Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston aksilterror mashqlar orqali jangovar shaylikni kuchaytirmoqda

Aydar Ashimov

KNB xavfsizlik kuchlari Nur-Sultondagi aksilterror mashqlari chogʻida, sanasiz surat. (Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi)

KNB xavfsizlik kuchlari Nur-Sultondagi aksilterror mashqlari chogʻida, sanasiz surat. (Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi)

NUR-SULTON – Qozogʻiston mamlakatda sodir etilishi mumkin boʻlgan terrorchilik hujumlariga qarshi jangovar shaylikni taʼminlash maqsadida turli oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazib kelmoqda.

5-iyul kuni Taraz shahrida xavfsizlik qoʻmitasi xodimlari ishtirokida “Temiryoʻl – Aksilterror 2019” oʻquv mashqlari boʻlib oʻtdi. Bu haqda Jambil viloyati yoʻl politsiyasi matbuot xizmatiga tayanib, “Zhambyl News” sayti xabar berdi.

Mashgʻulotlardan koʻzlangan maqsad – Jambil viloyati aksilterror shtabi xodimlarining terrorizmga qarshi kurashdagi hamjihatligini takomillashtirish boʻldi.

Oʻquv mashqlari davomida xabar berish tizimlari va viloyat aksilterror shtabining terror hujumi yuz berishi mumkin boʻlgan shartli hududga kuch va vositalarni joylashtirish qobiliyati sinovdan oʻtkazildi.

KNB mutaxassislari jinoiy guruhdan musodara qilingan granatomyot va pulemyotlarni koʻrsatmoqda. (Milliy xavfsizlik qoʻmitasi)

KNB mutaxassislari jinoiy guruhdan musodara qilingan granatomyot va pulemyotlarni koʻrsatmoqda. (Milliy xavfsizlik qoʻmitasi)

Bu orada 26-iyun kuni Terrorga qarshi kurash shtabining shahar boʻlimi ham Nur-Sultondagi Qozogʻiston milliy kosmik agentligi – “Kazkosmos” maʼmuriy binosida oʻquv mashqlarini oʻtkazdi.

Oʻquv mashgʻulotlaridan koʻzlangan maqsad – “idoralararo hamjihatlikni yaxshilash hamda huquq-tartibot va boshqa davlat organlarining terrorchilik harakatlariga qarshi birgalikdagi tezkor javob choralarini amaliyotda sinab koʻrish” boʻldi.

Bunday mashgʻulotlar mahalliy aholini xavotirga solmaydi.

“Shahar hokimiyati va huquq-tartibot idoralari terrorizmga qarshi kurash mashgʻulotlarining oʻtkazilishi haqida jamoatchilikni oldindan ogohlantiradilar”, deydi Nur-sultonlik 26 yashar Boʻtakoʻz Kilisheva.

“Ular yoʻllarni berkitadilar, oddiy fuqarolarni mashqlar oʻtkazilayotgan hududga kiritmaydilar”, deya soʻzida davom etdi u. “Kerakmi, demak kerak. Biz buni tushunamiz. Bunday mashqlar bizning xavfsizligimiz uchun oʻtkaziladi.”

Uning qoʻshimcha qilishicha, Nur-Sultondagi turli ish joylarida xodimlar bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazilib, ularda huquq-tartibot organlari va diniy mutaxassislar terrorizm va ekstremizm xavfi, shuningdek, terakt sodir etilgan holatlarda nima qilish kerakligi haqida soʻzlab beradilar.

Eng oxirgi yirik aksilterror mashqlari oʻtgan yilning noyabr oyida Nur-Sultonda oʻtkazilgan edi.

Noqonuniy qurollarga qarshi kurash

Shu bilan bir vaqtda, xavfsizlik kuchlari qurol va portlovchi moddalarning ehtimoliy terrorchilar qoʻliga tushib qolmasligini taʼminlash ustida ish olib bormoqda.

Iyun oyi boshida Milliy xavfsizlik qoʻmitasining “Arslon” maxsus kuchlar boʻlinmasi qurollar, oʻq-dorilar va portlovchi moddalar olib oʻtiladigan noqonuniy kanal faoliyatiga chek qoʻydi.

Tergov davomida olti kishidan iborat jinoiy guruh fosh etildi, ularning bari Olmaota viloyatida yashovchilar boʻlib, uzoq vaqt davomida noqonuniy oʻqotar qurollar savdosi bilan shugʻullanib kelgan.

Tintuv chogʻida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan uchta granatamyot, 2 dona Kalashnikov avtomati, beshta toʻpponcha, 3 ta glushitel, optik nishonga olish moslamasi, turli kalibrdagi 1400 dona patron hamda qoʻlbola portlovchi moslamalar tayyorlashga moʻljallangan komponentlar musodara qilingan.

KNB vakillarining aytishicha, qoʻlga olinganlardan birining uyida qurol yigʻish ustaxonasi aniqlangan.

May oyida Milliy xavfsizlik qoʻmitasining Olmaota viloyati boshqarmasi tomonidan qoʻlbola detonator va granata bilan savdo qiluvchi uch kishilik jinoiy guruh qoʻlga olingan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500