Karvonsaroy
Xavfsizlik

Muhim yadroviy bitimning barbod boʻlishiga Kremlning “yakka oʻzi javobgar”

Karvonsaroy va AFP

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg 2-avgust kuni xalqaro xavfsizlikka oid oʻta muhim hujjat – Oʻrta masofali yadroviy raketalarni taqiqlash Shartnomasi amal qilishdan toʻxtagani uchun Rossiyani ayblab, bu holatga Rossiyaning “yakka oʻzi javobgar” ekanligini aytdi. (Kilian Fichou/AFPTV/AFP)

MOSKVA – Bir qator rasmiylarga koʻra, juma (2-avgust) kuni rasman oʻz kuchini yoʻqotgan Sovuq urush davriga oid hujjat – Oʻrta masofali yadroviy raketalarni taqiqlash toʻgʻrisidagi Bitimning (INF) barbod boʻlishi uchun javobgarlik toʻlaligicha Rossiyaning zimmasidadir.

Shu bilan bir vaqtda, Kreml yangi qurollar ishlab chiqarishni jadallashtirib, navbatdagi qurollanish poygasi xavfini yuzaga keltirishga hozirlanmoqda, deb ogohlantiradi tahlilchilar.

“Shartnoma amal qilishdan toʻxtaganiga Rossiyaning yakka oʻzi javobgar”, deb bayonot berdi NATO Moskvani oʻrta masofaga uchuvchi oddiy va yadroviy raketalardan foydalanishni cheklaydigan hujjatning buzilishida ayblab.

“Biz Rossiyaning oʻz shayligini namoyish etmagani va xalqaro majburiyatlarini bajarishga qaytish uchun hech qanday aniq choralar koʻrmaganidan afsusdamiz.”

2017-yilgi harbiy parad chogʻida Qizil maydon boʻylab harakatlanayotgan koʻchma raketa uchirish qurilmasi. (Kreml)

2017-yilgi harbiy parad chogʻida Qizil maydon boʻylab harakatlanayotgan koʻchma raketa uchirish qurilmasi. (Kreml)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 13-sentabr kuni “Vostok-2018” harbiy mashqlarini durbin orqali kuzatmoqda. (Kreml)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 13-sentabr kuni “Vostok-2018” harbiy mashqlarini durbin orqali kuzatmoqda. (Kreml)

Gap Vashington va NATO bitimga xilof deb hisoblaydigan SSC-8/9M729 qanotli raketalar tizimi haqida bormoqda.

NATOga koʻra, raketaning uchish masofasi taxminan 1500 kilometrga teng, Moskva esa u faqat 480 kilometrga ucha oladi, deb iddao qilmoqda.

Oʻrta masofali yadroviy raketalarga oid shartnoma parvoz masofasi 500 dan 5500 kilometrgacha boʻlgan, yerdan uchiriladigan raketalardan foydalanishni taqiqlaydi.

“NATO Rossiyaga tegishli 9M729 raketalarining ittifoqchilar xavfsizligiga soladigan jiddiy tahdidiga javoban puxta oʻylangan va masʼuliyatli tarzda chora koʻradi”, deb bayonot berdi ittifoq.

“Biz NATOning tiyib turuvchi va mudofaa pozitsiyasining ishonchliligi va samadorligini taʼminlash uchun, muvozanatli va muvofiqlashtirilgan mudofaa choralari majmuini kelishib oldik”, deyiladi hujjatda.

INF bitimi “oʻldi”

Rossiya bitimni “oʻlik” deb eʼlon qilganidan koʻp oʻtmay, AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo AQSHning rasman shartnomadan chiqqani haqida bayonot bergan.

“Rossiya shartnomaga zid boʻlgan raketa tizimlarini yoʻqotish yoʻli bilan shartnomaga toʻla va ishonchli rioya qilishga qayta olmadi”, deb bayonot berdi u.

“Shartnoma oʻz kuchini yoʻqotganiga Rossiya toʻla javobgar”, dedi u.

Pompeoning soʻzlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar tarixda erishilgan ikki tomonlama shartnomalardan kengroq qamrovga ega qurollanish nazorat qilinadigan yangi davrga kirishni istamoqda.

Bir necha yil davom etgan rasmiy shikoyatlar va muammoni diplomatik yoʻl bilan hal etish urinishlaridan soʻng, AQSH NATO boʻyicha barcha ittifoqchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan dalillarga tayanib, “Rossiya INF shartnomasini “ochiqdan-ochiq buzmoqda”, degan xulosaga keldi.

Kreml Qoʻshma Shtatlarning Rossiyani shartnomani buzganlikda ayblab, “tashviqot kampaniyasi” olib bordi degan taxmin bilan, oʻz hatti-harakatlariga nisbatan boʻlgan tanqidni rad etishga urindi, deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligining juma kungi bayonotda.

Mart oyida prezident Vladimir Putin Rossiyaning shartnomadagi ishtirokini vaqtincha toʻxtatdi.

NATOga koʻra, “shartnomaga Qoʻshma Shtatlar toʻliq rioya qilsa-da, ammo Rossiya amal qilmasa, bunday holatni barqaror deb boʻlmaydi”.

“Rossiya anchadan beri “oʻynashib” kelayotgan edi, u avval raketa mavjudligini rad etdi, keyin esa raketa mavjudligini tan olsa-da, uning bitim shartlariga mos ekanligini taʼkidladi”, dedi rossiyalik harbiy tahlilchi Aleksander Golts.

“2007-yilda Rossiya CFE (Yevropadagi anʼanaviy qurollarga oid) bitimidan chiqqanida, Rossiya armiyasi va Kreml INF bitimi yaxshi va adolatli shartnoma emasligini taʼkidlagan edi”, dedi rossiyalik harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer AFP nashriga.

Rossiya yangi qurollarni ishlab chiqmoqda

“Bitim tugaganidan keyin, biz yangi qurollarning ishlab chiqilishi va hozirlanishiga guvoh boʻlamiz”, dedi Felgengauer. “Rossiya bunga allaqachon tayyor.”

Putin ilk marta bu qurolni yuqori lavozimli harbiylar oldida muhokama qildi va fevral oyida qoʻshimcha tafsilotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Yerdan uchiriladigan oʻrta masofali raketalarni yaratishdan tashqari, Moskva “Kalibr” raketalarining yerdan uchiriladigan turini yaratishni rejalashtirmoqda, bu qurol allaqachon dengiz qoʻshinlari tomonidan muvaffaqiyatli qoʻllanilgan va Suriyada sinovdan oʻtgan.

Ammo Moskva moliyaviy tarafdan cheklangan.

U sanksiyalar va neft narxining pasayishi bilan bogʻliq 2014-yilgi iqtisodiy inqirozdan chiqishga harakat qildi. Uning harbiy budjeti Vashington budjetining oʻndan bir qismiga teng.

Yangi raketalar “mudofaa vazirligi budjetini oshirmay” amalga oshirilishi kerak, deya taʼkidladi Putin.

Ortiqcha mablagʻ sarflashni istamaslik juda katta harbiy xarajatlar sababli inqirozga uchragan Sovet Ittifoqidan qolgan sarqit, deydi kuzatuvchilar.

NATO: Yangi qurollanish poygasiga yoʻl qoʻymaymiz

INF shartnomasining bekor qilinishi qurollanish boʻyicha yangi davr boshlanishi borasidagi xavotirlarni keltirib chiqargan.

INF bitimi Rossiya va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida qurollanishga oid ikkita eng muhim shartnomadan biri boʻlib, ikkinchisi Strategik hujum qurollarini qisqartirishga oid yangi shartnoma (yangi START) hisoblanadi va u ikki mamlakatning yadroviy qurollari zaxirasini sovuq urush davriga oid cheklovdan quyida ushlab turadi.

Ammo, bu bitim ham 2021-yilda tugaydi va uni uzaytirish uchun siyosiy xohish-istak yetarli emasga oʻxshaydi.

“Uning davom etishi amrimahol”, deydi Rossiyaning xalqaro aloqalar boʻyicha kengashi tahlilchisi Aleksandr Savelev. “Bundan keyin Qoʻshma Shtatlar va Rossiya oʻrtasidagi yadroviy qurollanish poygasini hech narsa cheklamaydi.”

Shunga qaramay, ittifoqchilar “yangi qurollanish poygasi” boshlanishining oldini oladilar, dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

“Biz yangi qurollanish poygasi boshlanishini istamaymiz va Yevropada yerdan uchiriladigan yangi yadroviy raketalarni joylashtirmoqchi emasmiz”, dedi u Bryusselda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Dunyodagi hukmronlikni egallash uchun, shartnomalarga amal qilishdan koʻra, cheksiz masofali raketalar, tovushdan tez, radioelektron kurash vositalarning kar va koʻr qiluvchi taʼsiri, gravitatsion sunami va shunga oʻxshash narsalar bilan qoʻrqitgan maʼqulroq.

Javob berish