Karvonsaroy
Xavfsizlik

YI Moskvani yadroviy raketalarga oid bitimga amal qilish uchun “soʻnggi imkoniyat” borasida ogohlantirdi

Karvonsaroy va AFP

Rossiyaning INF bitimiga xilof boʻlgan, oʻrta masofaga yadroviy raketalar uchirish imkoniyatiga ega “Iskander-M” tizimidan raketa uchirilmoqda. (Rossiya mudofaa vazirligi)

Rossiyaning INF bitimiga xilof boʻlgan, oʻrta masofaga yadroviy raketalar uchirish imkoniyatiga ega “Iskander-M” tizimidan raketa uchirilmoqda. (Rossiya mudofaa vazirligi)

BRYUSSEL – Yakshanba (14-iyul) kuni Yevropa Ittifoqi (YI) Moskva bitimdagi ishtirokini vaqtincha toʻxtatishi haqida eʼlon qilganidan keyin Rossiyani “Oʻrta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yoʻq qilish toʻgʻrisida”gi (INF) shartnomaga rioya qilishga chaqirdi.

“Biz 2019-yil 2-avgust kuni shartnoma tugashi bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatdan chuqur tashvishdamiz”, dedi YI ning tashqi siyosat masalalari boʻyicha rahbari Federika Mogerini oʻz bayonotda.

“Kelayotgan kunlar muloqot va Yevropa xavfsizligini taʼminlovchi muhim tarkibiy elementni saqlab qolish uchun soʻnggi imkoniyatdir”, dedi u.

Rossiya va Qoʻshma Shtatlar Sovuq urush davriga oid bitimdagi ishtiroklarini toʻxtatishdi, bu hujjat yadroviy quvvatga ega rekatalarning butun bir sinfini taqiqlar edi. Ikki davlat bir-birini bitimni buzganlikda ayblamoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3-iyul kuni bitimni toʻxtatishni rasmiylashtirish haqidagi qonunni imzoladi.

Shu bilan bir vaqtda, Vashington agar Rossiya bitimga zid boʻlgan raketa tizimini yoʻq qilmasa, 2-avgust kuni shartnomadan batamom chiqishini eʼlon qildi.

YI Kremlni yerdan uchiriladigan 9M729 raketa tizimi haqida “bir necha bor bildirilgan xavotirlarni jiddiy bartaraf etishga” chaqirdi, dedi Mogerini.

Bayonotga koʻra, u bitim shartlariga muvofiq, Moskva “qatʼiy va shaffof choralar koʻrishi” kerakligini taʼkidlagan.

Takroriy yadroviy tahdidlar

SSC-8/9M729 uchuvchi raketa tizimining bitim shartlariga muvofiqligini isbotlash yoki uni yoʻq qilish uchun bir necha bor berilgan imkoniyatlarga qaramay, Rossiya rasmiylari uning bitimga zidligini inkor qilib keldilar.

Buning oʻrniga Kreml va Rossiyaning harbiy mutasaddilari Qoʻshma Shtatlar va Yevropaga ochiqdan tahdid qildilar.

Putining 20-fevral kungi murojaatnomasi ham oʻzgarishsiz boʻldi.

“Men bugun shuni aniq va ochiq aytamanki, Rossiya qurollarni joylashtirishga majbur boʻlishi va ular bizga tahdid solayotgan qaror qabul qiluvchi mamlakatlarga qarshi qoʻllanilishi mumkin”, deb aytgan u.

Putin oʻzining yadroviy xavfsizlik masalasiga nisbatan hazilomuz munosabatini yashirgani yoʻq.

Putin mamlakat janubidagi Sochi shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro mutaxassislar forumida chiqish qilarkan, Rossiyaga ehtimoliy yadroviy urushning qurboni oʻlaroq taʼrif berdi.

“Tajovuzkor tomon qasos muqarrar ekanini va u yoʻq qilinishini, biz esa tajovuz qurboni, shahidlar sifatida jannatga tushishimizni anglashi kerak”, dedi u.

“Ular shunchaki oʻlib ketadilar, chunki ularda tavba qilib olish uchun vaqt boʻlmaydi”, dedi u zaldan yangragan kulguga javoban.

Global xavfsizlik tahdid ostida

INF shartnomasi Sovuq urushi tugashi arafasida, 1987-yili prezident Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi yetakchisi Mixail Gorbachev tomonidan imzolangan edi.

Unga koʻra, yerdan uchiriladigan, uchish masofasi 500 dan 5500 kilometrgacha boʻlgan raketalar taqiqlangan.

Bu hujjat global qurollarni nazorat qilishning poydevori hisoblanadi va uning tugatilishi Rossiya va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi Strategik hujum qurollarini qisqartirishga oid yangi shartnoma (yangi START) kelajagi borasida xavotir uygʻotmoqda. Amal qilish muddati 2021-yilda tugaydigan bitim tomonlarga strategik yadroviy kallaklarni sovuq urush davriga oid cheklovdan sezilarli darajada kamaytirish majburiyatini yuklaydi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya nefti va gazini sotib olishdan bosh tortishimiz kerak va Rossiya uch kun ichida bukilib qoladi.

Javob berish

Putinning qaysi gaplarini “hazil” deb oʻyladingiz? U juda jiddiy gapirdi. Uning koʻzlariga qarang. Nima koʻr va kar boʻlib qolganmisizlar??? Putinga ham, oʻylashga qodir boshqa insonlar kabi, bitta darvozaga oʻynash joniga tekkan... NATOni Rossiya chegaralaridan uzoqroqqa olib keting va baxtli hayot kechiring. Oʻzi bu ittifoq asta-sekin tanazzulga yuz tuta boshladi, butun kapitalistik dunyo kabi. Tirik boʻlsak koʻrarmiz.

Javob berish