http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/08/23/feature-01
| Atrof muhit

Ogohlantirishlarga qaramay, Rossiya Arktikada suzuvchi yadroviy reaktorni ishga tushirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Dunyodagi ilk suzuvchi yadroviy reaktor – “Akademik Lomonosov” portni tark etmoqda. (TASS)

MOSKVA – Mintaqaga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, juma (23-avgust) kuni Rossiya dunyodagi ilk suzuvchi yadroviy reaktorni Arktika boʻylab sayohatga yubormoqda.

Yadroviy yoqilgʻi bilan toʻldirilgan “Akademik Lomonosov” Murmanskdan Sibirning shimoli-sharqigacha boʻlgan 5000 kilometrlik safarga chiqadi.

Bu reaktor yil davomida joyidan jilmaydigan odatiy reaktorning oddiyroq muqobilidir, deb xabar bergan bunday reaktorlarni xorijga sotishni rejalashtirayotgan Rossiyaning “Rosatom” agentligi.

Ukrainaning Pripyat shahridagi tashlandiq bino, shahar Chernobil yadroviy stansiyasi yaqinida joylashgan edi. Tarixdagi eng mudhish yadroviy falokat 1986-yilda Sovet Ittifoqi rasmiylarining xatosi sababli yuz bergan. (Fayl)

Markaziy Osiyodagi radioaktiv chiqindilarning joylashuvi aks etgan xarita. (EIning Qirgʻizistondagi delegatsiya)

Ammo tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari bu loyihaning xavfi haqida ogohlantirib, uni “muzdagi Chernobil” va “yadroviy Titanik” deb nomladilar.

Reaktorning safari ob-havo hamda muz miqdoriga qarab 4-6 haftagacha choʻzilishi taxmin qilinmoqda.

144 metr uzunlikdagi “Akademik Lomonosov”ni barpo etish ishlari 2006-yil Sankt-Peterburgda boshlangan edi.

Sibir Chukotkasidagi 5 ming kishilik aholiga ega Pevek shahriga yetib borgan reaktor mahalliy yadro stansiyasi va yopiq koʻmir konining oʻrnini egallaydi.

Yil oxirida foydalanishga topshiriladigan reaktor Rossiya Arktikada uglevodorod qazib olishini rivojlantirayotgan bir paytda mintaqadagi neft platformalariga xizmat qiladi.

Radioaktiv chiqindilar

Tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari 1990-yillardan beri suzuvchi reaktor borasida tanqidiy fikrlar bildirib kelganlar, deydi Rossiyaning “Greenpeace” tashkiloti energetika boʻlimi boshligʻi Rashid Alimov.

“Har qanday yadroviy reaktor radioaktiv chiqindi chiqaradi va avariyaga sabab boʻlishi mumkin, ammo “Akademik Lomonosov” boʻronlar oldida ham zaif”, dedi u AFP nashriga.

Reaktorni boshqa kemalar shatakka olib suzadi, shu sabab boʻronlar vaqtida toʻqnashuv ehtimoli yanada kuchayishi mumkin, dedi u.

Rosatom foydalanilgan yoqilgʻini reaktorning oʻzida saqlashni rejalashtirgani sababli “yoqilgʻi bilan bogʻliq har qanday falokat Arktikaning nozik iqlimiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin”, dedi Alimov.

Mintaqada “yadroviy tozalash ishlarini olib borish uchun zarur infratuzilma mavjud emas”, deb ogohlantirdi u.

Iqlimning global ilishi va muzliklarning erishi – Rossiyaning shimoliy qirgʻoqlari boʻylab, Atlantika okeanini Tinch okeani bilan bogʻlaydigan Shimoli-sharqiy dengiz yoʻlini yanada qulayroq qilib qoʻygan.

2018-yilning may oyida AFP muxbiri “Akademik Lomonosov”ni koʻzdan kechirish uchun kelgan vaqtda u xira jigarrang edi. Endi esa u Rossiya bayrogʻining ranglari – qizil, oq va koʻk ranglarga boʻyalgan.

Ogʻirligi 21 ming tonna keladigan kema har birining quvvati 35 mVtga teng ikkita reaktorga ega, bu yadroviy muzyorar kemalardagi reaktorlarning quvvatiga yaqin.

Kema jamoasi 69 kishidan iborat boʻlib, u 3,5-4.5 uzel tezlik bilan harakatlanadi.

Loyiha qoʻldan boy berilgan imkoniyatdir, chunki hududi Texasdan katta va atigi 50 ming kishilik aholiga ega Chukotkada “shamol energetikasini rivojlantirish boʻyicha katta salohiyat mavjud”, dedi Alimov.

“Suzuvchi yadroviy stansiya elektr quvvati ishlab chiqarishning oʻta xavfli va oʻta qimmat usulidir”, dedi u.

Xavfsizlikka oid xavotirlar

Shu oy Rossiyaning uzoq sharqidagi harbiy poligonda yuz bergan va radiatsiya darajasini koʻtarib yuborgan halokatli portlash xavotirlarning kuchayishiga sabab boʻlgan.

Portlash 8 avgust kuni yadroviy qurilmaga ega raketani sinash chogʻida yuz bergan, oqibatda 5 xodim halok boʻlib, hududdagi radiatsiya darajasi koʻtarilib ketgan.

Portlash 9M730 “Burevestnik” (NATO “SSC-X-9 Skyfall” deb nomlagan) qanotli yadroviy raketa bilan bogʻliq ekanligi xabar qilindi.

Avariyadan soʻng qoʻshni Severodvinsk shahrida radiatsiya darajasining oshgani qayd etildi, sarosimaga tushgan aholi radiatsiyaning qalqonsimon bezga taʼsirini kamaytirishga yordam beruvchi yod moddasini sotib olish uchun dorixonalarga oshiqqan.

Bu kabi radioaktiv hodisalarning atrof-muhit va xavfsizlikka taʼsiri uzoq muddatli boʻlishi mumkin.

Sentabr oyida Yevropa Ittifoqining (YI) 85 mln. yevrolik koʻmagi bilan Markaziy Osiyoning 7 ta obyektida (ularning uchtasi Qirgʻizistonda joylashgan) Sovet davridan qolgan uran chiqindixonalarini tozalash ishlari boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda iyul oyida KyrTag axborot agentligi xabar bergan edi.

Markaziy Osiyo 50 yildan ortiqroq vaqt davomida sobiq Sovet ittifoqi uchun asosiy uran manbai boʻlib xizmat qilishi ortidan xavfsizlik va ekologiyaga oid bir talay muammolar qoldi.

Masalan, Tojikiston, uran chiqindixonalarida qoʻlbola bombalar tayyorlash uchun yetarlicha uran qoldiqlari borligi yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Yevropa Ittifoqining 2017-yilgi hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyoda 1 mlrd. tonnaga yaqin zaharli uran chiqindilari bor.

“Chiqindixonalar va omborxonalarda katta miqdorda zaharli radioaktiv moddalar toʻplanib qolgan”, deb maʼlum qilgan edi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki aprel oyida.

1995-yilda aksariyat konlar yopilganiga qaramay, Rossiya uran qazib olish va qayta ishlash obyektlarini tark etgunigacha va undan keyin ham deyarli hech qanday tozalash ishlarini olib bormagan.

Sizga maqola yoqdimi?
23
Yo‘q
Fikrlar 5
Siyosat
Captcha
| 2019-08-29

Yangi va shunaqa zanglaganmi?
Rossiyada ishlab chiqarilgan

Javob berish
| 2019-08-26

Choʻkib ketmaydimi?

Javob berish
| 2019-08-24

Rutiniyadan yadroviy sarqit.

Javob berish
| 2019-08-24

Duo qilib turinglar, bu zang bosgan balo portlab ketmasin.

Javob berish
| 2019-08-24

Yaxshi foydali maʼlumot bo‘libdi. Yadroviy reaktorlar oxir-oqibat Antarktida tabiatini va insoniyatni yo‘q qilishi mumkin.

Javob berish