http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/06/07/feature-01
| Diplomatiya

Markaziy Osiyodagi ziddiyatlar Si va uning “eng yaqin doʻsti” Putin oʻrtasidagi munosabatlarga putur yetkazmoqda

AFP va Karvonsaroy

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan Moskva boʻylab safar qilmoqda, 5-iyun kuni olingan surat. Si Putinni “uning eng yaqin doʻsti” deb atagan. (Kreml)

MOSKVA – Markaziy Osiyodagi strategik raqobat Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi “yorqin” hamkorlik munosabatlarga putur yetkazishi mumkin.

Xitoy prezidenti Si Tszinpin juma (7-iyun) kuni Rossiyada boʻlib oʻtgan iqtisodiy forumning faxriy mehmoni boʻldi. Unda ikki qoʻshni davlat umumiy muammolar va ziddiyatlarga qaramay, mushtarak maqsadlarini namoyish etdilar.

Si chorshanba (5-iyun) kuni Vnukovo aeroportida prezident Vladimir Putin bilan 3 kunlik uchrashuv uchun faxriy mehmon sifatida kutib olindi. U keyinroq Kremlda oʻtgan iliq uchrashuv chogʻida Rossiya rahbarini oʻzining “eng yaqin doʻsti” deb atadi.

5-iyun kuni Kremlning Moskvada boʻlib oʻtgan rasmiy kutib olish marosimi. Xitoy rahbari Si Tszinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin – oʻrtada. (Kreml)

Sining tashrifi davomida elektron savdo, telekommunikatsiya, gaz va boshqa sohalarda bir qator shartnomalar imzolandi.

Rahbarlarning tabassumlari va vaʼdalari Rossiya va Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkilotida Eron, Suriya va Venesuelaning repressiv diktaturasini qayta-qayta qoʻllab-quvvatlashi manzarasida yuz bermoqda.

Ayro manfaatlar

Ikki davlat rahbarlari bir-birlariga qarata maqtov soʻzlarini aytib, biznes shartnomalarni eʼlon qilgan holda kelajakdagi hamkorlik haqida suhbatlashsalar-da, Markaziy Osiyodagi manfaatlari ayro ekanligi sababli uzoq muddatli strategik ittifoq tuza olmasliklari aniq.

Sababi, mintaqada Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi manfaatlar – Moskva himoya, Pekin esa sarmoya bilan shugʻullanuvchi birodarlik kelishuvi haqidagi taxminlar puchga chiqmoqda, deydi tahlilchilar.

Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya oʻzaro raqobatchi”, deb aytgan edi mart oyida Kiyevdagi Armiya, qayta tayyorlash va qurolsizlantirish tadqiqotlari markazining Osiyo va Tinch okeani boʻlinmasi rahbari Yuriy Poyta.

Xitoy “yumshoq kuch” siyosatining muhim vositasi boʻlgan investitsiya loyihalarini Rossiyaning ularni himoya qilish istagiga bogʻliqligini koʻrishni istamaydi, deb qoʻshimcha qildi u.

Xitoy dunyoda ikkinchi eng kuchli iqtisodiyot boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari u bilan munosabatlarini mustahkamlashga intiladi. Rossiyaning turgʻun iqtisodi esa dunyo boʻyicha 12-oʻrinni egallagan.

Oʻz oʻrnida, Pekin mintaqada loyihalarni qoʻllab-quvvatlab kelgan va yirik hajmdagi investitsiyalarni kiritgan.

Bu yoʻnalish Rossiyaning Markaziy Osiyodagi taʼsiri uchun xavf tugʻdiradi, sababi Moskva bu hududni oʻz “tomorqasidek” koʻrib kelgan, dedi Poyta.

“Moskva mintaqaga harbiy kuchdan boshqa, siyosiy sohada hech qanday taklif bera olmasligi bilan, Pekin qudrat toʻplab, barcha Markaziy Osiyo davlatlarini qamrab olishiga tinch qarab turmaydi”, dedi u.

Rossiyaning soʻnggi harakatlari Markaziy Osiyo fuqarolariga maʼqul kelmadi. Oʻtgan yil sentyabr oyida Rossiya eng katta harbiy mashqlarni oʻtkazar ekan, Kremlning maqsadlari ularni tashvishga solgan.

“Vostok-2018” deb nomlangan keng koʻlamli harbiy mashqlar 300 mingdan ortiq askarlar, 36 mingta harbiy mashina, 1000 ta samolyot va 80 ta kema ishtirokida oʻtkazilgan.

Bir vaqtning oʻzida Rossiyaning Gruziya va Ukraina hududlarini bosib olishi, Suriya urushida Bashar Asad hukumatini qoʻllab-quvvatlashi Markaziy Osiyo davlatlarini Kremlning butun dunyodagi zararli taʼsiridan xavotirlanishga majbur qilmoqda.

Oʻtgan yil Gruziyada janubiy Osetiya okkupatsiyasining 10 yilligi nishonlandi. Rossiya harbiy kuchlari Abxaziyani 1993 yilda bosib olgan edi.

“Ikki yovuzlikdan yengilrogʻi”

Ikki mamlakatning abadiy doʻstlik haqidagi rasmiy bayonotlari ham Rossiyaning sobiq dushmaniga qaramligi kuchayib borayotganini rad etmoqda.

Chor Rossiyasi tarafidan oʻsha vaqtda hozirgidan ancha zaif boʻlgan Xitoyga qabul qildirilgan 1869-yilgi shartnoma tufayli kelib chiqqan chegaraga oid ziddiyat ikki oʻrtada ancha vaqtga choʻzilgan edi. Mazkur hal etilmagan muammo 1969-yilda bir necha yuz askarning oʻlimiga sabab boʻlgan otishmani keltirib chiqargan.

Bahslar ikki mamlakat 2004-yilda navbatdagi shartnomani imzolaguniga qadar davom etgan. Ruslar Rossiyaning resurslarga boy Uzoq Sharq mintaqasida bor-yoʻgʻi 8,3 million, Xitoyning ushbu mintaqa bilan chegaradosh 3 ta viloyatida esa 90 million xitoylik yashashini bila turib, oʻz-oʻzlariga “Xitoyning achchiq oʻtmishi haqiqatda ortda qolganmi?” deya savol berayotgan boʻlsalar ajab emas.

Bu ham yetmagandek, Sibir va Uzoq Sharq oʻlkalarida yashovchi ruslar oʻrmonlarni tap-taqir holga keltirayotgan xitoylik daraxt kesuvchilardan bezor boʻlishgan.

Shunday boʻlsa-da, yaqinda Rossiya tarafidan sodir etilgan zoʻravonlik harakatlarining oqibatlari Moskvani sharqdagi qoʻshnisiga yuzlanishga majbur etgan.

Gʻarb davlatlarining sanksiyalari tufayli larzaga kelgan Rossiya iqtisodiyoti 2017-yilda retsessiyadan chiqqanidan soʻng, joriy yilning birinchi choragida atigi 0,5 foizga oʻsgan.

Ehtimol, Gʻarbning Ukraina boʻyicha sanktsiyalaridan soʻng Sharq tarafga yuzlangan Rossiya voqelikdan yiroq natijalarni kutgan boʻlsa-da, oʻshandan beri Rossiya tashqi savdosida Xitoyning ulushi qariyb ikki baravar oshdi, deydi Moskvadagi Karnegi markazining Osiyo boʻyicha dasturiga rahbarlik qiluvchi Aleksandr Gabuyev.

“Haqiqatan ham, burilish yuz bermoqda”, dedi u beqaror munosabatlar sharoitida ham Rossiya Xitoyning iqtisodiy qudratiga qaram boʻlganini nazarda tutib.

Kremlga koʻra, hamkorlik natijasida oʻzaro savdo hajmi oshmoqda, 2018-yilda u 25 foizga oʻsib, rekord miqdordagi 108 milliard dollarga yetgan.

Putinning tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi Yuriy Ushakov Xitoyni “Rossiyaning eng muhim iqtisodiy hamkori” deb atagan.

Moskva iqtisodiy oʻsishni taʼminlash yoʻlida Xitoy bilan hamkorlikni “ikki yovuzlikdan yengilrogʻini tanlash” sifatida koʻrmoqda, dedi Gabuyev. Buning muqobili esa – mamlakat ichida tub islohotlar oʻtkazish va Gʻarb bilan yarashishdir.

Sizga maqola yoqdimi?
22
Yo‘q
Fikrlar 12
Siyosat
Captcha
| 2019-06-19

Si Tzinpin Xitoy prezidenti emas !!! U davlat kotibi !!! Bu oddiy odamga ham maʼlum-ku. Jurnalistlarni qayerdan topasizlar? Maqola jurlalistning oʻziga oʻxshagan noxolis. Safsata

Javob berish
| 2019-06-16

Birinchidan, hozir Rossiyaning taʼsiri yoʻq. Shunga oʻxshagan nimadir bor, xolos. Chunki Rossiya kimgadir yoki nimagadir taʼsir koʻrsatadigan mamlakat emas. Ikkinchidan, Xitoyning yovuzligi Rossiyadan kamroq.

Javob berish
| 2019-06-16

Oddiy qirgʻizlardan xitoyliklar haqida soʻrab koʻring. Koʻpchilik Rossiya taʼsirini maʼqul koʻradi

Javob berish
| 2019-06-15

Xitoy yerlarni egallab olmayapti (Uzoq Sharqdan tashqari, chunki bu hududlar tarixan Xitoyniki hisoblanadi), lekin u siyosatchilarni sotib olishi mumkin. Umuman olganda bu oʻsha siyosatchilarning muammosi, Xitoyning emas. Qaytanga, yaxshilab harakat qilinsa, Xitoy juda foydali va jozibali (hamkor) boʻlishi mumkin. U bamisoli Osiyodagi AQSH kabidir. Xitoyliklar sor qushlari emas, razillar ham emas. Bu koʻhna va taraqqiy etgan sivilizatsiyadir. Aroqning oʻrniga ular faqat choy va suv ichadilar.

Javob berish
| 2019-06-14

Xitoy Qirgʻiziston uchun foydali hamkor hisoblanadi, bu vaqtda Rossiya oʻz iqtisodiyotini eplay olmayapti, Gʻarb bilan aloqalari ham keskinlashgan. Rossiya Gʻarbdan ajralib qolganiga 10 yildan oshdi, aslida uning iqtisodi oʻsmayapti, bu ijtimoiy muammolarni (ishsizlik, maoshlarning pastligi, aholining kambagʻallashuvi kabi) keltirib chiqarmoqda. Xitoy esa bu vaqtda dunyodagi eng yirik importchi va eksportchi mamlakat boʻlib qolmoqda...

Javob berish
| 2019-06-14

Boʻlmagan gap. Markaziy Osiyoliklar Rossiyadan umuman xavotirda emaslar.

Javob berish
| 2019-06-08

Rivojlangan, ilgʻor va sivilizatsiyalashgan Xitoy, yovvoyi, qoʻpol va kambagʻal Rossiyadan yaxshiroq.

Javob berish
| 2019-06-12

Xitoy Shinjondagi mehnat lagerlari, hududlarni bosib olish, mahalliy aholini qulga aylantirish deganidir. Xitoy faqat oʻz manfaatini oʻylaydi. Uni yaxshiroq deb kim aytdi? Aynan nimasi bilan yaxshi?

Javob berish
| 2019-06-14

Rossiyadan farqli oʻlaroq Xitoy begona hududlarni bosib olayotgani yoʻq. Xitoydagi istalgan qayta tarbiyalar maskani Rossiyada jazoni oʻtash muassasasidan yaxshiroqdir. Rossiya bu qoloqlik, nochorlik, razillik, vahshiylik va toʻngʻizlik demakdir. Rossiya Golodomor va genotsid demak. Rossiya bu ommaviy qotilliklar va deportatsiyalar. Rossiya oʻz til va madaniyatingning kamsitilishi demakdir.

Javob berish
| 2019-06-15

Tarixni oʻrganish kerak, Xitoy yerlarni doim harbiy kuch bilan egallab kelgan, jumladan, Moʻgʻuliston, Vetnam va Hindistonni ham. Dalay-lamay haligacha Hindistonda yashaydi.

Javob berish
| 2019-06-16

Moʻgʻuliston - mustaqil va erkin mamlakat. Xitoy butun boshli orollarni egallab olgan Rossiyadan farqli oʻlaroq (Kuril orollari bilan bogʻliq bahs nazarda tutilmoqda), bir duym yerni ham bosib olmagan.

Javob berish
| 2019-07-28

Moʻgʻuliston aholisi 3 milliondan oshmaydi. U yerda ishlayotgan xitoyliklar soni esa qariyb 1 million. 10 yildan keyin nima boʻladi?

Javob berish