http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/08/26/feature-01
| Xavfsizlik

Qozogʻiston sayyohlik politsiyasining salohiyati ortib bormoqda

Aydar Ashimov

Qozogʻiston ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev sayyohlik politsiyasi faoliyatini tekshirmoqda, 18-aprel kuni Nur-Sultonda olingan surat. (Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi)

NUR-SULTON – Bugungi kunda Qozogʻiston sayyohlik politsiyasi boʻlinmalari mamlakatning barcha viloyatlarida xizmat koʻrsatmoqda.

Ilk bor aprel oyida tashkil etilgan boʻlinma ixtiyorida oltita post boʻlib, ularning oxirgisi 16-avgust kuni Olmaota aeroportida ishga tushirilgan edi.

“Sayyohlik politsiyasi safida chet tillar, mamlakatimiz qonunlari va tarixiga oid yuksak bilim, muomala qobiliyatlari va javobgarlikka asoslangan izchil tanlovdan oʻtgan xodimlar xizmat qiladi”, deyiladi Ichki ishlar vazirligining (IIV) rasmiy saytiida eʼlon qilingan bayonotda.

Nursultondagi politsiya call-markazi, 17-iyul kuni olingan surat. (Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi)

Sayyohlik politsiyasi xodimlari tana kameralari, radioqurilma, planshet, himoya nimchasi va boshqa kerakli jihozlar bilan taʼminlangan.

Politsiya xodimlarining asosiy vazifasi sayyohlarga maslahat berish va ularning xavfsizligini taʼminlash boʻlib, bunda ularga barcha kerakli jihozlar – tana kameralari, radioqurilma, planshet, himoya nimchasi va hokazolar berilgan.

Tezkor yordam

Shu kungacha sayyohlik politsiyasi koʻplab sayyohlarga yordam berib ulgurdi.

Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan sayyoh oʻz video kamerasini Olmaotadagi taksilarning birida nutib qoldirgan, deb yozadi 14-avgust kuni Olmaota politsiyasi oʻzining Facebook sahifasida.

Sayyohlik politsiyasi oddiy politsiya xodimlariga tarjimon sifatida yordam koʻrsatgan va mashina darhol topilib, kamera oʻz egasiga topshirilgan.

Iyul oyida esa Olmaotada germaniyalik sayyohlardan biri motosiklini oʻgʻirlatgan. Bir kun ham oʻtmay, sayyohlik politsiyasi xodimlari boshqa qismlardagi hamkasblari bilan hamkorlikda gumondorni qoʻlga olishgan va motosikl egasiga qaytarilgan.

“Sayyohlik politsiyasi oʻta yuqori talablarga javob berishi shart”, dedi IIVning migratsiya xizmati xodimi Yerlan Toyimbayev.

“Xorijiy tillarni bilishdan tashqari, ular sayyohlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar yuzasidan boshqa mamlakat idoralari bilan samarali hamkorlik qila olishlari kerak”, dedi Toyimbayev.

Turizmni ragʻbatlantirish

Sayyohlik politsiyasi 2019-2025-yillarda Qozogʻiston turizm sohasini rivojlantirish dasturi doirasida tashkil etilgan.

Qozogʻiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida bunday boʻlinmani ishga tushirgan toʻrtinchi davlatdir.

2017-yil dekabr oyidan Oʻzbekistonda sayyohlik politsiyasi oʻz ishini boshlagan edi. Tojikiston esa 2018-yil Dangʻara tumanida 29-iyul kuni toʻrt nafar xorijiy sayyohga qilingan qonli hujumdan soʻng, shunday politsiya boʻlinmalarini tashkil qilgan. Hujumni “Islom davlati” (ID) oʻz zimmasiga olgan.

Bu orada Qirgʻiziston faqat Bishkekda faoliyat olib boruvchi alohida sayyohlik boʻlinmasini ishga tushirgan.

Qozogʻiston davlat dasturiga koʻra, sayyohlik politsiyasi xodimlari turistlarga yordam berishlari va ogʻir vaziyatlarda vositachilik qilishlari kerak.

Dastur, shuningdek, turistik xizmatlar sifatini oshirish, sayyohlik uchun qulay muhit yaratish va turizm sohasini boshqarishni yaxshilashga qaratilgan.

Masalan, 1-yanvardan boshlab 117 mamlakatdan kelgan sayyohlar onlayn shaklni toʻldirish va konsullik yigʻimini toʻlash orqali Qozogʻistonga elektron vizalarni olishlari mumkin. Shuningdek, 23 davlat fuqarolari uchun biznes va tibbiy vizalarni ham onlayn usulda olish imkoniyati mavjud.

“Chegarani kesib oʻtayotganimizda bizga sayyohlik politsiyasining faoliyati haqida soʻzlab berishdi, ular bilan bogʻlanish maʼlumotlarini ham oldik”, deydi oilasi bilan janubiy Qozogʻiston boʻylab sayohat qilayotgan 39 yashar Gleb Tkachenko.

“Migratsiya politsiyasiga murojaat qilishimiz shart emas, chunki roʻyxatdan oʻtish onlayn rejimda amalga oshiriladi”, dedi u chet el fuqarolarining migratsiya politsiyasini xabardor qilishi kerakligi haqidagi talabni nazarda tutgan holda.

“Qozogʻistonda sayyohlikni kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu yerda koʻplab noyob tarixiy joylar va goʻzal tabiat, endilikda esa chet ellik sayyohlar xavfsizligini taʼminlaydigan maxsus politsiya ham bor”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
2
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha