatsiyasi, KNB videolavhasidan olingan kadr.

KNB videolavhasidan olingan kadrda Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan ayollar va bolalar, Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazi.

Mangʻistov viloyatidagi reabilitatsiya markazida oʻynayotgan Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan bolalar. KNB videolavhasidan olingan kadr.

NUR-SULTON – Qozogʻiston fuqarolarini Suriyadan qaytarish operatsiyasidan soʻng, koʻplab kuzatuvchilar odamlarni kechirimli boʻlish, ayniqsa “Islom davlati” (ID) jangarilarining farzandlariga nisbatan bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishga chaqirmoqdalar.

ID safida jang qilish uchun Suriyaga borgan jangarilarning oila aʼzolarini vataniga qaytarish boʻyicha operatsiya doirasida Qozogʻiston 200 dan ortiq fuqarosini Suriyadan vataniga qaytargan.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga koʻra, “Jusan” nomli yaqinda oʻtkazilgan operatsiya davomida 7- va 9-may kunlari 231 fuqaro, jumladan 156 nafar bola Qozogʻistonga olib kelingan.


7- va 9-may kunlari oʻtkazilgan “Jusan-2” operatsiyasi chogʻida maxsus kuchlar kuzatuvida farzandlari bilan samolyot tomonga ketayotgan ayol. KNB videolavhasidan olingan kadr.

7- va 9-may kunlari oʻtkazilgan “Jusan-2” operatsiyasi chogʻida maxsus kuchlar kuzatuvida farzandlari bilan samolyot tomonga ketayotgan ayol. KNB videolavhasidan olingan kadr.

Xuddi shunday operatsiya yanvar oyida ham amalga oshirilgan, oʻshanda Qozogʻiston hukumati Suriyadan 47 nafar fuqaroni qaytargan edi.

Qozogʻiston terrorizmga qarshi kurashni davom ettiradi, biroq oʻz fuqarolaridan voz kechmaydi, degan edi u “Jusan” operatsiyasining davom ettirilishini maʼlum qilib.

Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yerjan Ashikbayev va Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) departamenti rahbari Bakitbek Rahimberdiyev 13-may kuni Nur-Sultonda “Jusan-2” operatsiyasining tafsilotlariga bagʻishlangan qoʻshma matbuot anjumanini oʻtkazdilar.

“Biz nizo hududlaridan 231 qozogʻistonlikni, jumladan 16 erkak, 59 ayol va 156 nafar yosh bolani olib chiqishga muvaffaq boʻldik”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida matbuot anjumanidan soʻng eʼlon qilingan xabarda.

“Mazkur insonparvarlik operatsiyasi Amerika Qoʻshma Shtatlarining logistik qoʻllovi bilan amalga oshirildi. Shuningdek, loyihada Suriya demokratik kuchlari ham muhim rol oʻynadi”, deyiladi vazirlik saytida.

Evakuatsiya qilingan qozogʻistonliklarning baʼzilari pasportini yoʻqotgan va bolalarning aksari ID tomonidan nazorat qilingan hududlarda tugʻilganlar, deb bayonot bergan vazirlik.

“Hozirda Suriyada 200 dan ortiq qozoq fuqarolari qolmoqda, ularning koʻpchiligi maktabgacha yoshdagi bolalardir”, deyiladi xabarda. “Jusan operatsiyasi davom ettiriladi.”

Bolalar aybsiz

18-may kuni KNB oʻzining YouTube kanalida “Djusan-2” deb nomlangan videolavhani eʼlon qildi, unda qozogʻistonlik harbiylarning oʻz vatandoshlarini uyga qaytarishga qanday yordam bergani aks etgan.

Videolavhada qoʻrquvga tushgan farzandlarini bagʻriga bosib turgan, bir necha yillarga choʻzilgan urush va judoliklardan aziyat chekkan ayollar koʻrsatiladi.

Boshqa kadrlarda zambilda olib ketilayotgan hijob oʻragan betob qozoq ayolining samolyotga olib chiqilayotgani, urushda oyogʻidan ayrilgan sobiq ID jangarisining qoʻltiqtayoqda, maxsus kuchlar kuzatuvida yurib ketayotgani aks etgan.

“Suriyadan kelgan ayollar posttravmatik stress holatida edilar. Ular tushkunlikda, tinmay yigʻlar edilar. Ularda oʻta yuqori darajadagi bezovtalik bor edi”, dedi videolavhada soʻzlagan KNB akademiyasi psixologi Lola Shakimova.

Uning aytishicha, ayollarning ertangi kunga ishonchi soʻnib, hamma narsadan qoʻrqadigan boʻlib qolishgan.

“Suriyada ular taʼqib qilingan va qoʻrquv ostida boʻlgan”, deydi Shakimova.

“Qaytib kelishganidan bir oz vaqt oʻtib, biz bolalarning koʻzlarida quvonch alomatlarini koʻrdik. Ular qaytganlaridan va umuman boshqa sharoitda ekanliklaridan baxtiyor edilar", dedi u videolavhada. “Baʼzilari hayotlarida birinchi marta oʻyinchoq degan narsani koʻrishdi. Bolalarda ayb yoʻq. Ular ota-onalarining qilmishlari uchun javobgar emaslar.”

Qaytgan ayollardan biri, ID uni va turmush oʻrtogʻini Qozogʻistonga qaytish niyati paydo boʻlgani uchun qamab qoʻyganini va ularni oʻldirish bilan tahdid qilganlarini soʻzlab berdi, deydi Shakimova.

“Koʻpchilik qochishga urindi, ammo hammayoq minalarga toʻla edi”, deydi koʻzlari yoshga toʻlgan qozogʻistonlik ayol vatanga qaytish orzusida boʻlgan fuqarolar haqida soʻzlar ekan. “Ular minaga duch kelib portlab ketar edilar, baʼzilarni esa snayperlar otib tashlar edi.”

U Qozogʻistonga qaytganidan keyingina oʻzini xavfsiz his qila boshlagani va Suriyaga ketganidan “chuqur afsusda” ekanligini aytadi.

“Biz toʻrt oy qamoqda boʻldik”, dedi ota-onasi Suriyada IDga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan qozogʻistonlik bola. “Keyin qozogʻistonliklar kelib, bizni bu yerga olib kelishdi.”

Videolavhada qutqarilganlar orasida homilador ayollar va hatto 3-7 kunlik chaqaloqlar ham borligini koʻrish mumkin.

Videodagi shifokorning soʻzlariga koʻra, ayollar va 8-9 yoshdagi bolalarda hech boʻlmaganda bitta otishma jarohatlari kuzatiladi.

Aksariyat bolalar yashash sharoitlari yomon boʻlgani va ona homiladorlik vaqtida asabiylashgani tufayli surunkali kasalga chalingan, deydi shifokorlar.

Shu bilan birga, bolalarning koʻpchiligi na oʻqiy oladi, na yoza oladi, ranglarni farqlay bilmaydi va ruhiy rivojlanishida kechikish bor, deydi ular.

Qozogʻiston diniy idorasi shafqatli boʻlishga chaqirmoqda

Qozogʻistonliklar internetda ushbu hodisaga oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar, ularning aksariyati ID terrorchilari safiga qoʻshilganlarni qoralagan.

11-may kuni Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) qozogʻistonliklarni turmush oʻrtoqlari, ota-onalari tanlovi sababli Suriyaga ketishga majbur boʻlganlarga nisbatan shafqatli boʻlishga chaqirdilar.

QMDIning xabariga koʻra, qutqarilgan 156 nafar bogʻcha yoshidagi boladan 18 tasining ota-onasi yoʻq.

“Ijtimoiy-reabilitatsiya tadbirlari natijasida” yanvar oyida Suriyadan qaytgan qozogʻistonliklar ish bilan taʼminlangan, ular oʻz yaqinlari bagʻriga qaytgan, bolalar esa maktab va bogʻchalarga joylashtirilgan, deb xabar bergan QMDI.

Shunday boʻlsa-da, qaytganlar orasida ID safiga qoʻshilishda aybdor deb topilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

QMDI bayonotida “Biz oʻz birodarlarimiz va singillarimizga oʻlim tilamaymiz”, deyiladi.

“Biz ularga nisbatan shafqatli boʻlishga chaqiramiz”, deb qoʻshimcha qilinadi bayonotda. “Qaytayotganlarning yosh bolalari ularning xorijdagi qilmishlari uchun aziyat chekmasligi kerak.”

“QMDI qozogʻistonliklar, ayniqsa yoshlarni buzgʻunchi va ekstremistik harakatlar taʼsiriga tushmaslikka, ijtimoiy tarmoqlarda shubhali vaʼz-nasihatlarni tinglamaslikka, diniy masalalarga kelganda ogoh boʻlish va soxta din targʻibotchilariga moddiy yordam bermaslikka chaqiradi”, deyiladi tashkilot xabarida.

Sizga maqola yoqdimi?

40
9
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat Captcha
| 2019-06-09

Suratlar Qozogʻiston emas, Oʻzbekistondan

Javob berish