Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston qurol-yarogʻ omborida yuz bergan portlash yuzasidan tergov boshladi

Aydar Ashimov va AFP

Arisdagi oʻq-dori omborida yuz bergan portlash guvohlaridan biri tomonidan 24-iyun kuni Facebook tarmogʻida joylangan surat. [Facebook]

Arisdagi oʻq-dori omborida yuz bergan portlash guvohlaridan biri tomonidan 24-iyun kuni Facebook tarmogʻida joylangan surat. [Facebook]

ARIS, Qozogʻiston – Seshanba (25-iyun) kuni Qozogʻiston prezidenti qurol-aslaha omborida sodir boʻlgan portlash yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. Ushbu hodisa tufayli mamlakat janubidagi shaharchada ikki kishi hayotdan koʻz yumgan, 165 kishi jarohatlangan, deb xabar beradi AFP.

Dushanba (24-iyun) kuni yuz bergan portlashlar sababli 40 ming kishi yashovchi Aris aholisi evakuatsiya qilingan, mudofaa vazirligi bunga omborxonada kelib chiqqan yongʻin sabab boʻlganini maʼlum qildi. Aholi xavfsiz joyga koʻchirilgan.

Aholi Chimkent shahriga va portlash markazidan 25-35 kilometr masofadagi Muntaytas, Kabilsay va Shagʻir qishloqlariga koʻchirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan odamlar hududni tark etayotgani, portlagan binolar va osmonga koʻtarilayotgan quyuq tutun aks etgan video tarqatilgan.

Seshanba kuni vazirlar mahkamasi yigʻilishida soʻzlagan bosh vazir Askar Mamin “bir fuqaro va bir harbiy xizmatchi” halok boʻlgani hamda 165 kishi kasalxonaga yotqizilganini aytgan.

Qozogʻistonning yangi saylangan prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev seshanba kuni Chimkentga tashrif buyurib, kasalxonadagilarni borib koʻrdi.

U Ichki ishlar va mudofaa vazirliklariga kelajakda bu kabi portlashlarning oldini olishga buyruq bergan va jinoyatchilarning “qonun boʻyicha javobgarlikka tortilishini” vaʼda qilgan.

“Bu holat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi”, dedi Toʻqayev.

“Shahar qayta tiklanadi, jabrlanganlarga kompensatsiya toʻlanadi”, dedi u.

Omborxonadagi portlashlar bir necha kun davom etishi mumkin, deb ogohlantirgan viloyat hokimi Umirzak Shukeyev dushanba kuni.

Hodisa Qozogʻiston va butun mintaqadagi transport aloqasiga ham putur yetkazgan.

Qozogʻiston temiryoʻl mutasaddilarining aytishicha, oʻndan ortiq poyezd qatnovlari, jumladan Toshkentga boradigan bitta poyezd qatnovi bekor qilingan.

Qozogʻiston orqali Moskvaga boradigan tezyurar poyezd qatnovi ham bekor qilindi, deb xabar bergan qoʻshni Qirgʻizistondagi temiryoʻl sohasi rasmiylari.

Hukumat choralari

“Ayni vaqtda aholi xavfsiz joyga koʻchirilmoqda. Rasmiylar qurbonlar berilmasligi uchun barcha choralarni koʻrmoqdalar”, deb aytgan Chimkentda yashovchilardan biri Valentin Markov.

“Odamlar xavotirga tushgan”, dedi u. “Ular oʻz xavfsizliklaridan, tashlab ketgan uylari va xonadonlaridan tashvishdalar. Ayrimlar Arisni oʻz avtomobillari yoki yoʻl-yoʻlakay mashinalarda tark etmoqdalar. Hamma yaxshi niyat qilmoqda, ular xavf chekinishi va oʻz uylariga qaytishdan umidvor.”

Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi internetda evakuatsiya qilingan fuqarolar roʻyxatini eʼlon qilgan. Rasmiylar, shuningdek, hudud aholisi uchun 24 soat uzluksiz ishlaydigan qaynoq liniyani ishga tushirganlar.

Ichki ishlar vazirligi (IIV) Arisda yosh bolalarning bedarak yoʻqolishi bilan bogʻliq hodisani tergov qilayotganini aytdi.

Ayni vaqtda Ichki ishlar va Adliya vazirliklari xavfsizlik xizmatlarining mingga yaqin xodimi Arisdagi tartibni saqlashga jalb etilgan.

AFPning ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayevga asoslanib xabar berishicha, Arisda talonchilik bilan shugʻullanishda ayblanib, 3 kishi qoʻlga olingan.

Sovet ittifoqidan qolgan meros

Qurol-aslaha ombori Sovet Ittifoqi davridan qolgan Markaziy Osiyodagi uran chiqindixonalari va Qozogʻistonning Semipalatinsk shahridagi eski yadro poligoni yaqinida saraton bilan kasallanishning yuqori darajasini keltirib chiqargan xavfli “meros”ning bir qismi hisoblanadi.

2008-yilda Qozogʻiston hukumati Sovet davridan qolgan barcha keraksiz oʻq-dorilarni yoʻqotish, utilizatsiya qilish va koʻmishga buyruq bergan, ammo bu jarayon yakunlanmay qolgan edi, deb yozadi zakon.kz sayti.

Arisdagi ombor ham Sovet davridan qolgan shunday meroslardan biridir.

Markaziy Osiyoda oʻq-dori omborlarining portlashi tez-tez kuzatiladi.

Dushanba kungi hodisa Aris yaqinidagi omborda yuz bergan portlashlarning toʻrtinchisi boʻldi. 2009-yilda sodir boʻlgan shu kabi portlash tufayli 3 qozoq fuqarosi halok boʻlgan, deb xabar beradi AFP.

Toʻqayevning qayd etishicha, omborda yuz bergan portlashlar munosabati bilan Jinoyat kodeksining 462-moddasi – “qurol-yarogʻ, xavfli moddalar va obʼektlardan foydalanish qoidalarini buzish” boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Bu kabi oʻq-dori omborlari va harbiy obʼektlar oʻtmishda ham terrorchilar nishoni boʻlgan va ayrim hollarda maxsus xavfsizlik choralarini taqozo etgan.

2016-yilda terrorchilar qurollarni oʻgʻirlash maqsadida Aqtoʻbedagi harbiy bazaga hujum qilgandi.

Qozogʻiston harbiylari joriy yilning aprel oyida harbiy obʼektlarni qoʻriqlashni kuchaytirish maqsadida “Altin jebe” (Oltin yoy) aksilterror mashqlarini oʻtkazgan edilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Odamlar oʻzlarini evakuatsiya qilishgan, bolalar va qariyalar Chimkentgacha piyoda borishgan.

Javob berish

Kremlning qoʻporuvchilik harakatiga oʻxshaydi

Javob berish

Dumbul

Javob berish

Men esa Murodman

Javob berish