Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Qozogʻiston kuch tuzilmalari ekstremistlar va qurolfurushlarga qarshi kurashda yutuqqa erishmoqda

Aydar Ashimov

18-iyul kuni Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) xodimlari qurolfurushlikda gumonlangan jinoiy guruh aʼzosini qoʻlga oldi. Guruh Olmaota, Chimkent va Qiziloʻrda shaharlarida faoliyat olib borgan. (Qozogʻiston MXQ)

18-iyul kuni Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) xodimlari qurolfurushlikda gumonlangan jinoiy guruh aʼzosini qoʻlga oldi. Guruh Olmaota, Chimkent va Qiziloʻrda shaharlarida faoliyat olib borgan. (Qozogʻiston MXQ)

NUR-SULTON – Qozogʻiston kuch tuzilmalari yaqinda ekstremizm va noqonuniy qurol-yarogʻ savdosiga qarshi kurash doirasida qator hibslarni amalga oshirdi.

Bir nechta shaharda olib borilgan xavfsizlik operatsiyalari davomida Olmaota, Chimkent va Qiziloʻrda shaharlarida noqonuniy qurol-yarogʻ savdosi bilan bogʻliq holatlar fosh etildi, deyiladi Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (MXQ) 25-iyul kungi bayonotida.

18-19-iyul kunlari MXQ tomonidan Olmaota va Chimkent shaharlarida bir nechta gumondor hibsga olinib, sakkiz dona “AK-47” avtomati va ikkita toʻpponcha musodara qilingan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, gumondorlardan ayrimlari ekstremistik qarashlarga ega boʻlgan.

18-iyul kuni Qozogʻiston kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan musodara qilingan qurollar. (Qozogʻiston MXQ)

18-iyul kuni Qozogʻiston kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan musodara qilingan qurollar. (Qozogʻiston MXQ)

Avvalroq, iyun oyida MXQning “Arslon” maxsus kuchlar boʻlinmasi qurol-yarogʻ, oʻq-dori va portlovchi moddalar oldi-sotdisi bilan shugʻullangan yirik kanal faoliyatiga chek qoʻygan edi.

Ushbu jinoiy guruhning 6 nafar aʼzosi qoʻlga olingan. Ularning barchasi Olmaota viloyatidan boʻlgan.

“Noqonuniy qurol savdosiga qarshi kurash olib borilyapti. Hukumat noqonuniy qurol-yarogʻni musodara qilmoqda”, dedi Nur-sultonlik siyosiy tahlilchi Yernar Beysaliyev.

Qozogʻistonda har yili aholidan qurollarni qayta sotib aksiyasi oʻtkazilmoqda , shu tariqa yuzlab oʻqotar qurollar va oʻq-dorilarning jinoyatchi va terrorchilar qoʻliga tushib qolishining oldi olinyapti”, dedi u.

Beysaliyevning aytishicha, Qozogʻistonda qurolfurushlarning hibsga olinishi bilan bogʻliq holatlar noqonuniy qurol bozorida jinoiy guruhlarning faollashayotganidan darak beradi.

Ekstremistlarni tergov qilish va qamoqqa olish

Qozogʻiston kuch ishlatar tuzilmalari, shuningdek, ekstremistlarni tergov qilish va javobgarlikka tortish ishlarini ham davom ettirmoqda.

Qaragʻanda sudi “Islom davlati”ning (ID) uch aʼzosini 6 yildan 12 yilgacha boʻlgan turli muddatlarga hukm qildi, deb xabar beradi 19-iyul kuni Tengri News.

Maʼlumotlarga koʻra, guruh yetakchisi 2015-yilda ekstremistik qarashlar taʼsiriga tushgan. U oʻz sheriklari yordamida Qaragʻanda viloyatining Jezqozgʻon shahrida terakt uyushtirishni rejalagan, deb xabar beradi tengrinews.kz nashri.

Iyul oyida oqtoʻbalik ikki ayol ekstremistik xatti-harakatlari uchun javob berishga majbur boʻldi.

Besh farzandning onasi, 32 yashar Akmaral Almagambetova terrorchi tashkilotga aʼzo boʻlish va diniy adovat qoʻzgʻashda ayblanib, Oqtoʻba shahar sudi tomonidan 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, deb xabar beradi 26-iyul kuni Qozogʻistonning “Ekspress K” gazetasi.

Almagambetova “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida 9-may kuni Suriyadan qaytarilgan edi. Operatsiya chogʻida IDning parchalanishi ortidan Suriyada qolib ketgan radikal qozoqlar va ularning qaramogʻida boʻlganlar ommaviy ravishda Qozogʻistonga olib kelingan.

Iyul oyida Oqtoʻba sudi Suriyadan vataniga qaytarilgan ikkinchi ayol – Zarina Akmalayevani xuddi shunday ayblovlar bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

May oyida 231, yanvarda esa 47 nafar qozogʻistonlik vataniga qaytarilgan.

Almagambetova Suriyaga 2013-yilda borgan edi. U erini ID safiga qoʻshilib, jang qilishga koʻndirmoqchi boʻldi, lekin eri bunga rozi boʻlmay, u bilan ajrashdi. Ayol Suriyada bir necha bor turli jangarilarga turmushga chiqdi, har safar eri janglarda halok boʻlganida yangidan turmush qurdi.

Sud ayolning oʻz qilmishidan pushaymon boʻlgani, yosh bolalari borligi va iqrorlik kelishuvini inobatga olib, unga 5 yillik qamoq jazosi belgiladi.

“Jusan” operatsiyasi davomida vataniga qaytarilgan barcha ayollar reabilitatsiya jarayonidan oʻtmoqda. Terrorchilik faoliyatida gumonlanganlar javobgarlikka tortiladi.

MXQ faoliyatini yoritish

MXQ oʻz faoliyati haqida ommani xabardor qilib bormoqda.

Iyul oyida qoʻmita “Tinchlik bahosi: Gʻarb” deb nomlangan turkum hujjatli filmlarning birinchisini omma eʼtiboriga havola qildi.

Filmda aytilishicha, MXQ agentlari jinoiy toʻdalar tarkibiga kiritilib, qurol-yarogʻ savdosi boʻyicha jinoyatchilarni fosh etishga qaratilgan maxsus operatsiyalarni ham amalga oshirmoqda.

Unda shuningdek, Suriyadan qaytarilgan jangari Donobek Torexanov haqida hikoya qilinadi. U 6 yil Suriya va Pokistonda jang qilgan, soʻngra Suriya hukumat kuchlari tomonidan qoʻlga olinib, “Jusan” operatsiyasi doirasida Qozogʻistonga olib kelingan.

Film 28-iyul kuni televideniye orqali efirga uzatilgan. 29-iyul kuni MXQ uni oʻzining YouTube kanaliga joyladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500