http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/06/10/feature-01
| Biznes

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadlari uchun 11 mln. yevro ajratadi

Aydar Ashimov

Qozogʻistondagi Yevropa kunlari chogʻida tashrifchilar Qozogʻiston va Yevropaning birdamligini ifodalovchi yozuvlarni qoldirmoqdalar. Nur-Sulton, 12-iyun. (Aydar Ashimov)

NUR-SULTON – Yevropa Ittifoqi (YI) mintaqadagi raqobatbardoshlik va iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish uchun Markaziy Osiyodagi biznes loyihalarga 11 million yevro (12,4 million AQSH dollari) sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Qozogʻistondagi YI delegatsiyasi 28-may kuni Nur-Sulton shahrida “Central Asia Invest V” dasturiga bagʻishlangan axborot sessiyasida bu borada rejalarini eʼlon qilgan.

“Central Asia Invest V” dasturining maqsadi “investitsiyalar hajmini oshirish, xususiy sektorni rivojlantirish va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodini diversifikatsiya qilish uchun biznesning raqobatbardoshligini oshirish hamda qoʻllab-quvvatlashdir”, deyiladi YI bayonotida.

29-may - 2-iyun kunlari Markaziy Osiyoga safar qilgan Yevropa Kengashi rahbari Donald Tusk 31-may kuni Nur-Sulton shahrida Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. (Nazarboyev matbuot xizmati)

Ushbu dastur doirasida Yevropa Ittifoqi kichik va oʻrta biznes korxonalarini rivojlantirish, soliqlarni tartibga solish va norasmiy iqtisodiyot masalalarini hal qilish, hududlararo va xalqaro savdoni rivojlantirish, tadbirkorlar va ish izlayotgan shaxslarning imkoniyatlarini oshirishga yordam beruvchi takliflar tanlovini eʼlon qilgan.

Tanlov 24-iyunga qadar davom etadi.

Delegatsiya Qozogʻistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida yaqin aloqalar va hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholagan.

YIning Qozogʻistondagi elchisi Sven-Olov Karlssonning aytishicha, “tashqi savdo va investitsiya siyosatidagi yutuqlarini inobatga olgan holda mamlakat mintaqalararo integratsiyani qoʻllab-quvvatlashda yetakchi rolni oʻynashi mumkin”.

“U inson kapitali taraqqiyoti va mintaqada qashshoqlikni kamaytirish boʻyicha yuksak darajalarga erishgan hamda oʻz qoʻshnilari bilan almashishi mumkin boʻlgan ilgʻor tajriba va qimmatli koʻnikmalarga ega”, deb qoʻshimcha qildi Karlsson.

“Central Asia Invest” dasturi 2007-yilda ishga tushirilgan. Dastlabki 10 yil mobaynida umumiy qiymati 23 million yevroga teng 34 ta loyiha moliyalashtirildi. Ushbu loyihalar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari biznes korxonalarining hamkorligida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, “60 dan ziyod biznes tashkilotlari mintaqaviy integratsiyaga koʻmaklashgan holda mikro, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz imkoniyatlari va koʻnikmalarini kengaytirishga muvaffaq boʻldi”, deyiladi xabarda.

Chimkentlik siyosiy tahlilchi Rauan Dautaliyevning fikricha, Yevropa Ittifoqining mazkur tashabbusi Qozogʻiston va butun mintaqada qashshoqlikka qarshi kurash va yoshlar radikallashuvining oldini olishda yordam beradi.

“Yevropa Ittifoqi Qozogʻistonning eng asosiy sheriklaridan biri”, dedi u intervyusida. “Markaziy Osiyo boʻyicha yangi dasturning qabul qilinishi bilan koʻplab dolzarb masalalar jumladan, mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlik boʻyicha aloqalar yanada mustahkamlanmoqda”.

“Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar aholining radikallashuvi uchun zamin yaratuvchi omillar hisoblanadi”, deydi Dautaliyev. “Iqtisodiy barqarorlik, biznesni rivojlantirish, bandlik, barqaror daromad va aniq maqsadlar – radikallashuv, terrorizm va zoʻravonlik ekstremizmining tarqalishiga qarshi kurashda yaxshi samara beradi”.

Uning aytishicha, “ehtimoliy terrorchining qiyofasi har doim ham aniq boʻlmasa-da, ijtimoiy tartibsizliklar va qashshoqlik kimlarnidir radikallashuv tomon yetaklashi mumkin.”

Oʻsib borayotgan hamkorlik

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi hamkorligi mintaqa davlatlariga oʻz chegaralari xavfsizligining mustahkamlashga koʻmaklashuvchi “Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish” dasturini ham oʻz ichiga olgan.

Yevropa Ittifoqi uchun umumiy siyosat yoʻnalishlarini belgilab beruvchi Yevropa Kengashi (YK) 15-may kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan “kuchli, zamonaviy va hech kimni ajratmaydigan hamkorlik” oʻrnatishni koʻzda tutuvchi yangi strategiyani qabul qildi. Bu kabi axborot sessiyalari Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʻizistonda oʻtkazilgan.

Yevropa Ittifoqi 2014-2020-yillar davomida qonun ustuvorligini taʼminlash, atrof-muhit, suv, savdo va chegara boshqaruvi kabi yoʻnalishlarida Markaziy Osiyo mamlakatlariga jami 1 milliard yevrodan koʻproq (1,1 milliard AQSH dollari) investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga yangi grant ajratishi haqida eʼlon qilganidan bir kun oʻtib, 29-may kuni Yevropa Ittifoqi rahbari Donald Tusk Markaziy Osiyo boʻylab safarini boshlagan.

Tusk 29-may – 2-iyun kunlari boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda har bir davlat rahbarlari bilan mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlik, atrof-muhit, chegara boshqaruvi va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Tuskning Qozogʻistonga rasmiy tashrifi 31-may kuni Nur-Sultonda Yevropa kunining nishonlanishi bilan bogʻliq boʻldi. “Nur-Sulton” balet teatrida “Xilma-xillikdagi birdamlik” deb nomlangan maxsus dastur namoyish etildi.

Yevropa madaniyati va anʼanalari bilan tanishtirishni koʻzlagan tadbir Qozogʻistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan tashkillashtirildi.

“Qozogʻiston Yevropa Ittifoqining asosiy hamkori. Munosabatlarimiz hech qachon hozirgidek mustahkam boʻlmagan”, dedi YI diplomati Karlsson kontsert oldidan.

Kontsertda Qozogʻiston rasmiylari, Nur-Sultondagi diplomatik korpus vakillari, tadbirkorlar, poytaxt aholisi va mehmonlari ishtirok etdi.

“Kontsert Qozogʻistondagi Yevropa kunlari doirasida oʻtkazildi. Biz ajoyib sanʼat asarlari orqali Yevropa va uning qadriyatlari ruhini his qildik”, deydi Nur-sultonda istiqomat qiluvchi 51 yashar Aynur Omarova.

Sizga maqola yoqdimi?
3
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha
| 2019-06-15

Men chakana savdo ekspeditoriman. Men bu sohaning barcha nozik taraflarini bilaman va koʻp narsa oʻrganganman. Endi oʻz biznesimni boshlamoqchiman. Menga mablagʻ kerak

Javob berish