| Terrorizm

BMTning yetakchi tergovchisi IDni harbiy jinoyatchi-natsistlarga qiyoslab, mahkama jarayoni oʻtkazishga chaqirdi

AFP


IDning oʻsmir jallodlari Suriya rejimining 25 askarini olomon koʻz oʻngida otib oʻldirishga tayyorlanmoqda, 2015-yil, Suriyaning Tadmur shahri. Bunday jinoyatlar xalqaro hamjamiyat mahkamasida batafsil koʻrib chiqiladi. (Fayl)

IDning oʻsmir jallodlari Suriya rejimining 25 askarini olomon koʻz oʻngida otib oʻldirishga tayyorlanmoqda, 2015-yil, Suriyaning Tadmur shahri. Bunday jinoyatlar xalqaro hamjamiyat mahkamasida batafsil koʻrib chiqiladi. (Fayl)

BAGʻDOD – BMTning “Islom davlati” (ID) jinoyatlarini tergov qilish boʻyicha maxsus guruhi rahbari Nyurnbergda natsist yetakchilari ustidan oʻtkazilgan sud jarayoniga oʻxshash mahkama oʻtkazishga chaqirar ekan, ekstremistlar mafkurasining fosh etilishi va ulardan jabrlanganlarning soʻzlari tinglanishi kerakligini aytdi.

Britaniyalik huquqshunos Karim Xon qariyb 80 nafar hamkasbidan iborat jamoa bilan dalillar va guvohlarning koʻrsatmalarini toʻplash hamda ularni BMTning UNITAD deb nomlangan idorasiga taqdim etish uchun bir yil davomida Iroqda boʻldi.

“Bu oʻta mushkul ish” deydi u. Tergov guruhi 200 dan ortiq ommaviy qabrlardan olingan 12 mingga yaqin jasadlarning namunalari, ID jinoyatlari haqidagi 600 mingdan ortiq videolavhalar va guruhga oid 15 ming sahifadan iborat hujjatlarni oʻrganmoqda.


2016-yilgi Qurbon hayiti arafasida ID tomonidan eʼlon qilingan videlavha – jangarilardan biri suriyalik jabrdiydalarning boʻgʻziga pichoq tortishi oldidan olingan kadr. (Fayl)

2016-yilgi Qurbon hayiti arafasida ID tomonidan eʼlon qilingan videlavha – jangarilardan biri suriyalik jabrdiydalarning boʻgʻziga pichoq tortishi oldidan olingan kadr. (Fayl)


Sinjar tumani, Kuju qishlogʻida ID tomonidan oʻldirilgan yuzlab yazidiylarning ommaviy qabrlarini eksgumatsiya qilish vaqtida hududni koʻzdan kechirayotgan mutaxassislarni kuzatayotgan iroqlik yazidiy ayol, 15-mart. (Zayd al-Ubaydiy/AFP)

Sinjar tumani, Kuju qishlogʻida ID tomonidan oʻldirilgan yuzlab yazidiylarning ommaviy qabrlarini eksgumatsiya qilish vaqtida hududni koʻzdan kechirayotgan mutaxassislarni kuzatayotgan iroqlik yazidiy ayol, 15-mart. (Zayd al-Ubaydiy/AFP)

ID: Jilovlanmagan shafqatsizliklar

Bundan 5 yil muqaddam Iroq va Suriyadagi qator hududlarni oʻz nazoratida ushlab turgan ID oʻz maʼmuriy idoralari, maktablar, askar bolalar, Islomning keskin talqini va oʻrta asrlarga xos jazo turlari bilan 7 milliondan ortiq odam ustidan shafqatsiz hukmini oʻrnatgan edi.

ID tomonidan “bidʼatchi” yoki “iblisona” deb topilgan ozchiliklarga mansub minglab odamlar oʻldirilgan, qiynoqqa solingan yoki qul qilingan.

“ID qandaydir partizanlar urushi yoki koʻchma isyonchi guruh emasdi. Bu xalqaro sud uchun noodatiy soha”, deb aytgan UNITADning Bagʻdoddagi maxfiy qarorgohida boʻlgan Xan.

ID uchun hech qanday cheklov boʻlmagan, deydi u.

“21 asrda odamni butga mixlash yoki qafasga solib tiriklayin yoqib yuborish, qul qilish, jinsiy qulga aylantirish, tepalikdan tashlab oʻldirish yoki boshini tanasidan judo qilish kabilar kimning xayoliga kelishi mumkin?”

“Va bularning bari video-kameraga ham olingan”.

Qanchalar shafqatsiz boʻlmasin, bu jinoyatlar yangilik emas, dedi u. “Ehtimol, fashizm (natsist Germaniyasi yetakchisi Adolf) Gitler qirgʻinini ruhlantirgani kabi, guruh mafkurasi uni shunday jinoyatlarga undagani yangilik boʻlishi mumkin”.

ID mafkurasini fosh etish

Ikkinchi jahon urushida olti milliondan ortiq yahudiyni oʻldirishda ayblangan natsist rahbarlar 1945-1946-yillarda Germaniyaning Nyurnberg shahridagi xalqaro harbiy tribunal oldida javobgarlikka tortilgan edilar.

Bugun deyarli har kuni Iroq sudlari IDning hibsdagi aʼzolariga hukm oʻqiydi, koʻp hollarda ularga oʻlim jazosi beriladi, lekin sud jarayonlarida jabrdiydalar ishtirok etmaydi va qoʻyilayotgan ayblovlar faqat IDga taalluqli.

“Dalil-isbotlar va guvohliklar barcha uchun ochiq boʻlgan sud jarayonlarigina bu borada yangi sahifa ochishi mumkin”, dedi Xon.

Nyurnberg jarayoni sababli “Mayn Kampf” tamoyillarini qoʻllab-quvvatlovchi hech bir kimsa bugungi kunda jiddiy qabul qilinmaydi, dedi u Gitler yozgan avtobiografik manifestni nazarda tutib.

“Darhaqiqat, agarda kimdir fashizm tamoyillarini muqobil siyosiy falsafa deb hisoblaganida, jamoatchilik ongida xavotirli qoʻngʻiroqlar yangragan boʻlar edi”, dedi u.

Xanning aytishicha, Nyurnberg “jarayoni nemis xalqini fashizm zahridan ajratib olgan”.

ID ham “Iroq va butun insoniyat koʻz oʻngida Nyurnbergda boʻlgani kabi sud qilinishi zarur”, dedi u.

Xonning fikricha, ID ustidan adolatli sud jarayoni “aholisining uchdan ikki qismi shialardan iborat Iroqdagi sunniy ozchilikni ID zahridan xalos qilishga yordam berishi mumkin”.

ID ustidan sud jarayoni “nafaqat mintaqa, balki ID tashviqoti va yolgʻonlari oldida zaif aholi qatlamlari boʻlgan dunyoning boshqa burchaklarida ham tarbiyalovchi omilga aylanishi ehtimoldan yiroq emas”.

“Bunday tashviqotni fosh etish kerak, toki odamlar bu biz koʻrgan eng noislomiy davlat boʻlgani haqidagi bor haqiqatni anglab yetsinlar”, dedi Xon.

IDni har yerda taʼqib qilish

UNITAD ID jinoyatlarining xalqaro qonunchilikdagi eng ogʻir jinoyatlar – insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar yoki qatliom ekanligini aniqlash ustida ishlamoqda.

“Keyingi ikki oy davomida ayrim davlatlarda sud jarayonlarini olib borayotganimizga guvoh boʻlasiz”, dedi Xon.

Baʼzi sud jarayonlari boshlangan, xususan Fransiyada ID oʻz zimmasiga olgan hujumlar boʻyicha yoki ID qul bozoridan sotib olingan yazidiy qizni chanqoqdan oʻlishga qoldirgan germaniyalik ayol ustidan Germaniyaning Myunxen shahrida olib borilayotgan jarayonlar shular jumlasidandir.

Ammo, “maʼlumotlarimiz va dalillarimizning asosiy qabul qilib oluvchisi Iroqdir”, dedi Xon.

Iroq guruh safida jang qilgan-qilmaganiga qaramay, ID safiga qoʻshilgan minglab fuqarolarini sud qilgan, yuzlab odamlarga oʻlim jazosi belgilagan.

“Muhokamalar u qadar muhim emas”, dedi Xon. U xalqaro tribunal tuzish masalasi koʻtarilgani, ammo yaqin kelajakda buni amalga oshirish deyarli imkonsiz ekanini aytgan.

Muhimi, “jabrdiydalar ham tinglanishga haqli” ekanliklaridir.

Sizga maqola yoqdimi?

18
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha