Karvonsaroy
Ta’lim

Afgʻonistonlik xotin-qizlar YI koʻmagida Oʻzbekiston va Qozogʻistonda taʼlim oladilar

Maksim Yeniseyev

20-24-avgust kuni Termizda afgʻonistonlik talabalar uchun yozgi oromgoh tashkil etildi. (Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi)

20-24-avgust kuni Termizda afgʻonistonlik talabalar uchun yozgi oromgoh tashkil etildi. (Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi)

TOSHKENT – Yevropa Ittifoqi (YI) afgʻonistonlik xotin-qizlarning Oʻzbekiston va Qozogʻiston universitetlarida taʼlim olishi uchun mablagʻ ajratadi.

22-iyul kuni YI Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshiriladigan loyiha uchun 2 mln. yevro (20,7 milliard soʻm) miqdorida grant ajratdi.

“Fikrimcha, afgʻon xalqi xalqaro hamjamiyatning mamlakatdagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlayotganini his qilishi va koʻra olishi kerak”, dedi YIning oliy vakili Federika Mogerini ittifoq bayonotida.

YI afgʻonistonlik xotin-qizlarni oʻqitish va ish bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalarda “Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga” qaror qildi, dedi u.

Afgʻonistonlik talabalardan biri, sanasiz surat. Yevropa Ittifoqi 50 nafar afgʻonistonlik talaba va aspirantning Oʻzbekiston va Qozogʻistonda taʼlim olishini moliyalashtiradi. (YI)

Afgʻonistonlik talabalardan biri, sanasiz surat. Yevropa Ittifoqi 50 nafar afgʻonistonlik talaba va aspirantning Oʻzbekiston va Qozogʻistonda taʼlim olishini moliyalashtiradi. (YI)

Loyiha doirasida 2025-yilgacha bakalavr va magistr yoʻnalishidagi 50 nafar talaba Oʻzbekiston va Qozogʻistonning qishloq xoʻjaligi, amaliy statistika va konchilik sohasidagi universitetlariga oʻqishga qabul qilinadi. Shuningdek, ular maxsus yozgi maktablarda tadbirkorlikni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Yevropa Ittifoqi ushbu loyiha afgʻon ayollarini ish bilan taʼminlash hamda ularning biznesi va hamjamiyatlarini rivojlantirish uchun imkon berishiga umid qilmoqda.

2018-yilda afgʻonistonlik xotin-qizlarning 11 foizigina toʻliq oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan va atigi 19,5 foizi ish bilan taʼminlangan, deyiladi bayonotda.

“Ayollarning toʻlaqonli ishtirokisiz oʻzimiz istagan kelajakni barpo etish va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish imkonsiz”, dedi BMTTDning Qozogʻistondagi doimiy vakili Yakup Berish.

Oʻtgan yil noyabr oyida Bryusselda Mogerini va Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda YI va Oʻzbekiston afgʻonistonliklarning oʻzbek universitetlarida tahsil olishi masalasini muhokama qilgan edi.

“Yevropa tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikka koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlarini, jumladan, tinchlik jarayoni boʻyicha global va mintaqaviy kelishuvga erishish boʻyicha aniq choralar, Afgʻoniston orqali oʻtuvchi transport va savdo yoʻnalishlarini amalga oshirish hamda afgʻonistonlik xotin-qizlar uchun taʼlim dasturini ishlab chiqish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi”, dedi Komilov uchrashuv yakunlari boʻyicha qabul qilingan hujjatda.

“Oʻzbekistonda, ayniqsa foydali qazilmalar va infratuzilma qurilishi bilan bogʻliq mutaxassisliklar boʻyicha kuchli texnik universitetlar bor”, deydi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev.

“50 nafar qiz aksar aholisi musulmon boʻlgan doʻstona mamlakatda tahsil olish imkoniga ega boʻladi. Ishonchim komilki, ular bu yerda oʻzlarini uylaridagidek his qiladilar”, dedi u.

Oʻzbekistondagi oʻquv markazi

Oʻzbekiston afgʻonistonlik talabalarni oʻqitish borasida katta tajribaga ega.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston universitetlariga 71300 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan.

Afgʻoniston bilan chegaradosh Termiz shahridagi taʼlim markazi 2018-yilning yanvaridan beri afgʻon talabalariga oʻzbek va ingliz tili, fizika va kimyo fanlari kabi 17 ta yoʻnalish boʻyicha oliy va oʻrta maxsus taʼlim berib kelmoqda.

Oʻzbekiston ushbu taʼlim markazini Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish yoʻlidagi muhim tashabbus deb hisoblab, uni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratmoqda.

“28-iyun kuni markazning 96 nafar bitiruvchisi oʻzbek tili va adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha bakalavr diplomiga ega boʻldi”, dedi 16-iyul kuni Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA) muxbiri bilan suhbatda.

“300 kishilik yotoqxonaga ega yangi korpus qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Termizdagi markaz uchun Afgʻonistonda talabgir boʻlgan yangi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlandi”, dedi Aripov.

Shu yil sentabr oyida markaz Afgʻonistondan yangi talabalarni qabul qiladi, dedi u.

“Termizda tahsil olishning birinchi sharti – oʻzbek tilini bilish, chunki taʼlim shu tilda olib boriladi. Biz kelgusida boshqa tillar, masalan, dariy tilida dars oʻta oladigan oʻqituvchilar yetarli boʻladi deb umid qilamiz”, dedi Aripovning oʻrinbosari Sanjar Valiyev 11-iyun kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Taʼlim loyihasining asosiy maqsadi kelajakda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladigan afgʻon mutaxassislarini tayyorlashdir, dedi u.

Doʻstlik maskani

Oʻzbekiston afgʻonistonlik talabalarga taʼlim berish bilan bir qatorda, afgʻon va oʻzbek yoshlarini bir-biriga yaqinlashtirishga intilmoqda.

20-24-avgust kunlari Termizda afgʻonistonlik yoshlar uchun “Doʻstlik” oromgohi tashkil etildi.

OʻzA xabariga koʻra, afgʻonistonlik mehmonlar oʻzbek tili va tarixiga oid interfaol darslarda ishtirok etdilar, tarixiy binolar va muzeylarga tashrif buyurib, futbol boʻyicha oʻrtoqlik musobaqasida bellashdilar.

“Biz bir daryoning ikki qirgʻogʻida yashaydigan oʻzbeklarmiz. Bu haqda ota-bobolarimizdan eshitib, ulgʻaydik”, deydi Mozori Sharifdan kelgan afgʻonistonlik oʻzbek Fariso Shams Sodat OʻzA bilan suhbatda.

“Chegarada bizni quchoq ochib, kutib olgan tengdoshlarimizga havasimiz keldi. Ular bilan tez doʻstlashib ketdik”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Salom, Iltimos, menga maʼlumot bering, afgʻonistonlik ayol qanday qilib Oʻzbekistonda taʻlim olishi mumkin? Mening elektron pochtam: [email protected]

Javob berish