Karvonsaroy
Terrorizm

Tojikistonda terrorchilarning internetdan foydalanishiga qarshi kurash boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazildi

Karvonsaroy

ID videolavhasidan olingan kadr – “onlayn-jihod” bilan mashgʻul boʻlgan “Islom davlati” (ID) tarafdorlaridan biri. (Fayl)

ID videolavhasidan olingan kadr – “onlayn-jihod” bilan mashgʻul boʻlgan “Islom davlati” (ID) tarafdorlaridan biri. (Fayl)

DUSHANBE – Juma (23-avgust) kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tojikistonda internetdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishga qarshi kurash boʻyicha uch kunlik nazariy mashgʻulotlarni yakunladi.

Tadbir YXHTning Dushanbedagi idorasi va Terrorizmga qarshi kurash boʻlinmasi tomonidan tashkil etildi.

Mashgʻulotlar chogʻida asosiy eʼtibor Terrorga qarshi kurash boʻlinmasi tomonidan ishlab chiqilgan shartli interfaol ssenariyga qaratildi. U Markaziy Osiyoga xos boʻlgan real voqealar va yuzaga keluvchi xavfsizlik tahdidlariga asoslangan.

Tadbirda davlat muassasalari, sudlar, fuqarolik jamiyati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasi, ommaviy axborot vositalari va huquqni muhofaza qilish idoralarining 45 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

(Chapdan oʻngga): Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha rahbari oʻrinbosari Komron Hidoyatzoda; Dushanbedagi YXHT dasturlari idorasi rahbari vazifasini bajaruvchi Filippo Krivellaro va YXHTning transmilliy tahdidlar dasturlari departamenti vakili Otabek Rashidov. 21-avgust, Dushanbe. (YXHT)

(Chapdan oʻngga): Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha rahbari oʻrinbosari Komron Hidoyatzoda; Dushanbedagi YXHT dasturlari idorasi rahbari vazifasini bajaruvchi Filippo Krivellaro va YXHTning transmilliy tahdidlar dasturlari departamenti vakili Otabek Rashidov. 21-avgust, Dushanbe. (YXHT)

Asosiy eʼtibor xalqaro hamkorlik hamda xususiy va davlat sektorini ifoda etuvchi ishtirokchilar orasida mavjud tashabbuslar, loyihalar va ilgʻor tajriba almashinuvi orqali internetda terrorchilik mazmunidagi materiallarning tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha milliy salohiyatni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratildi.

“Internetdan terrorizm maqsadida foydalanishning oldini olish va unga qarshi kurashishda hukumat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi hamkorlik nihoyatda muhim”, deydi Dushanbedagi YXHT dasturlari idorasi rahbari vazifasini bajaruvchi Filippo Krivellaro.

“Nodavlat tashkilotlar, OAV, mahalliy hamjamiyatlar va har bir shaxs, ongli fuqaro sifatida terrorchilarning internet va AKTdan foydalanishining oldini olish va ularga qarshi kurashda muhim rol oʻynashi mumkin”, dedi u.

Xavf ostidagi hayot

Tojikiston davlat aloqa xizmati direktori oʻrinbosari Ilhomiddin Atoyevga koʻra, terrorizmga qarshi kurashni jadallashtirish zarur, sababi jangarilar texnologiyalardan tobora koʻproq foydalanmoqdalar.

“Zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi va ulardan foydalanishning osonlashgani terrorchilar va jangari ekstremistlarga hujumlarni rejalashtirish va ularni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi”, dedi Atoyev. “Virtual olamda terrorchilarga qarshi choralar koʻrmas ekanmiz, real dunyoda oʻz hayotimiz va tinchligimizni xavf ostiga qoʻygan boʻlamiz.”

Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining mintaqaviy xavfsizlik departamenti rahbari oʻrinbosari Komron Hidoyatzoda YXHT mashgʻulotlarining maqsadini yuqori baholadi.

“Ushbu nazariy mashgʻulotlar muammoni tahlil qilish va hal etish boʻyicha amaliy choralar va tavsiyalarni ishlab chiqish uchun asos boʻlishiga ishonchimiz komil”, dedi Hidoyatzoda.

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, Yevropolning internet-axborot guruhi, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boʻyicha ijroiya direksiyasi tomonidan olib borilayotgan aksilterror tashabbus va internet siyosati boʻyicha fuqarolik tashabbusi, shuningdek, YXHTning matbuot erkinligi boʻyicha vakili hamda YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining taqdimotlarini oʻz ichiga olgan.

Mashgʻulotlar yakunida internetdan terrorchilik maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi kurashda qoʻllaniladigan amaliy choralar va tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.

Bu tavsiyalar mahalliy sharoitlarga moslashtiriladi, terrorchilarning internet va AKTdan foydalanishiga qarshi kurash hamda buning oldini olishda ijrochi organlarga inson huquqlari va gender masalalarini eʼtiborga olgan holda tegishli siyosiy choralar va qoidalarni ishlab chiqishga yordam beradi.

Bu internetdan terrorchilik maqsadlariga foydalanishga qarshi kurash boʻyicha YXHT hududida tashkil etilgan ikkinchi nazariy mashgʻulotlardir. Ilk mashgʻulotlar 2019-yilning yanvarida Toshkentda oʻtkazilgan edi.

Aksilterror boʻlinma 2019-2020-yillarda bu kabi tadbirlarni Markaziy Osiyo va Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500