Karvonsaroy
Xavfsizlik

Turkmaniston terrorizmga qarshi huquqiy choralarni kuchaytirmoqda

Jumaguli Annayev

“Islom davlati” jangarisi tolibon jangchilariga qarata avtomatdan oʻt ochmoqda, iyul oyida Afgʻonistonda olingan surat. (File)

“Islom davlati” jangarisi tolibon jangchilariga qarata avtomatdan oʻt ochmoqda, iyul oyida Afgʻonistonda olingan surat. (File)

ASHXOBOD – Turkmaniston hukumati “Islom davlati” (ID) qoldiqlaridan iborat jangarilarning tahdidini inobatga olgan holda aksilterror choralarni kuchaytirmoqda.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) 24-25-iyul kunlari 30 nafar turkman rasmiysi uchun terrorchilikka qarshi huquqiy jazo choralarini kuchaytirish boʻyicha seminar tashkil etdi.

“Seminar inson huquqlari va amaldagi xalqaro qonunchilikning boshqa meʼyorlariga amal qilgan holda, terrorizmning oldini olish hamda sud taʼqibiga oid ilgʻor tajriba va samarali choralarga bagʻishlandi” deyiladi YXHT veb-sahifasida joylashtirilgan bayonotda.

Seminarda terrorchilikka qarshi kurash har tomonlama yondashuvni talab qiluvchi, oʻziga xos, mashaqqatli va shu bilan birga nozik masala ekanligi taʼkidlandi.

Niderlandiyalik prokuror Saymon Minks 24-iyul kuni Ashxobodda YXHT tashabbusi bilan oʻtkazilgan terrorchilikka qarshi huquqiy choralarni kuchaytirish boʻyicha seminarda nutq soʻzlamoqda. (YXHT)

Niderlandiyalik prokuror Saymon Minks 24-iyul kuni Ashxobodda YXHT tashabbusi bilan oʻtkazilgan terrorchilikka qarshi huquqiy choralarni kuchaytirish boʻyicha seminarda nutq soʻzlamoqda. (YXHT)

“Terrorchilikka qarshi kurashda xatoliklar va yanglishuvlar boʻlmasligi kerak, yoʻqsa undan xuddi gidra kabi yangi boshlar oʻsib chiqadi”, deydi seminar ishtirokchisi Ixlos ismli ashxobodlik huquqshunos, u oʻz familiyasini ochiqlashdan bosh tortgan.

“Hammasi shunchalik nozik va qaltiski, tergovchi, sudʼya yoki prokurorning terrorchilikda gumonlangan shaxsga nisbatan birgina xatosi uning qarindoshlari, yaqinlari, doʻstlari va qoʻshnilarini hukumatdan gʻazablantirishi va ularni radikal xatti-harakatlaga yetaklashi mumkin”, dedi advokat.

Ishtirokchilar, shuningdek, fuqarolarni radikalizmning xavfli yoʻlidan borishga undovchi shart-sharoitlar va sabablarni bartaraf etish muhimligini taʼkidladilar.

“Har qanday jinoyat, shu jumladan terrorizm ham oʻzining ijtimoiy ildizlariga ega”, dedi ismini oshkor qilishni istamagan qatnashchilardan biri.

“Agar fuqarolar oʻz hayotlaridan mamnun holda, ish bilan taʼminlangan va farovonlikda yashasalar, ularni yoʻldan urmoqchi boʻlganlarga oʻzlari qarshilik qila oladilar”, dedi u.

Tashqi va ichki xavflar

Bu yil boshidan beri Turkmaniston davlat xizmatchilari uchun tashkil etilgan uchinchi aksilterror seminar, dedi tadbirda qatnashgan TIV vakili.

“Ularda huquqni muhofaza qilish idoralari, qoziyatlar, advokatura va ommaviy axborot vositalarining 100 ga yaqin xodimlari qatnashdilar. Ular 21-asrning eng jiddiy tahdidiga qarshi kurash boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻldilar”, dedi anonim qolishni istagan yana bir turkman rasmiysi.

Uning soʻzlariga koʻra, seminarlar Milliy xavfsizlik va Ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, migratsiya, soliq va chegara idoralari xodimlari uchun foydali boʻlgan.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga koʻra, Turkmaniston rahbariyatini Yaqin Sharqdagi magʻlubiyatdan soʻng Afgʻonistonning shimoliy viloyatlaridan boshpana topgan ID jangarilaridan kutilayotgan tahdidlar xavotirga solmoqda.

“Turkmaniston bilan chegaradosh Faryob, Hirot, Juzjon viloyatlarining ayrim hududlarida Yaqin Sharqda tor-mor etilgan ID kuchlarining birlashuvi kuzatilmoqda”, dedi diplomat Afgʻonistondagi etnik turkmanlarni nazarda tutib.

“Ular (ID jangarilari) butun Markaziy Osiyo, jumladan, Turkmanistonga jiddiy xavf tugʻdiradilar”, deya qoʻshimcha qildi u.

“ID aʼzolari orasida Iroq va Suriyadan qochib kelgan va oʻz vataniga qaytishni koʻzlayotgan Turkmaniston fuqarolari ham bor”, dedi u.

“Ammo biz bunga yoʻl qoʻya olmaymiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Mamlakatimizda hozircha terakt deb atash mumkin boʻlgan hech qanday hodisa sodir boʻlmagan”, dedi oʻquv seminarlarining birida ishtirok etgan IIV xodimi Vepa O. Oʻz toʻliq ismini aytishni istamadi.

“Lekin, vaziyat oʻzgarishi mumkin va biz bunga tayyor boʻlishimiz kerak”, dedi u.

Xodimning aytishicha, seminarlar unga turli davlat organlarining terrorizmga qarshi kurash choralarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini tushunishga va ehtimoliy tahdidlarni aniqlashning yangi usullarini oʻrganishga yordam bergan.

“Endi Milliy xavfsizlik vazirligidagi hamkasblarimiz bilan hamkorlikdagi faoliyatimiz yanada samarali boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Radikal qarashdagi fuqarolarni aniqlash bilan shugʻullanadigan Vepaning aytishicha, Turkmanistondagi musulmonlarning ong-shuuriga tashqaridan taʼsir qiluvchi omillarga barham berish katta ahamiyatga ega.

“Turkmanlarning aksari anʼanaviy islomga amal qiladi. Radikalizm gʻoyalari ular uchun begona”, dedi u.

“Lekin odamlar turlicha. Ular orasida pulga uchib, xomxayollarga yoki oʻzini oʻldirganidan soʻng jannatga tushish vaʼdasiga ishonib, yoʻldan adashadiganlar borligini istisno etib boʻlmaydi”, dedi Vepa. “Biz aldanib, yoʻldan adashganlarni va odamlarni keskin choralar koʻrishga undovchilarni aniqlaymiz.”

YXHT seminarlari Turkmaniston huquq-tartibot idoralari kundalik amaliyotda qoʻllaydigan vosita va usullarni toʻldiradi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500