Karvonsaroy
Yoshlar

Qozogʻistonda oʻtgan festivalda Markaziy Osiyo yoshlari ekstremizmga qarshi kurash yoʻllarini muhokama qildilar

Aydar Ashimov

22-avgust kuni Olmaotadagi Markaziy Osiyo yoshlar festivalida suratga tushayotgan tojikistonlik ishtirokchilar. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

22-avgust kuni Olmaotadagi Markaziy Osiyo yoshlar festivalida suratga tushayotgan tojikistonlik ishtirokchilar. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

OLMAOTA – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiyadan kelgan yoshlar jamiyatdagi ayrim dolzarb muammolar, jumladan ekstremizmga qarshi kurash yoʻllarini muhokama qilish maqsadida yigʻildilar.

22-23-avgust kunlari Qozogʻistonning Chimbuloq kurort hududida Markaziy Osiyo Yoshlar festivali boʻlib oʻtdi – unda 18-29-yoshdagi 400 ga yaqin ishtirokchi mintaqadagi ishsizlik, mehnat migratsiyasi, radikallashuv va taʼlim masalalarini muhokama qildi.

Festival Qozogʻiston respublikasining birinchi prezidenti jamgʻarmasi va Olmaota shahar hokimligi tomonidan tashkil etildi.

Tashkilotchilarga koʻra, tadbir yoshlarning siyosiy savodxonligi va ijtimoiy faolligini oshirish hamda bugungi kun tahdidlari va ijtimoiy muammolarini hal qilish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarining integratsiyasi va hamkorligi uchun maydon yaratishga qaratilgan.

Markaziy Osiyo yoshlar festivalining qirgʻizistonlik qatnashchilari, Olmaota, 22-avgust. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

Markaziy Osiyo yoshlar festivalining qirgʻizistonlik qatnashchilari, Olmaota, 22-avgust. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

Suratda: 22-avgust kuni Olmaotadagi Markaziy Osiyo yoshlar festivalida qatnashgan oʻzbekistonliklar. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

Suratda: 22-avgust kuni Olmaotadagi Markaziy Osiyo yoshlar festivalida qatnashgan oʻzbekistonliklar. (Qozogʻistonning birinchi prezidenti jamgʻarmasi)

Forum ishida turli mamlakatlarning siyosat va jamoat arboblari, jumladan Konrad Adenauer jamgʻarmasining Qozogʻistondagi doimiy vakili Tomas Xelm, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YHXT) Nur-Sultondagi vakolatxonasining siyosiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Kolin Makkalou, Qirgʻiziston Qizil Yarim oy jamiyatining koʻngillilarni rivojlantirish boshqarmasi rahbari Oysuluv Kangeldiyeva va boshqalar qatnashdi.

Maʼruzachilar axborot xavfsizligi, jangovar ekstremizm xavfi va siyosiy axloq mavzularida soʻz yuritdilar.

Qozogʻiston prezidenti huzuridagi yoshlar siyosati kengashi aʼzosi Valixan Baxretdinovning aytishicha, Markaziy Osiyoda bu kabi miqyosdagi yoshlar festivali ilk marta oʻtkazilmoqda.

Ekstremizm muammosi

“Bizga loyiha mualliflari kabi fikr yuritish oʻrgatildi: muammoni aniqlash, maqsad va vazifalarni belgilash hamda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun harakatlar rejasini ishlab chiqish”, deydi tadbirning 19 yashar ishtirokchisi, qirgʻizistonlik Adilet Akmatov.

“Ertaga esa muammoni, jumladan radikallashuv va jangovar ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha oʻz yechimlarimizni taklif qilishimiz mumkin”, dedi u.

Akmatovning aytishicha, yoshlar hayotning mazmuni va oʻzlarini tashvishga solayotgan savollarga javob izlash uchun internetni ishga soladilar, u yerda esa terrorga yollovchilar toʻriga ilinishlari mumkin.

“Koʻpchilik odamlar radikal gʻoyalarga ishonib, davlatga va umuminsoniy qadriyatlarga qarshi chiqadilar. Biz endi nima qilish kerakligini hal etish va tengdoshlarimizni bunday tahdidlardan ogohlantirish uchun keldik”, dedi u.

Yoshlar jangovar ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli loyihalar tashabbuskoriga aylanishlari mumkin, deydi Qozogʻistondagi “Yoshlar tiklanish va taraqqiyot markazi” jamoat birlashmasining koordinatori, tarazlik Oleg Krutov.

“Radikalizmga qarshi immunitetga ega shaxs – OAV boʻyicha savodxonligi yuqori, tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega odam boʻlib, odamlarni aldashga, ularni ekstremistik va terroristik tashkilotlarga jalb qilishga va soxta gʻoyalarni singdirishga urinayotgan kuchlar borligini yaxshi biladi”, dedi u.

“Yoshlar bu kabi tashviqotga va jangovar ekstremizmga qarshi kurash loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ajoyib gʻoyalarni oʻylab topishga qodirlar”, deydi Krutov.

“Jamoat birlashmalari va davlat yoshlarning yetakchilik xususiyatlarini, loyihaga yoʻnaltirilgan fikrlash qobiliyatini rivojlantirishi va media-savodxonligini oshirishi kerak. Yoshlarni barkamollik sari intilishga ruhlantirish va oʻz imkoniyatlariga ishontirish zarur. Ana shundagina ular jamiyatga, jumladan radikallashuvga qarshi kurashga katta foyda keltiradilar”, dedi Krutov.

Xavf ostidagi guruh

Qirgʻizistonning “Internet siyosati boʻyicha fuqarolik tashabbusi” nodavlat tashkiloti va Kanadaning “The SecDev Group” konsalting kompaniyasi 30-iyul kuni birgalikda “Markaziy Osiyodagi ekstremizm” deb nomlangan keng qamrovli tadqiqot natijalarini eʼlon qildi.

Tadqiqotga koʻra, yoshlar eng koʻp tahdid ostidagi guruh boʻlib, ularning radikallashuviga olib keluvchi omillar – iqtisodiy turgʻunlik, mehnat migratsiyasi va vatandagi imkoniyatlarning yetishmasligidir.

“Internet-platformalar va hukumatning kuzatuviga qaramay, Markaziy Osiyoda ekstremistik mazmundagi materiallar ijtimoiy tarmoqlarda ochiq holatda qolmoqda. “The SecDev Group” tahlilchilari 2018-yilning avgustidan oktyabriga qadar Markaziy Osiyodagi 324 mingta obunachiga ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatayotgan 140 ta akkauntni aniqlaganlar”, deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqotga koʻra, hukumatlararo tashkilotlar ushbu muammoni hal etish uchun mahalliy hamjamiyatlarni jalb qilishda muhim rol oʻynagan.

Hisobotda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2018-yil uchun “Markaziy Osiyoda jangovar ekstremizmning oldini olishda jamoatchilik barqarorligini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish” dasturi tilga olingan.

Mazkur dastur doirasida ikkita loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib, ulardan biri umumiy qiymati 100 ming yevroni tashkil etuvchi, Qirgʻiziston janubida mahalliy taʼlim va ijtimoiy dasturlarni qoʻllab-quvvatlashga karatilgan loyiha boʻlsa, ikkinchisi – tojik yoshlari va mehnat migrantlarining ekstremistik mafkura taʼsiriga qarshi turish qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan 90 ming yevrolik loyihadir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500