| Terrorizm

Qozogʻistonda ekstremistik mazmundagi minglab saytlar bloklandi

Aydar Ashimov


Olmaotadagi internet-kafe mijozi turli veb-saytlarni izlamoqda, 1-avgust kuni olingan surat. Qozogʻistonlik tahlilchilarning ogohlantirishicha, internet terrorchi tashkilotlarning asosiy tashviqot quroli boʻlib qolmoqda. (Aydar Ashimov)

Olmaotadagi internet-kafe mijozi turli veb-saytlarni izlamoqda, 1-avgust kuni olingan surat. Qozogʻistonlik tahlilchilarning ogohlantirishicha, internet terrorchi tashkilotlarning asosiy tashviqot quroli boʻlib qolmoqda. (Aydar Ashimov)

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati ekstremistik mazmundagi saytlarni bloklash orqali jangari guruhlarning tashviqotiga qarshi kurashmoqda.

Yil boshidan beri Ichki ishlar vazirligi (IIV) ekstremistik mazmundagi materiallar joylangan 4700 ga yaqin saytni aniqlagan va bloklagan, deb xabar berdi vazirlik.

IIV qozogʻistonlik internet foydalanuvchilarining noqonuniy sahifalarga kirishini cheklash uchun ular haqidagi maʼlumotni Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligiga yuborgan, deb xabar beradi IIV.


Terrorchi tashkilotga aʼzolikda gumon qilinib qoʻlga olinganlar, Olmaota, 10-yanvar. Taxminlarga koʻra, ular Suriyadagi ID jangarilari bilan aloqada boʻlganlar. (Qozogʻiston MXQ)

Terrorchi tashkilotga aʼzolikda gumon qilinib qoʻlga olinganlar, Olmaota, 10-yanvar. Taxminlarga koʻra, ular Suriyadagi ID jangarilari bilan aloqada boʻlganlar. (Qozogʻiston MXQ)

Vazirlik 2019-yilning birinchi yarmida qonunga xilof boʻlgan 45 mingdan ortiq onlayn materiallarni aniqlagan boʻlib, ularning 90 foizi terrorchilikni targʻib qiluvchi manbalardir, deb xabar bergan edi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Nurgul Mauberlinova iyul oyida.

Ayni vaqtda, Qozogʻiston huquqni muhofaza qilish idoralari ekstremistlarni qoʻlga olishda davom etmoqda, ularning aksariyati internet orqali yollanganlardir.

Iyul oyida ismlari oshkor etilmagan jezqozgʻonlik ikki erkak va Satpayev shahridan bir kishiga Jezqozgʻon shahrida terrorchilik hujumini rejalashtirish ayblovi bilan uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan. Bu terrorchi guruh aʼzolari radikal bilimlarni internet orqali olishgan, deb xabar bergan Tengri News.

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) yanvar oyida Olmaotada sakkiz kishidan iborat terrorchi guruh qoʻlga olinganini xabar qildi.

Ular internet orqali “Islom davlati” (ID) jangarilaridan mafkuraviy taʼlimotlar va portlovchi moslamalar yasash boʻyicha yoʻriqnomalar olishgan, deb xabar berdi qoʻmita.

Asosiy yollash kanali

Kuzatuvchilarning soʻzlariga koʻra, internet – terrorchi guruhlar uchun yangi aʼzolarni yollashda asosiy kanal boʻlib qolmoqda.

“Radikal tashkilotlarning sobiq aʼzolari bilan suhbatlashganimizda aksariyat hollarda ularning radikallashuvi – kimdir ijtimoiy tarmoqda diniy hamjamiyatga aʼzo boʻlishi yoki internetda maʼruza eshitishidan boshlangan”, dedi tarazlik dinshunos Sanjar Suleymenov.

Bu guruhlarning yollovchilari ehtimoliy aʼzolar bilan ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalari orqali aloqaga chiqadilar va oʻzlarini dindosh birodar deb tanishtiradilar.

“Ular masofadan turib boshqalarning dunyoqarashini oʻzgartiradilar va aldaydilar, ularga adolatli hayot vaʼda qilib, “jihod” uchun pul ehson qilishga yoki Afgʻoniston va Suriyadagi urush hududlariga borishga qatʼiyat bilan daʼvat qiladilar”, dedi Suleymenov.

Huquq-tartibot idoralari va dinga qiziquvchi internet foydalanuvchilari shunga oʻxshash mavzularni qamrab olgan guruhlardagi kalit soʻzlar va havolalardan foydalangan holda internetdagi materiallarni qidiradilar, dedi u.

“Politsiya juda katta ish qilmoqda”, dedi Suleymenov. “Ular minglab guruhlarni bloklamoqdalar, ammo yangilari paydo boʻlmoqda. Yangi saytni roʻyxatdan oʻtkazish, kontent bilan toʻldirish va eski sahifa nima uchun bloklanganini tushuntirib, sodiq foydalanuvchilarni taklif qilish uchun koʻp vaqt kerak emas.”

Veb-saytlarni yaratish osonligi onlayn ekstremizm daʼvatchilariga qarshi kurashni qiyinlashtirsa-da, Qozogʻiston hukumati bu borada muvaffaqiyat qozonmoqda , deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

6
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha