| Xavfsizlik

Suvosti kemasidagi yongʻin Rossiya harbiy texnikasidagi nosozliklarni yuzaga chiqardi

Karvonsaroy va AFP


Rossiya submarinasining mart oyida internetda chop etilgan surati. Yaqinda Rossiya suvosti kemasida yuz bergan yongʻin Rossiya harbiy texnikasining eskirishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarni yuzaga chiqardi. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Rossiya submarinasining mart oyida internetda chop etilgan surati. Yaqinda Rossiya suvosti kemasida yuz bergan yongʻin Rossiya harbiy texnikasining eskirishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarni yuzaga chiqardi. (Rossiya mudofaa vazirligi)

MOSKVA – Shu haftada chuqur suv ostida suzuvchi kemada yuz bergan yongʻin tufayli 14 nafar rossiyalik dengizchining halok boʻlgani – mamlakat harbiy-dengiz floti boshiga tushgan falokat va baxtsiz hodisalarning galdagisi boʻlib, Rossiya harbiy texnikasining holati yuzasidan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda .

Uzoq Shimolda yuz bergan fojia 2000-yilda 118 kishining umriga zomin boʻlgan va prezidentlikning ilk yilida Vladimir Putinni mushkul ahvolga solib qoʻygan “Kursk” suvosti kemasi halokatining aks-sadosi boʻldi.

“1-iyul (dushanba) kuni biometrik oʻlchashlar vaqtida chuqur suv ostiga tushirilgan ilmiy-tadqiqot uskunalarida yongʻin kelib chiqdi”, deb xabar bergan Rossiya mudofaa vazirligi.


Vladivostokka kelib toʻxtayotgan Rossiya kreyseri, shu yilning yanvar oyi. Soʻnggi yillarda Rossiya harbiy dengiz floti bir qator fojiali halokatlarni boshdan oʻtkazdi. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Vladivostokka kelib toʻxtayotgan Rossiya kreyseri, shu yilning yanvar oyi. Soʻnggi yillarda Rossiya harbiy dengiz floti bir qator fojiali halokatlarni boshdan oʻtkazdi. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Kema ekipajining 14 aʼzosi tutundan zaharlanish oqibatida Rossiya hududiy suvlarida halok boʻlgan, deb xabar qilgan vazirlik matbuot xizmati AFPga.

“Tadqiqotlar”ga oid soxta bayonot

Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan AFPga soʻzlagan harbiy tahlilchilardan biri yongʻin ilmiy tadqiqotlar vaqtida yuz bergani haqidagi daʼvolarni rad etgan.

“Odatda bunday bahona dengiz tubida olib boriladigan turli ishlar, jumladan kabel yotqizish ishlari uchun qoʻllaniladi, dedi ekspert.

Halok boʻlgan 14 kishining 7 nafari dengiz kuchlarining yuqori martabali zobitlari boʻlishgan, bu topshiriqning oddiy emasligidan dalolat beradi. Suvosti kemasi bortida jami nechta dengizchi boʻlgani nomaʼlum.

“Novaya gazeta”ning manbalarga tayanib yozishicha, avariya chuqur suv ostiga shoʻngʻiy oladigan “Losharik” nomi bilan mashhur AS-12 kichik suvosti atom kemasida yuz bergan. 2003-yilda foydalanishga topshirilgan va tadqiqotlar olib borish, qutqaruv ishlari va maxsus harbiy operatsiyalar uchun moʻljallangan AS-12 kemasi haqida koʻp narsa maʼlum emas.

Seshanba (2-iyul) kuni Norvegiya radiatsiya boshqarmasi Rossiya suvosti kemasida gaz portlagani haqida Moskvadan xabar kelib tushganini maʼlum qildi.

“Rossiya hukumati gaz portlaganini tasdiqladi”, deb aytgan Norvegiyaning radiatsiyadan himoya qilish agentligi (NRPA) rahbari Per Strand.

“Rossiya tomonidan suvosti kemasi bortida reaktor boʻlgan-boʻlmagani haqidagi axborotni kutyapmiz”, dedi u radiatsiya darajasining koʻtarilishi qayd etilmaganini qoʻshimcha qilar ekan.

Falokatlarning uzun tarixi

Postsovet davrida Rossiyada bir necha bor shu kabi noxush hodisalar yuz bergan.

2000-yilning avgust oyida Barents dengizida “Kursk” suvosti kemasi choʻkib ketgan, uning bortida boʻlgan barcha 118 kishi hayotdan koʻz yumgan edi.

Tekshiruvlardan maʼlum boʻlishicha, halokatga torpedo portlashi sabab boʻlgan.

Fojea yuz berganidan keyin ham bir necha kun taʼtilda boʻlgan Putinning munosabati keskin tanqidga uchragan edi.

Rasmiy Moskva xorijiy davlatlarning qutqaruv ishlarida yordam berish boʻyicha takliflarini qatʼiyan rad etgan.

2008-yilda yuz bergan boshqa bir baxtsiz hodisada esa 20 rossiyalik – uch nafar dengizchi zobit va 17 oddiy fuqaro gazdan zaharlanib oʻlgandi – Yapon dengizidagi tadqiqot ishlari chogʻida kemaning yongʻinni oʻchirish tizimi tasodifan ishga tushib ketgan.

2011-yilda Rossiyaning eng yirik suvosti atom kemalaridan biri “Yekaterinburg” shimoliy Murmansk viloyatidagi taʼmirlash ishlari chogʻida yonib ketgan.

Keyinroq, yongʻin kelib chiqqan vaqtda kemada uzoq masofaga uchadigan yadroviy kallakli raketalar boʻlgani xabar qilingan.

Shu yilning mart oyida Qozogʻistonda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-8 vertolyotining halokatga uchrashi natijasida bortdagi 13 harbiy xizmatchining barchasi hayotdan koʻz yumgan edi.

“Muzey eksponatlari”

Rossiya bilan uzoq tarixiy va siyosiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo mamlakatlari Kreml ishlatgan harbiy texnikaga egalik qiladilar.

“Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston asosan eski, muzey eksponatlaridek boʻlib qolgan sovet davri texnikasidan foydalanadi”, deydi Nur-sultonlik xalqaro munosabatlar boʻyicha ekpert Ruslan Nazarov.

Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga taqdim etilgan eski harbiy texnika favqulodda vaziyatlarda yordam bera olmaydi, deb ogohlantirgan Kiyevdagi Armiya, qayta tayyorlash va qurolsizlantirish tadqiqotlari markazining Osiyo va Tinch okeani boʻlinmasi rahbari Yuriy Poyta.

“Bunday qurollar zaif davlatlar yoki noqonuniy qurollangan guruhlarga qarshi cheklangan koʻlamdagi va oʻrtacha faollikka ega janglarda ozroq samara berishi mumkin, xolos”, deydi Poyta.

Ammo, gʻarb davlatlari zamonaviy harbiy mezonlar boʻyicha ustunroq, dedi Poyta. U “Zamonaviy boshqaruv va razvedka vositalari, nishonlarni yoritish, robotlashtirilgan uchuvchisiz qurilmalar, yuqori aniqlikdagi qurollarga” ehtiyoj borligini taʼkidlab oʻtgan.

Tizimdagi kamchiliklarni yashirishda rossiyalik harbiylar koʻpincha mubolagʻali daʼvolarga tayanadilar.

Shunday holatlarning birida, Putin oʻtgan yili xalqqa murojaatida Rossiya yangi avloddagi “yengilmas” qurolni yaratganini iddao qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

33
31
Yo‘q
Fikrlar 3
Siyosat Captcha
| 2019-07-09

Kamida 30 ta odam oʻlgan boʻlsa kerak

Javob berish
| 2019-07-03

Yana ozroq bosqinchilar Motorolaga qoʻshilishgan (Motorola nomi bilan mashhur boʻlgan Arsen Pavlov nazarda tutilmoqda, sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilar qoʻmondoni boʻlgan, 2016-yilda oʻldirilgan)

Javob berish
| 2019-07-11

Motorola sizlarning haromzodangiz. Uning oldiga oʻzlaringiz ravona boʻlasizlar

Javob berish