Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirgʻiziston va Qozogʻiston ekstremistik tahdidlarga qarshi qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazdi

Kanat Altinbayev

Suratda: 3-sentabr kuni Issiqkoʻl boʻyidagi “Edelveys” oʻquv markazida harbiy mashgʻulotlarning ochilishida ishtirok etgan qirgʻiz va qozoq harbiylari. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Suratda: 3-sentabr kuni Issiqkoʻl boʻyidagi “Edelveys” oʻquv markazida harbiy mashgʻulotlarning ochilishida ishtirok etgan qirgʻiz va qozoq harbiylari. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

ISSIQKOʻL, Qirgʻiziston – Qirgʻiziston va Qozogʻiston Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash va terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashga qaratilgan qoʻshma harbiy mashqlarni yakunladilar.

Seshanba (3-sentabr) kuni Qozogʻiston qoʻshinlari kontingenti “Issiqkoʻl-Anirakay 2019” maxsus taktik oʻquv mashqlarida ishtirok etish uchun Qirgʻizistonga yetib keldi, deb xabar bergan shu kunning oʻzida 24.kg nashri qirgʻiz harbiy qoʻmondonligiga tayanib.

Qirgʻiziston va Qozogʻistonning maxsus operatsiyalar boʻlinmalari ishtirokidagi qoʻshma mashgʻulotlar juma, 6 sentyabrga qadar Qirgʻizistonning Issiqkoʻli boʻyidagi “Edelveys” oʻquv markazida boʻlib oʻtgan.

Qozogʻiston mudofaa vazirligi xabariga koʻra, mashqlarga ikkita maxsus operatsiya guruhi va bitta zirhli boʻlinma – jami 30 ga yaqin harbiy xizmatchi yuborilgan.

Mashqlardan koʻzlangan maqsad, noqonuniy qurolli guruhlarni aniqlash boʻyicha maxsus operatsiya davomida boʻlinmalarning jangovar tayyorgarligi va birdamligini tekshirish boʻldi.

“Bu oʻqotar qurollar, texnik razvedka vositalari va joyning himoya xususiyatlaridan samarali foydalana oladigan kadrlarni tayyorlashda qoʻmondonlar uchun juda yaxshi imkoniyatdir”, deyiladi Qozogʻiston mudofaa vazirligi bayonotida. “Bundan tashqari, dala sharoitidagi bunday mashqlar harbiy xizmatchilarining psixologik va jismoniy bardoshliligini oshiradi.”

“Bugungi voqelikni hisobga olgan holda, xalqaro ekstremizm va terrorizmga birgalikda va yuqori daraja qarshilik koʻrsatish maqsadida hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega”, deydi Qirgʻizistonning quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik Ruslan Ishkarin 24.kg nashri bilan suhbatda. “Mashqlar davomida bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.”

Oʻtgan yili “Issiqkoʻl-Anirakay” qoʻshma mashqlarida Qirgʻiziston va Qozogʻistondan 300 dan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etgan edi.

Mintaqada harbiy sohadagi hamkorlik jadallashmoqda

Tahlilchilarning fikricha, mintaqada jangari guruhlarning doimiy tahdidiga qarshi kurash davom etar ekan, ikki mamlakatning harbiy hamkorligi bundan keyin faqat kuchayadi.

“Hozirgi kunda terrorizm va ekstremizm tahdidi tobora kuchaymoqda, shu bois Qirgʻiziston va Qozogʻiston oʻz jangovar tayyorgarligi va samarali hamkorlik qilish qobiliyatini oshirish ustida ishlashi kerak”, deydi xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan bishkeklik siyosiy tahlilchi Edil Osmonbetov nashr bilan suhbatda.

Terrorizm nafaqat tashqi tahdid, balki ichki tahdid hamdir, chunki aholi orasidagi turli guruhlar radikallashmoqda, dedi u.

Xalqaro darajadagi qoʻshma harbiy mashqlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga sezilarli koʻmaklashmoqda, deydi Olmaotada yashovchi isteʼfodagi mayor Dauren Ospanov.

“Mintaqa ichida boʻlgani kabi, Gʻarb davlatlari bilan ham doimiy tajriba almashish juda muhim, bu bizga samarali nazariy va amaliy yordam koʻrsatishi mumkin”, dedi Ospanov oʻz intervyusida.

Iyun oyida Amerika Qoʻshma Shtatlari Qozogʻistonda bir nechta mamlakat harbiy xizmatchilari uchun “Dasht burguti - 2019” tinchlikparvarlik mashgʻulotlarini oʻtkazgan edi.

Qoʻshma mashgʻulotlarda Buyuk Britaniya, Hindiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Oʻzbekiston va AQSHdan kelgan harbiylar ishtirok etdi.

Markaziy Osiyodan kelgan askarlar turli sharoitlarda jangovar harakatlarni amalga oshirish boʻyicha foydali koʻnikmalarni olish bilan tajriba orttirdilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Atambayev jazavaga tushsa kerak

Javob berish