Karvonsaroy
Terrorizm

Suriyadan qaytarilgan qozogʻistonliklar bilan reabilitatsiya ishlari davom ettirilmoqda

Kseniya Bondal

Avgust oyida Nur-Sultondagi xayriya yarmarkasida qatnashayotgan muslima ayollar. 2012-2014-yillarda bir qancha qozoq ayollari radikallashgan va oʻz oilalarini tashlab, Suriyadagi terrorchilar safiga qoʻshilganlar. (Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi)

Avgust oyida Nur-Sultondagi xayriya yarmarkasida qatnashayotgan muslima ayollar. 2012-2014-yillarda bir qancha qozoq ayollari radikallashgan va oʻz oilalarini tashlab, Suriyadagi terrorchilar safiga qoʻshilganlar. (Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi)

OLMAOTA – Psixologlar, shifokorlar, diniy mutaxassislar va tergovchilar shu yili Suriyadan qaytgan qozoq ayollarini reabilitatsiya qilish ustida ishlamoqdalar.

28-31-may kunlari Qozogʻiston hukumati “Islom davlati” safida jang qilish uchun Suriya borgan jangarilarning oila aʼzolarini vataniga qaytarishga qaratilgan “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasining yakuniy bosqichi doirasida 67 ayol va 171 bolani Suriyadan evakuatsiya qildi.

Mazkur evakuatsiya yil boshidan beri uchinchisi boʻldi. Hammasi boʻlib, 524 qozoq fuqarosi – 137 ayol, 357 bola va 30 nafar erkak vataniga qaytarilgan.

Qaytarilgan ayollar reabilitatsiya jarayonidan oʻtish uchun Oqtov shahrida maxsus tashkil etilgan markazga yuborilganlar. Mazkur jarayon davomida yosh bolalar oʻz onalari bilan birga boʻladilar, kattaroq yoshdagilari esa mustaqil ravishda reabilitatsiyadan oʻtadi.

“Diniy mutaxassis sifatidagi vazifamiz – bu odamlarning radikallashganlik darajasini baholash, kelajakda bu gʻoyalar tarqalishi mumkinligi bois, ularning jamiyat uchun qanchalik xavfli ekanligini aniqlashdir”, deydi “Ansor” tahlil markazi direktorining oʻrinbosari, aqtoʻbelik Tulegen Taldibayev.

Masalan, arab tilini bilgan va ID taʼlimini olgan, ehtimol jangarilarga dars bergan odam erkin harakatlanish imkoniga ega boʻlsa, u oʻz radikal gʻoyalarini jamoatchilik orasida tarqatishi xavfi paydo boʻladi, deydi Oqtovdagi reabilitatsiya markazida ishlayotgan Taldibayev.

“Jusan” operatsiyasi davomida (yil boshidan beri) Suriyadan qaytarilgan 500 dan ortiq qozoq fuqarolari orasida 20 ga yaqin kishi jiddiy darajada radikallashgan. Ular bilan jamiyatdan ajratilgan holatda uzoq muddatli reabilitatsiya ishlarini olib borishimiz lozim”, dedi Taldibayev.

“Zararlanganlar”

Reabilitatsiya xodimlari ayollardan nima uchun Suriyaga ketganliklarini soʻraganida, ular asosan ikki sababni keltiradilar, deydi Taldibayev.

“Birinchisi, diniy libos kiyganliklari va namoz oʻqishlari sababli oilalari ulardan yuz oʻgirgan va bu ularni ekstremistik saytlarga kirishga majbur qilgan”, dedi Taldibayev. “Ikkinchi sabab, turmushdan ajraganlaridan keyin ular uylariga qayta olmaganlar va yollovchilar eʼtiboriga tushgunga qadar qayta-qayta erga tegishga majbur boʻlganlar.”

Ayollar jangarilar safiga qoʻshilish uchun oʻz oilalarini tashlab ketishga tayyor boʻlsa, bu ularning radikal mafkura bilan jiddiy zararlangani va islomiy “xalifalik” haqidagi soxta tasavvurlardan taʼsirlanganini anglatadi, deydi Nur-Sultondagi geosiyosiy tadqiqotlar institutning direktori Asilbek Izbairov.

“Bu holatga eʼtiborsiz boʻlmasligimiz kerak, sababi bu mafkura zararli virus kabi tarqalishda davom etishi mumkin”, dedi u. “Bu ayollar radikal qarashdagi fuqarolar uchun shahidlarning ayoli sifatida qabul qilinishi va ularga uylanish sharaf deb hisoblanishi mumkin”.

“Mazkur holat bunday ayollarning qayta radikallashuvi bilan bir qatorda, ushbu gʻoyalarning tarqalishda davom etishi nuqtai nazaridan xavflidir”, dedi Izbairov.

Izbairovning soʻzlariga koʻra, radikallashgan fuqarolar bilan reabilitatsiya ishlarini olib borishda “tishli gʻildirak” usuli yaxshi samara beradi.

Bu usul olti bosqichdan iborat boʻlib, toʻgʻri islomiy tushunchalar asosiga qurilgan va radikal qarashdagilar uchun tanish atamalarni qoʻllaydi, lekin bu holatda ularga toʻgʻri tushunchalar beriladi.

“Bu odamlarni nomaqbul yoʻldan qaytarishda juda samarali choradir”, dedi u.

Odil sudlov

28-31-may kunlari Suriyadan evakuatsiya qilingan 67 ayoldan ikki nafari terrorchilik faoliyatidagi ishtiroki uchun qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ulardan biri – Aqtoʻbe shahrida yashovchi 32 yashar ayol, 5 farzandning onasi Akmaral Almagambetova hozirda qamoq muddatini oʻtamoqda. Uning Suriyada tugʻilgan ikki farzandi bolalar uyiga joylashtirilgan.

Yoshi kattaroq uch nafar farzandi esa Suriyaga bormagan otasi bilan qolgan.

Iyul oyi oxirida Aqtoʻbe shahar sudi boshqa bir qozoq ayoli – 29 yashar Zarina Akmalayevani terrorizmni targʻib qilish va diniy nizo qoʻzgʻash ayblovi bilan besh yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

“Akmaral (Almagambetova) u yerga (Oqtov reabilitatsiya markaziga) bormagan, uni Suriyadan toʻgʻri Oqtov qamoqxonasiga olib ketishgan”, dedi tahlil markazi direktori Taldibayev.

“Men Zarina Akmalayeva bilan ish olib bordim, uning onasi bilan uchrashib, 12 yashar qizi Zarina bilan suhbatlashdim”, dedi Taldibayev.

Taldibayevga koʻra, ID shafqatsizliklari va dahshatlariga guvoh boʻlgan odamlarning oʻzlari aytib berishmoqda – Suriyada hech qanday “xalifalik” yoʻq, jangarilar ularga har oy koʻpi bilan 50 dollar (19432 tenge) toʻlaganlar, u yerdagi hayot esa Qozogʻistondagidan yomonroq boʻlgan.

“Jusan” operatsiyasi mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan oqilona chora boʻldi. Fuqarolar chet elda biror qiyin vaziyatga tushib qoladigan boʻlsa, davlat ular haqida qaygʻurishi kerak, dedi Taldibayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Muallif bilan qanday bogʻlansa boʻladi? Maqola yuzasidan bir-ikki savolim bor edi.

Javob berish