Karvonsaroy
Biznes

Barqarorlikni koʻzlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻoniston bilan aloqalarni mustahkamlamoqda

Kseniya Bondal

3 avgust kuni Olmaotadagi koʻrgazmada qozogʻistonlik xaridor Afgʻonistondan kelgan zargarlik buyumlari sotuvchisi bilan soʻzlashmoqda. (Kseniya Bondal)

3 avgust kuni Olmaotadagi koʻrgazmada qozogʻistonlik xaridor Afgʻonistondan kelgan zargarlik buyumlari sotuvchisi bilan soʻzlashmoqda. (Kseniya Bondal)

OLMAOTA – Olmaotadagi afgʻon mahsulotlari koʻrgazmasi ishtirokchilariga koʻra, Afgʻoniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik – mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Markaziy Osiyo davlatlari urushlardan jabr chekkan Afgʻonistonni barqarorlashtirish saʼy-harakatlariga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Mintaqaning Afgʻoniston bilan chegaradosh uch mamlakati uchun, mamlakatdagi muammolar umumiy muammolarga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik muhim.

3-4-avgust Olmaota davlat Markaziy muzeyida “Afgʻoniston: yangi savdo ufqlari” deb nomlangan biznes-forum boʻlib oʻtdi.

Tadbir bilan bir vaqtda oʻtkazilgan koʻrgazmada ziravorlar, yongʻoqlar, quritilgan mevalar, gilamlar, kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi 72 ta afgʻon kompaniyasi oʻz mahsulotlarini namoyish etdi.

Suratda: Olmaotadagi koʻrgazmada Afgʻonistonning Bomiyon viloyatidan kelgan Zahro Kozimiy, ayollar kiyim-kechaklari, poyafzallar, sumkalar va sharflar bilan savdo qilmoqda, 3 avgust. (Kseniya Bondal)

Suratda: Olmaotadagi koʻrgazmada Afgʻonistonning Bomiyon viloyatidan kelgan Zahro Kozimiy, ayollar kiyim-kechaklari, poyafzallar, sumkalar va sharflar bilan savdo qilmoqda, 3 avgust. (Kseniya Bondal)

Mintaqaning investitsion jozibadorligini Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari bilangina oshirish mumkin, deydi 3-avgust kuni biznes-forumda soʻzga chiqqan AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Kristofer Edvards.

“Qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlik Afgʻoniston uchun yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim rol oʻynaydi, Markaziy Osiyo esa afgʻon korxonalariga oʻz mahsulotlari uchun yangi bozorlarni kashf qilishga imkon beradi”, dedi Edvards. “Bu afgʻon xalqining farovonligini yuksaltirishga koʻmaklashadi.”

Markaziy Osiyo, jumladan Afgʻoniston Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bogʻlagan Buyuk Ipak yoʻlining asosiy savdo yoʻlagi sifatida tarixiy ahamiyatga ega, dedi Edvards.

Soʻnggi bir necha yil davomida Afgʻoniston iqtisodiy sohada sezilarli yutuqqa erishdi va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash orqali bu harakatni davom ettiradi, dedi u.

“Koʻrgazma USAIDning Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdo rivojini qoʻllab-quvvatlayotganidan darak beradi”, dedi Edvards.

Qozogʻiston bilan aloqalar

Edvardsning soʻzlariga koʻra, Afgʻoniston uchun Qozogʻiston bozori muhim, chunki u sharq va gʻarb oʻrtasida “koʻprik” boʻlib xizmat qiladi.

Afgʻonistonning iqtisodiy taraqqiyoti Markaziy Osiyodagi barqarorlikning taʼminlanishida katta ahamiyatga ega, dedi forumda soʻzlagan Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligining Olmaotadagi idorasi rahbari Erlan Iskakov.

“Qozogʻiston Afgʻonistonni barqarorlashtirishda faol rol oʻynamoqda va bu yoʻlda soʻnggi yillar davomida gumanitar yordam tariqasida 70 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ ajratgan. Afgʻonistonlik yoshlarning Qozogʻiston universitetlarida taʼlim olishi, oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur mahsulotlarni yetkazib berish, shuningdek Afgʻonistonda infratuzilma obʼektlarining qurilishi shular jumlasidandir”, dedi Iskakov.

2018-yilda Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmi 795 million AQSH dollarini tashkil qilgan.

Shundan Afgʻonistonning Qozogʻistonga eksporti atigi 4 million AQSH dollarini tashkil etdi, dedi Afgʻonistonning Qozogʻistondagi elchisi Muhammad Farhod Azimiy forum davomida.

“Biz Afgʻonistondan Qozogʻistonga eksportni oshirish yoʻllarini oʻylashimiz lozim, shu sabab forum doirasidagi uchrashuvlarni B2B (biznesdan biznesga) formatida oʻtkazamiz”, dedi Azimiy.

Afgʻoniston boshqa mahsulotlar qatori, ziravorlar, quritilgan mevalar, oq marmar va qimmatbaho toshlar eksportini oshirishi mumkin, dedi u.

“Ayni damda Afgʻoniston mavjud hududiy iqtisodiy aloqalar, shuningdek, xususiy sektorimiz mahsulotlarini sotish uchun yangi kanallar ochilishiga muhtoj”, dedi Azimiy. “Qozogʻiston va Afgʻoniston tarixiy hamkorlar ekanligini hisobga olsak, biz bundan tadbirkorlikni rivojlantirishda foydalanishimiz mumkin.”

Birgalikda ishlash

Koʻrgazma va forum ishtirokchilari birgalikda ishlashga qiziqish bildiridilar.

Ular orasida Afgʻonistonning Bomiyon viloyatidan kelgan 42 yashar Zahro Kozimiy ham bor. U yashaydigan viloyat 2001-yilda Tolibonlar qadimiy Budda yodgorligini yoʻq qilgani bilan tanilgan.

U sakkiz yil avval “Bamiyan Successful Woman Co.” kompaniyasiga asos solgan.

“Biz matoni bozordan xarid qilamiz, ayollar esa unga qoʻlda kashta tikishadi”, dedi u intervyu chogʻida. “Kompaniyamizda 20 nafar ayol ishlaydi, yana turli qishloqlarda 100 ga yaqin xotin-qizlar oʻz uylaridan turib biz uchun kashta tikib beradilar.”

Qozogʻiston bir necha sabablarga koʻra, afgʻon tadbirkorlari uchun qiziqarli, dedi u.

Birinchidan, u bizga yaqin. Ikkinchi masala – qozogʻistonliklarning biznes aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanliklari, uchinchidan ulardagi hunarmandchilik mahsulotlariga boʻlgan talab va toʻrtinchidan – ularning toʻlov qobiliyati, dedi u.

“Kompaniyamiz yanada kengayishi uchun xalqaro bozorga chiqish imkoniyatiga ega boʻlishni istaymiz”, deb qoʻshimcha qildi Kozimiy.

Kozimiy Afgʻonistonda tadbirkor ayol boʻlish qiyinligini tan olsa-da, qatʼiyat bilan oʻz ishida davom etmoqda. “Kobul va Bomiyon oʻrtasida katta magistral yoʻli oʻtadi va agar Tolibonlar u yerdan ayol kishi oʻtayotganini bilib qolishsa, yoʻlni yopib, mahsulotlarni olib qoʻyishlari mumkin” deydi u.

Koʻrgazmada qatnashgan ayrim qozogʻistonliklar oʻz hayratlarini yashira olmadilar.

“Biz dastavval Afgʻonistondagi urush sababli, ular bilan biznes aloqalarni boshlashdan xavfsiragan edik, ammo koʻrgazma va forumga borganimizdan keyin, u yerda normal hayot borligiga amin boʻldik”, dedi “Qazaq-Oner” (Qozoq sanʼati) sanʼat markazi direktori Aygul Janserikova.

“Eng muhimi, ularda hunarmandchilik juda kuchli rivojlangan”, dedi olmaotaliklardan biri intervyu chogʻida.

“Biz afgʻonistonlik hunarmandlarni bu yerda mahorat darslarini oʻtishga taklif qilishimiz mumkin, buning uchun albatta haq toʻlaymiz yoki biz u yerga borib, ularning qanday ishlashini koʻrib kelishimiz mumkin”, dedi Janserikova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hmm... Oʻylaymanki, biznikilar oʻz mamlakatlarini amerikoslar bizga uqtirmoqchi boʻlayotganidek, Afgʻoniston bilan bitta mintaqa deb hisoblamaydilar. Gansi aviabazasidagi harbiylar mahalliy OAVga bergan intervyularida bizni “stanchilar” deb ataganlarini eslayman, yomon asabimga tegar edi bu. Biz Turkiston Rossiya imperiyasining bir qismiga aylangan vaqtda Afgʻonistondan ajralganmiz. “Sovetlashtirish” siyosati esa bizni bu islomiy mamlakatdan yanada uzoqlashtirdi! Menimcha, yuz yil oldin Gʻarb aralashmaganida, Afgʻoniston bugungi kunda dunyoviy davlat boʻlar edi, afgʻon qizlari esa bizning qizlarimiz kabi yozda paranji oʻrniga kalta shortikarda yurgan boʻlishardi! Britanlar va amerikoslarning zararli aralashuvi tufayli afgʻon ayollari shaxsiy erkinlikka ega boʻlolmadilar. Endi ular shunday qoloq mamlakatni bizga tiqishtiryapti! Balki, bizni oʻrta asrlar feodalizmiga qaytarmoqchidirlar?!

Javob berish

Rossiya Afgʻonistonda tinchlik boʻlishini xohlamaydi. Unga Tojikiston, Oʻzbekiston va Qozogʻistonni shantaj qilish uchun tanglik nuqtasi kerak.

Javob berish