Karvonsaroy
Xavfsizlik

Global terrorchilik xavfi kuchayar ekan, Qozogʻiston yetakchilari yadroviy qurollarni tarqatmaslikka chaqirmoqdalar

Aydar Ashimov

Qozogʻistonning Semipalatinsk shahridagi sinov poligoni qoldiqlari, surat sanasi nomaʼlum. (BMT)

Qozogʻistonning Semipalatinsk shahridagi sinov poligoni qoldiqlari, surat sanasi nomaʼlum. (BMT)

NUR-SULTON – Qozogʻistonga uzoq muddat rahbarlik qilgan sobiq prezident Nursulton Nazarboyevga koʻra, yadroviy qurollarning terrorchilar qoʻliga tushib qolishi xavfi global tahdid boʻlib qolmoqda.

U butun dunyo davlatlarini bu kabi ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslikka rioya etishga chaqirgan.

“20 dan ortiq davlatda xavfli yadroviy materiallar saqlab kelinmoqda, bu mamlakatlarning har biri buzgʻunchi kuchlar nishoniga aylanishi mumkin”, deb aytgan Nazarboyev 29-avgust kuni Nur-Sultondagi chiqishi chogʻida.

Bu nutqi bilan u Sovet davridan qolgan Semipalatinskdagi (hozirda Semey) yadroviy qurollar poligoni yopilganining 28 yilligini nishonlagan.

Qozogʻiston proyezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (oʻngda) 29-avgust kuni Nur-Sultonda Yadro quroli sinovlarini yalpi taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti bosh kotibi Lassina Zerbo (markazda) bilan qoʻl siqishmoqda. (Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati)

Qozogʻiston proyezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (oʻngda) 29-avgust kuni Nur-Sultonda Yadro quroli sinovlarini yalpi taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti bosh kotibi Lassina Zerbo (markazda) bilan qoʻl siqishmoqda. (Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati)

“Yadroviy qurollarni tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma rejimi va mexanizmlarini universallashtirish va mustahkamlashga erishish zarur”, deb qoʻshimcha qildi u 1968-yilgi tarixiy hujjatni nazarda tutib.

Nazarboyevning Semipalatinskdagi sinov poligonini yopish haqidagi qarori tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan, dedi Qosim Joʻmart Toʻqayev.

“Sovet harbiy elitasi va ayrim siyosatchilarning qarshiligiga qaramay, birinchi prezidentning yadroviy poligonni yopish haqidagi qarori yadroviy qurollarga qarshi butun boshli harakatni jadallashtirib yubordi”, dedi Toʻqayev 29-avgustda kungi marosimda.

Bu yil Qozogʻiston Yadroviy qurollarni tarqatmaslik shartnomasini imzolaganiga va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) aʼzosi boʻlganiga 25 yil toʻldi, deb taʼkidladi u.

Shu tariqa 10 yil avval Markaziy Osiyoda yadroviy qurollardan xoli hudud tashkil etildi, deb qoʻshimcha qildi u.

29-avgust kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan marosim Xalqaro yadro sinovlariga qarshi kuni bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi, bu kun 2009-yilda Qozogʻiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan.

Bu sana tasodifan tanlanmagan: 1949-yilning xuddi shu kuni Sovet Ittifoqi Semipalatinskda ilk yadroviy bomba sinovini oʻtkazgan va aynan shu kuni 1991-yilda Qozogʻiston bu poligonni yopgan.

Global xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish

2016-yilda Qozogʻistonda siyosat va jamoat arboblariga beriladigan “Yadroviy qurollardan xoli dunyo va global xavfsizlik uchun mukofot” taʼsis etildi.

29-avgust kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan marosimda ushbu mukofot XAEAning sobiq bosh direktori Yukiya Amanoning qarindoshlariga va Yadro quroli sinovlarini yalpi taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti (CTBTO) bosh kotibi Lassina Zerboga topshirildi.

“Yukiya Amano rahbarligida XAEA Qozogʻistonda kam boyitilgan uran bankining yaratilishida muhim rol oʻynadi va Eron yadroviy muammosining hal etilishiga hissa qoʻshdi”, dedi Toʻqayev.

“Lassina Zerboning tashabbus va saʼy-harakatlari bilan Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomani xalqaro monitoring qilish tarmogʻi tashkil etildi. Shuningdek, u CTBTOning koʻzga koʻringan shaxslari guruhi va CTBTO yoshlar guruhini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi”, deb qoʻshimcha qildi Toʻqayev.

BMT bosh qotibi Antonio Guterrish Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni uchun atalgan mujdasida barcha davlatlarni Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilishga chaqirdi.

“Men hali bu ishni amalga oshirmagan barcha davlatlarni, ayniqsa shartnoma kuchga kirishi uchun ratifikatsiyasi zarur boʻlgan mamlakatlarni Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomani imzolash va ratifikatsiya qilishga chaqiraman”, deb aytgan u 29-avgust kuni BMT saytida chop etilgan bayonotda.

Uning soʻzlariga koʻra, yadroviy sinovlar “vayrongarchilikdan boshqa narsa” qoldirmaydi. Keskinlik kuchayib borayotgan dunyoda “bizning umumiy xavfsizligimiz” yadroviy portlashlarni taqiqlovchi global shartnomaning kuchga kirishiga bogʻliq, deb qoʻshimcha qildi u.

Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlik

Sovet hukumati 1949-1989-yillarda Semipalatinskda 500 ga yaqin yadroviy portlashlarni amalga oshirdi, bu mahalliy aholi sogʻligʻiga oʻnglanmas zarar yetkazgan, deb taʼkidladi Qozogʻiston rasmiylari marosim chogʻida.

Semipalatinsk poligoni yopilganidan soʻng, mintaqada yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar ham amalga oshirildi. Ushbu harakatlar AQSH bilan yaqin hamkorlikni ham oʻz ichiga oldi.

1993-yilda Nazarboyev va AQSHning oʻsha vaqtdagi vitse-prezidenti El Gor Yadro qurollari xavfini kamaytirishda hamkorlik qilish boʻyicha xavfsizlik bitimini imzolagan edilar.

AQSHning Qozogʻistondagi elchisi Uilyam Mozer Semipalatinsk poligoniga may oyidagi tashrifi chogʻida yadroviy materiallarning terrorchilar qoʻliga tushmasligi uchun hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini taʼkidladi.

“Mazkur tashrif asnosida elchi Mozer tomonlarning sinov poligonidagi 25 yillik hamkorligiga guvoh boʻldi. U koʻzdan kechirgan koʻplab loyihalardan yana biri Degelen togʻida joylashgan boʻlib, u yerda yadroviy sinovlar uchun foydalanilgan 181 ta tunnelni muhrlash uchun Qoʻshma Shtatlar Qozogʻiston hukumati bilan hamkorlik qilgan”, deyiladi Qozogʻistondagi AQSH elchixonasi bayonotida.

Mozer poligonga tashrifi davomida Mozer terrorchilar yadroviy materiallarni chiqarib olishi mumkinligi sabab, “tunnellarni ochiq qoldirish oʻta xavfli boʻlar edi”, deb taʼkidladi.

“Qozogʻistonning mustaqil boʻlishidan toʻrt oy avval yuz bergani inobatga olinsa, poligonning yopilishi oʻsha vaqtdagi yangi rahbar Nursulton Nazarboyev uchun dadil qadam boʻlgan edi. Bu qaror Nazarboyevning yadroviy qurollarni tarqatmaslik sohasidagi muhim saʼy-harakatlariga start bergan edi”, deyiladi elchixona bayonotida.

AQSHning harbiy tahdidlarini kamaytirish agentligi rahbari Veyl Oksford elchini poligonga tashrifi davomida kuzatib borgan. Uning aytishicha, Qozogʻiston va AQSH mutaxassislari “oʻnlab yadroviy qurollar yaratishda ishlatilishi mumkin boʻlgan” materiallarni zararsizlantirganlar”.

Ushbu hamkorlik doirasida mart oyida AQSH Mudofaa vazirligi Qozogʻiston xavfsizlik kuchlari uchun trening tashkil etib, ularga terrorchilik hujumida ishlatilishi mumkin boʻlgan yadroviy va radioaktiv materiallar kontrabandasiga qarshi kurash boʻyicha saboq bergan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500