Karvonsaroy
Terrorizm

Qozoq ayoli Suriyada ID bilan kechgan “qoʻrquvdagi” hayoti haqida soʻzlab berdi

Aydar Ashimov

Aida Sarina BMT vakillariga videomurojatida Suriyada boshdan kechirgan mudhish hodisalarni soʻzlab bermoqda, sanasiz surat. (Sarinaning shaxsiy arxivi)

Aida Sarina BMT vakillariga videomurojatida Suriyada boshdan kechirgan mudhish hodisalarni soʻzlab bermoqda, sanasiz surat. (Sarinaning shaxsiy arxivi)

NUR-SULTON – Suriyada boʻlib, vataniga qaytgan qozogʻistonlik ayol Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) “Islom davlati” (ID) aʼzolari orasida yashagan vaqtida koʻrgan-kechirgan mudhish holatlar haqida soʻzlab bergan.

Aida Sarinaning videomurojaati BMTning 28-29-iyun kunlari Nyu-Yorkda oʻtgan “Terrorizmdan xoli dunyoni barpo etish yoʻlida rivojlangan davlatlarning oʻzaro sinergiyasi va 2030-yil uchun kun tartibi” mavzuidagi sayyor majlisi uchun tayyorlangan boʻlib, BMT hamda terrorizmga qarshi kurash boʻyicha BMT boshqarmasining Qozogʻistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkillashtirilgan.

Tadbirda 50 mamlakat va BMTga aloqador xalqaro tashkilotlarning 100 dan ortiq vakili qatnashdi, deb xabar bergan Qozogʻiston TIV.

“Sayyor majlisning asosiy maqsadi terrorizmga qarshi milliy, mintaqaviy va global darajada samarali kurashish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmlarini muhokama qilish boʻldi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Suratda: 2016-yilda terrorizm targʻiboti uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan qozogʻistonlik ayol Yelizaveta Grishina, “Kishanlangan gullar” hujjatli filmidan olingan kadr.

Suratda: 2016-yilda terrorizm targʻiboti uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan qozogʻistonlik ayol Yelizaveta Grishina, “Kishanlangan gullar” hujjatli filmidan olingan kadr.

25 yashar Sarina Qozogʻiston hukumati “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida Suriyadan qaytarilgan 600ga yaqin qozoq fuqarolari orasida boʻlgan, ular asosan ayollar va bolalardan iborat edi.

Sarina Suriyada boʻlgan chogʻidagi urush, ochlik va sovuqlikdagi hayot haqida soʻzlab bergan.

“BMT orqali murojaat – Suriyadagi urush va u yerda terrorchilar asos solgan soxta xalifalik haqida ochiq-oydin soʻzlab berish uchun ajoyib imkoniyat”, deb aytgan Aida Sarina oʻz intervyusida.

Qoʻrquv ichidagi hayot

“2015-yilning yozida turmush oʻrtogʻim va oʻgʻlim bilan Istanbulga bordik, erim taʼtilni Turkiyada oʻtkazishni taklif qildi, ammo bir necha kundan keyin biz Qozogʻistonga qaytmasligimizni va Suriyada yashashimizni aytdi”, deydi Sarina.

Shu tariqa u ID safiga qoʻshilib qolgan.

“Biz butkul qoʻrquv ichida yashardik, hech kimga ishonmasdik. Erimning vafotidan keyin esa men uchun hayot-mamot jangi boshlandi”, deydi Sarina.

“ID jangarilari bizni qoʻrqitib, agar qamoqqa tashlasalar u yerda zoʻrlanishimiz va oʻldirilishimizni aytar edilar. Kechasi uyquga ketarkanman, men farzandim bilan ertalab tirik uygʻonishimga ishonmas edim”, dedi u.

“Men qochish yoʻlini topa olmadim. Biz tuzoqda edik. Biz ochiq osmon ostida, zax yerda uxlar edik. Yordam berishga ojiz onalarning qoʻllarida har kuni goʻdaklar jon berar edi.”

“Tanishim oʻz qoʻllari bilan farzandiga qabr qazidi, chunki bolaning jasadini mushuk va itlar talay boshlagandi”, dedi u.

“Qozogʻistonlik qutqaruvchilarni oʻz koʻzim bilan koʻrganimda bizni tashlab qoʻyishmaganini anglab yetdi”, dedi Sarina operatsiya chogʻida ularni vatanga qaytarganlarni nazarda tutib.

“Men bilan birga Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlardan kelgan ayollar ham bor edi. Ular bizga havas bilan qaraganini eslayman. Mendan Qozogʻiston hukumati ularni ham olib keta olish-olmasligini soʻrashdi, ular jillaqursa farzandlarini Suriyadan olib ketishlarini yolvorib soʻradilar.”

“Men bu ayollarga yordam bera olmasdim. Ammo men qozogʻistonlik yetim bolani qutqarishga va asrab olishga ahd qildim. U 7 yosh, ismi Muso”, dedi u. “Uni lagerda topib oldim va oʻzim bilan olib keldim.”

Oʻz videomurojaatida Sarina terrorchilikka qarshi kurashish va bu ishga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanligini aytdi.

“Ha, men terrorizm qurboniman. Ammo men terrorchilikka qarshi kurashishni istayman, bu ulugʻ maqsadning bir qismi boʻlib unga hissa qoʻshmoqchiman. Men terrorizmdan jabrlangan barcha ayollarning ovozi boʻlishni istayman”, dedi u.

Iltimos, aldangan boshqa ayollar va bolalarga yordam bering. Balki ularning ham men kabi vataniga foydasi tegar”, deb qoʻshimcha qildi Sarina.

“Kishanlangan gullar”

Sarina 26-iyun kuni Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) “Kishanlangan gullar” hujjatli filmini namoyish etishi ortidan guvohlik bergan.

Film terrorizm va ekstremizmda ayblangan, ID yollovchilari, jangarilari tomonidan aldangan ayollar haqida hikoya qiladi. Hujjatli filmda ruhshunoslar, imomlar, KNB xodimlari va mutaxassislarining fikr-mulohazalari ham aks etgan.

KNB xabariga koʻra, hozirda 662 nafar qozogʻistonlik, jumladan 14 ayol terrorizm va ekstremizmga aloqador jinoyatlar sodir etganlikda ayblanib, qamoq jazosini oʻtamoqda.

“Radikal diniy oqimlarni qoʻllab-quvvatlovchichilar orasida ayollar “jamoatlarini” tashkil etayotgan ayollar soni tobora ortmoqda”, deyiladi filmda.

“Bu ayollarning aksariyatiga profilaktik choralar taʼsir qilmaydi, chunki ular hamon sudlangan turmush oʻrtoqlarining taʼsiridalar”, deb qoʻshimcha qilinadi filmda. “Ayollar radikallashuviga ID va internet orqali xorijlik takfirchi (boshqa musulmonlarni murtadlikda ayblash), jihodchi daʼvatchilar taʼsir qilgan.”

Filmda koʻrsatilgan ayollardan biri Yelizaveta Grishina 2016-yilda terrorchilik tashviqoti uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Radikal gʻoyalarni unga turmush oʻrtogʻi singdirgan.

“Men radikal ekstremistlar daʼvatlarini tinglaganman, ammo oʻsha vaqtda ular radikal ekanligini anglab yetmaganman”, dedi Grishina. “Men hammani, qarindoshlarimni ham dahriy, kofir va dushman deb koʻrishni boshladim.”

Grishina ID safiga qoʻshilish uchun Suriyaga ketishni rejalashtirgan, ukasini terrorchi, xudkush boʻlishga chaqirgan va ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik mavzudagi materiallarni joylashtirgan.

“Ogʻir ahvolga tushgan – ersiz qolgan, pulsiz, ishsiz, yosh bolali ayollar ekstremistlar taʼsiriga juda oson tushadilar”, deydi tarazlik diniy mutaxassis Sanjar Suleymenov intervyu chogʻida.

Ayollar yollanganlaridan keyin terrorchilik tashkilotini qoʻllab-quvvatlovchilar ularni nikohiga olgan va “ID safiga qoʻshilish uchun Suriyaga ketishga, oʻzini qurbon qilishga majburlagan”, dedi Suleymenov.

“Yollash jarayoni tamoman yolgʻon va manipulyatsiyaga asoslangan”, dedi u.

“Hafsalalari juda tez pir boʻlganiga qaramay, bu vaqtga kelib ularni terrorchilar makonlaridan qoʻyib yuborishmagan. Agar ayolning eri oʻlsa, uni boshqa odamga berishgan, keyin yana boshqasiga va hokazo”, deb qoʻshib oʻtdi Suleymenov.

“Oʻzlarini va hech boʻlmaganda farzandlarining hayotini saqlab qolish uchun bu ayollar barcha narsaga tayyor”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Arablar doim bizni aldab kelishgan, bu safar ham shunday, befahmligimiz illatimizdir.

Javob berish