Karvonsaroy
Xavfsizlik

Markaziy Osiyoda raqamli savodxonlik va OAV xavfsizligiga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazildi

Aydar Ashimov

Internet sohasini rivojlantirish boʻyicha 10-Markaziy Osiyo yillik forumi ishtirokchilari birgalikda suratga tushmoqdalar, 31 may, Olmaota. (Facebook)

Internet sohasini rivojlantirish boʻyicha 10-Markaziy Osiyo yillik forumi ishtirokchilari birgalikda suratga tushmoqdalar, 31 may, Olmaota. (Facebook)

OLMAOTA – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Markaziy Osiyoda internet sohasini rivojlantirishga koʻmaklashib, mintaqada dezinformatsiya, adovat qoʻzgʻash va zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Internet sohasini rivojlantirish boʻyicha 10-Markaziy Osiyo yillik forumi Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi tomonidan tashkil etildi. “Raqamli savodxonlik: vakolatlar, xavfsizlik va isteʼmol” deb nomlangan forum 30-31-may kunlari Olmaotada boʻlib oʻtdi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan 200 ga yaqin hukumat rasmiylari, fuqarolik jamiyati vakillari, nodavlat ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, diplomatik korpuslar, mutaxassislar, huquqshunoslar va jurnalistlar ishtirok etdilar.

Ular orasida Belarus, Chexiya respublikasi, Singapur va Ukraina vakillari ham bor edi.

Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi rahbari oʻrinbosari Diana Digol 30-may kuni Olmaotada boʻlib oʻtgan Internet sohasini rivojlantirish boʻyicha 10-Markaziy Osiyo yillik forumida nutq soʻzlamoqda. (Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi)

Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi rahbari oʻrinbosari Diana Digol 30-may kuni Olmaotada boʻlib oʻtgan Internet sohasini rivojlantirish boʻyicha 10-Markaziy Osiyo yillik forumida nutq soʻzlamoqda. (Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi)

Xalqaro va mahalliy mutaxassislar Markaziy Osiyoda davlat, OAV va jamiyatning axborot muhitini rivojlantirishdagi roli, internetning odamlar hayoti va OAVga taʼsiri, informatsion savodxonlik, faktlarni tekshirish va soʻz erkinligi haqida suhbatlashdilar.

Ikki kunlik tadbir davomida ishtrokchilar kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlarni himoyalash muammolarini muhokama qildilar.

Tajriba almashinuvi

“Internet OAV rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va aholiga, jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali axborotni zudlik bilan yetkazishga yordam beradi”, dedi tadbir davomida Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasining rahbari oʻrinbosari Diana Digol.

“Ammo shu bilan birga, u jiddiy muammolar manbai ham boʻlib, fikrni ifoda etish va soʻz erkinligiga tahdid soladi”, dedi u. “Shuni inobatga olgan holda, internetda OAVni huquqiy tartibga solish mexanizmlari salohiyatini oshirish lozim.”

“Raqamli davrning eng katta muammolaridan biri unda barchaning ishtirok etishidir”, deydi Germaniyadagi “Konrad Adenauer” jamgʻarmasining Qozogʻistondagi vakolatxonasi vakili Tomas Xelm.

“Yaxshi raqamli aloqa sanoqli odamlar uchun koʻngilochar maydon emas, balki zamonamizning muhim vakolatlaridan biridir”, dedi u. “Shu sabab, raqamli savodsizlik bilan kurashish oqilona media-siyosatning tarkibiy qismi boʻlishi kerak.”

Nur-Sultondagi kiber hujumlarni oʻrganish va tadqiq qilish markazi rahbari Arman Abdrasilov forumda oʻz mamlakati erishgan yutuqlarni sanab oʻtdi.

2017-yil yanvarda Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev Milliy xavfsizlik qoʻmitasiga mamlakatda “Kiber-qalqon” tizimini ishlab chiqish vazifasini yukladi, dedi Abdrasilov.

“Natijada oxirgi ikki yil ichida Qozogʻistonda bu sohada boshqa mamlakatlarda 7-10 yilda bajariladigan ishlar amalga oshirildi”, dedi u.

U mazkur sohada bir qancha muammolar, jumladan mutaxassislar yetishmovchiligini eʼtirof etar ekan, OAV va nodavlat tashkilotlarning raqamli xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidlagan.

Xavf-xatarlar

Bugungi kunda Qirgʻizistonda 2 milliondan ortiq internet va 7 millionga yaqin mobil internet foydalanuvchisi bor. Bu haqda Bishkekda joylashgan ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi eksperti Almaz Ismanov forumdagi chiqishida aytib oʻtgan.

“Har bir qirgʻizistonlikda 2-3 tadan sim-karta bor” dedi u mobil internet foydalanuvchilarning aholi sonidan koʻpligi sababini tushuntirib. “Shu bilan bir vaqtda, 65 foiz ota-onalar farzandlarining ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishi cheklamaydi.”

Uning qayd etishicha, Qirgʻizistondagi oʻrta taʼlim maktablarining oʻqituvchilari uchun 2012-yildan beri media-savodxonlik treninglari oʻtkazib kelinmoqda. Shuningdek, oʻqituvchilar uchun oʻquv qoʻllanmalari, bolalar uchun oʻquv multfilmlari ishlab chiqilgan.

Internetda maʼlumotlar xavfsizligini himoya qilish muhim, deydi qirgʻizistonlik jurnalistlardan biri.

“Internetga oʻzi va yaqinlari, ayniqsa bolalarning suratlarini joylamagan maʼqul. Sizning maʼlumotlaringiz va suratlaringizdan gʻarazli maqsadda foydalanishlari mumkin”, deydi kiberxavfsizlik boʻyicha treninglardan oʻtgan Qirgʻiziston Telegraf agentligi muxbiri, bishkeklik Munara Borombayeva.

Qirgʻizistonliklarning hayotida internet paydo boʻlib, ular ijtimoiy tarmoqlarga aʼzo boʻlish va turli messenjerlardan foydalanishni boshlaganiga 10-15 yil boʻldi, lekin “biz internet ortiga yashiringan xavflarni endi-endi tushunib yetyapmiz”, deydi Borombayeva.

“Masalan, terrorchilar oʻz saflariga odam yollash uchun ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalanadilar. Internetda juda koʻp yolgʻon xabarlar chiqadi, odamlar ularga ishonadilar va tarqatadilar”, dedi u.

“Axborot savodxonligi boʻlmagan odamni boshqarish oson”, dedi Munara Borombayeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xalqaro forumda Markaziy Osiyodagi raqamli savodxonlik va axborot xavfsizligi muhokama qilindi

Javob berish