Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻiston rasmiylari va diniy arboblar internetdagi ekstremizm targʻibotiga qarshi birgalikda kurashmoqda

Kseniya Bondal

Masjidga kelganlar juma mavʼizasini tinglamoqdalar, Qozogʻistonning Turkiston viloyati, may oyi. (Turkiston viloyati hokimligi)

Masjidga kelganlar juma mavʼizasini tinglamoqdalar, Qozogʻistonning Turkiston viloyati, may oyi. (Turkiston viloyati hokimligi)

OLMAOTA – Internetdagi ekstremizm targʻibotiga qarshi kurash maqsadida, Qozogʻiston rasmiylari va diniy arboblar ekstremistik materiallarga barham berish va ishonchli axborot taʼminotini oʻz ichiga olgan ikki yoqlama yondashuvni ishlab chiqdilar.

Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vaziri oʻrinbosari Nurgul Mauberlinovaga koʻra, Qozogʻistonda terrorizm va ekstremizm targʻibotini oʻz ichiga oʻnlab internet-manbalar aniqlanmoqda va bloklanmoqda.

“Vazirlik qonunga xilof materiallarni aniqlash maqsadida internet va ijtimoiy tarmoqlarni doimiy kuzatib bormoqda”, dedi Mauberlinova 26-iyun kuni Nur-Sultonda oʻtkazilgan brifingda, deb xabar beradi Zakon.kz nashri.

“Bular, eng avvalo, terrorizmni va ekstremizmni targʻib qiluvchi, oʻz joniga qasd qilishga chaqiruvchi materiallar, shuningdek, qurol-yarogʻ va narkotiklar sotiladigan saytlar va ijtimoiy tarmoqlar sahifalaridir”, dedi u.

May oyida Turkiston viloyatida oʻtkazilgan anjumanda imomlar Qozogʻistondagi diniy taʼlim masalalarini muhokama qildilar. (Turkiston viloyati hokimligi)

May oyida Turkiston viloyatida oʻtkazilgan anjumanda imomlar Qozogʻistondagi diniy taʼlim masalalarini muhokama qildilar. (Turkiston viloyati hokimligi)

Uning aytishicha, 2019-yilning birinchi yarmida vazirlik qonunchilikka zid boʻlgan 45 mingdan ortiq materiallarni aniqlagan. Oʻtgan yil davomida bu koʻrsatkich 130 mingtani, 2017-yilda esa 300 mingtani tashkil qilgan edi.

“Bu materiallarning taxminan 90 foizi terrorizmni, qolganlari giyohvandlik, shafqatsizlik, zoʻravonlik, oʻz joniga qasd qilish va pornografiyani targʻib qiladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Mauberlinova Suriyadagi vahshiyona qotilliklar hamda Qozogʻiston va Markaziy osiyolik jangarilarning “jihodga” chaqiriqlari aks etgan videolavhalarni misol oʻlaroq keltirgan.

Hukumat qozoq internetini doimo “tozalab” turadi, dedi Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining (QMDI) internet targʻiboti boʻlimi rahbari Murat Abdikalikov.

Qozogʻistonda uchta idora noqonuniy saytlarni bloklash vakolatiga ega, bular – Bosh prokuratura, Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) va Ichki ishlar vazirligi (IIV).

Oxirgi uch yil ichida 176 nafar qozogʻistonlik internet orqali terrorizm va ekstremizmni targʻib qilishda ayblanib, sud qilingan.

2016-yilda 52, 2017-yilda 76 va 2018-yilda 39 fuqaro sudlangan. Ularning aksariyati xalqaro terrorchi tashkilotlar aʼzolari edi.

Taʼlim kuchi

“Yoshlar ongida diniy qadriyatlarga oid ishonchli maʼlumotlar yoxud buzgʻunchi gʻoyalar bilan toʻldirilishi mumkin boʻlgan informatsion boʻshliq bor”, deydi Olmaotadagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti xodimi Majid Junisbekov.

Uning aytishicha, yoshlar Islomni tinchlik dini deb tushunishi va unda zoʻravonlik yoki shafqatsizlikka oʻrin yoʻq ekanini anglashi uchun ularga ishonchli maʼlumotlar yetkazilishi kerak.

Internetdagi ekstremizm targʻibotiga qarshi kurash maqsadida, QMDI ijtimoiy tarmoqlarda muftiyat.kz, azan.kz, mazhab.kz, muslim.kz kabi ishonchli diniy maʼlumotlarni taqdim etuvchi bir nechta loyihalarni ishga tushirgan.

“Facebook, Instagram, Telegram va Vkontakte tarmoqlarida sahifalarimiz bor”, deydi Abdikalikov.

QMDI oʻz auditoriyasini toʻrt xil toifaga ajratgan.

Birinchi toifa – bu umumiy auditoriya boʻlib, ozmi-koʻpmi Islomga qiziqadiganlarni oʻz ichiga oladi.

Ikkinchisi – muntazam ravishda masjidga chiqadiganlar.

“Ularning diniy xabardorligi yaxshiroq, shu bois ham ularga namoz, roʻza, kiyinish odoblari, harom va halol mahsulotlar haqida chuqurroq berishga harakat qilamiz”, dedi Abdikalikov.

Uchinchi toifaga madrasalar va Nur-Muborak universiteti talabalari kiradi. Ular uchun QMDI tomonidan fiqh (Islom huquqi), aqoid (Islom aqidasi) va arab tili boʻyicha keng qamrovli onlayn darslar joriy qilingan.

Toʻrtinchi toifa – buzgʻunchi oqimlar aʼzolari. QMDI ularning qiziqishlari va muammolariga ham katta eʼtibor qaratmoqda.

“Bizda faqat savol-javoblar va izohlar uchun moʻljallangan fatua.kz veb-sayti bor”, dedi u. “Ushbu saytda berilgan savollarga koʻra, toʻrtinchi toifadagilarning diqqat markazida jihod mavzusi turadi. Ular jihod uchun Suriyaga borish kerakligini yozadilar. Biz Suriyada boʻlayotgan voqealar “jihod” emas, balki oddiy terrorizmdir, deya javob beramiz, bunga diniy manbalardan dalillar keltiramiz.”

Fatua.kz saytiga har kuni 100 tagacha savol keladi. QMDIning fatvo va sharʼiy masalalar boʻlimi xodimlari ularga zudlik bilan javob qaytaradilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xolisona!

Javob berish