http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/08/20/feature-01?ca_001_a=true
| Xavfsizlik

Dushanbedagi harbiy oʻquv mashqlari mintaqaviy xavfsizlikning birlashgan frontini namoyish etdi

Neʼmatullo Mirsaidov

Moʻgʻuliston, Tojikiston, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekistondan kelgan mutaxassislar 10-avgust kuni Dushanbeda boʻlib oʻtgan “Mintaqaviy hamkorlik - 2019” mashqlari chogʻida shartli davlatlardagi xavfsizlik va barqarorlik masalalarini hal qilish ustida birgalikda ishlamoqdalar. [AQSH Qurolli kuchlar zaxirasi]

DUSHANBE – Amerika Qoʻshma Shtatlari, Oʻzbekiston, Tojikiston va Moʻgʻuliston shu oyda Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan bir haftadan koʻproq davom etgan mashgʻulotlar davomida harbiy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtardilar.

AQSH Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) 5-16-avgust kunlari Dushanbeda “Mintaqaviy hamkorlik - 2019” koʻp tomonlama qoʻmondonlik-shtab mashqlarini tashkil etdi.

Mashqlar chogʻida toʻrt mamlakat harbiy mutaxassislari terrorizm va narkotrafikka qarshi kurash boʻyicha tajriba almashibgina qolmay, ommaviy qirgʻin qurollariga qarshi qoʻshma amaliyotlarni ham mashq qildilar. Pokiston harbiylari mashgʻulotlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdilar.

10-avgust kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan “Mintaqaviy hamkorlik - 2019” mashqlarida ishtirok etayotgan harbiylar. [AQSH Qurolli kuchlar zaxirasi]

Tojikiston mudofaa vazirligiga koʻra, mashgʻulotlarda jami 200 kishi, jumladan, 15 nafar tojik harbiy mutaxassisi va boshqa bir guruh askarlar, shuningdek, Tojikistonning yuqori va oʻrta boʻgʻindagi zobitlari ishtirok etishgan. Har bir mamlakatdan necha kishi ishtirok etgani haqida maʼlumot yoʻq.

“(Biz) ikki asosiy yoʻnalish boʻyicha ish olib bordik: favqulodda vaziyatlarni hal etish, terrorchi guruhlar hujumini qaytarish va ularni yoʻq qilish boʻyicha qoʻshma harakatlarni amalga oshirdik”, dedi vazirlikning anonim vakili telefon orqali suhbatda.

Mashgʻulotlar Tojikistonning radiatsion, biologik va kimyoviy qurollarga qarshi kurash kuchlari qoʻmondoni Anvar Ahmadjonzoda rahbarligida oʻtgan.

“Bu harbiylarimizning mahoratini oshirish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi”, dedi Mudofaa vazirligi vakili Ilhomiddin Moʻminov telefon orqali bergan intervyusida.

Mintaqaviy hamkorlik mashqlari AQSH, Oʻzbekiston, Tojikiston va Moʻgʻuliston harbiylarini ikkinchi bor bir joyga jamladi.

Oʻtgan yilgi mashgʻulotlar 20-21-sentabr kunlari AQSHning Massachusets shtatida boʻlib oʻtgan edi. Unda Afgʻoniston va Qozogʻiston harbiy xizmatchilari ham qatnashgan.

“Mintaqaviy hamkorlik - bu harbiy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan koʻp bosqichli ssenariy asosidagi shtab mashgʻulotlaridir. Unda har bir ishtirokchi voqealar rivoji boʻyicha oʻz ssenariysini taqdim etadi”, deydi CENTCOM vakili, podpolkovnik Erl Braun.

“Bu choralar chegara xavfsizligini mustahkamlash hamda terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashga qaratilgan”, dedi u.

“Bu oʻzaro aloqalarni mustahkamlash va barcha ishtirokchilarning mahoratini oshirish uchun yaxshi imkoniyat”, dedi Braun. “Mazkur amaliyotlar mintaqa miqyosidagi choralar talab qilinadigan vaziyatda global tinchlikparvarlik, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va maʼlumot almashish bilan bogʻliq mintaqaviy masalalarga eʼtibor qaratish imkonini berdi.”

Muammo va tahdidlar

Koʻp millatli qoʻshma harbiy mashgʻulotlar Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash va jangovar tayyorgarlikning yuqori darajasini taʼminlash choralari doirasida oʻtkazilgan.

Bu, ayniqsa, chegaralari xavfsiz boʻlmagan davlatlar uchun juda muhim, deydi Afgʻoniston boʻyicha dushanbelik tahlilchi Ilhom Narziyev.

“Bugungi kunda Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston va Tojikiston yangi chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga ehtiyoj sezmoqdalar”, dedi u.

(Uzoq vaqt hukmronlik qilgan Islom Karimovning 2016 yildagi vafotidan soʻng) Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarning iliqlashgani “muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlarga yoʻl ochdi”, deya qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekiston va Tojikiston Sovet Ittifoqidan mustaqillikka erishganidan soʻng ilk marta 2018-yilda bir qator mashgʻulotlarni oʻtkazishgan.

Oʻtgan yil avgust oyida Soʻgʻd viloyatida oʻtgan keng qamrovli oʻquv mashqlari davomida ikki davlat mudofaa vazirlari muntazam qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazish bilan hamkorlikni yaxshilashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

“Milliy xavfsizlik muammolari va tahdidlari, terrorchilik faoliyati misli koʻrilmagan hajmga ega boʻlib borayotgan bir vaqtda, hech qaysi davlat bu xavfga qarshi yolgʻiz kurasha olmaydi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun kuchlarni birlashtirish muhim”, deb aytgan edi Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo 2018-yil avgust oyida Soʻgʻd viloyatida oʻtgan Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma mashqlari chogʻida.

“Faqat harbiy qismlar orasidagi qoʻshma saʼy-harakatlar, hamkorlik va hamjihatlik bilangina terrorizm va narkotrafikka qarshi kurasha olamiz”, degan edi Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mashqlar davomida.

AQSHning koʻmagi

“AQSH kabi davlatning askarlari bilan tajriba almashilayotgani va tinchlikparvar operatsiyalarda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar qurolli kuchlari bilan hamjihatlik qilinayotgani bejiz emas”, deydi tojikistonlik tahlilchi Narziyev.

Qoʻshma Shtatlar chegara xavfsizligini yaxshilash, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashda muntazam ravishda Tojikiston qurolli kuchlari, chegara qoʻshinlari va huquq-tartibot organlarini qoʻllab-quvvatlab keladi.

Bu yordam nafaqat tajriba almashish, balki infratuzilma barpo etish va asbob-uskunalar bilan taʼminlash, shu jumladan, aloqa va transport koʻmagini ham oʻz ichiga oladi.

2018-yilda Tojikiston mudofaa vazirligining tinchlikparvar batalyoni Qoʻshma Shtatlardan umumiy qiymati 1 mln. AQSH dollariga (9,7 mln. somoniy) teng sakkizta J8 Jeep mashinasini qabul qilib oldi.

2009-yildan beri Qoʻshma Shtatlar mazkur batalyon uchun qurilma va harbiy texnika sotib olishga 6,5 mln. AQSH dollari (63 mln. somoniy) ajratgan. Umumiy hisobda 2006-yildan beri AQSH Tojikistonga 155 mln. AQSH dollaridan (1,5 mlrd. somoniy) ortiq harbiy yordam taqdim etgan.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha