Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻiston ekstremizmga qarshi ogohlikni kuchaytirish boʻyicha yangicha yondoshuvni qoʻllamoqchi

Aydar Ashimov

“Tavba” hujjatli filmidan olingan kadrda terakt sodir etishga uringani uchun 15 yillik qamoqqa hukm qilingan aqtoʻbelik Alibek Aliyev aks etgan.

“Tavba” hujjatli filmidan olingan kadrda terakt sodir etishga uringani uchun 15 yillik qamoqqa hukm qilingan aqtoʻbelik Alibek Aliyev aks etgan.

NUR-SULTОN – Qozogʻistonlik diniy mutaxassislar va ruhshunoslar mamlakatda jangovar ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish choralari doirasida, xabardorlikni oshirish boʻyicha yangi, maqsadga yoʻnaltirilgan strategiyaga oʻtish niyatida.

6 sentabr kuni Olmaotada axborot-tushuntirish guruhi aʼzolari ishtirokida ekstremizm va terrorizmning oldini olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Bunday tashviqot guruhlari diniy mutaxassislar va psixologlardan iborat boʻlib, hukumatning din ishlari qoʻmitasiga hisobot beradi.

Qozogʻistonliklar buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga tushishda davom etmoqdalar, dedi Olmaota shahar hokimiyatining ijtimoiy rivojlanish boshqarmasi rahbari Dias Yesdauletov.

Targʻibot guruhlari oʻz ishlari formatini qayta koʻrib chiqadilar, endilikda “aniq va maqsadga yoʻnaltirilgan holda” ish olib boriladi, dedi u.

Uchrashuv ishtirokchilari taʼkidlaganidek, hozirgi vaqtda davlat xizmatchilari, talabalar, maktab oʻquvchilari, harbiy xizmatchilar, turli din vakillari va korxonalar ishchi-xodimlari uchun ekstremizmga qarshi ogohlikni kuchaytirishga oid maʼruzalar tashkil etilmoqda.

6-sentabr kuni Olmaotadagi 2458-sonli harbiy qismda “Diniy ekstremizm va terrorizm profilaktikasi” nomli maʼruza tashkil etildi, deb yozadi Zakon.kz nashri.

Maʼruzachi – olmaotalik dinshunos Gulnor Jumanova radikalizmni mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy omillardan biri deya taʼrifladi. U qozogʻistonliklar orasida radikallashuvning asosiy omillari, xususan Internet (ijtimoiy tarmoqlar) va qarindosh-doʻstlarning rolini alohida taʼkidlab oʻtdi.

5-sentabr kuni Olmaota energetika va telekommunikatsiya universiteti oʻqituvchisi Zarema Abdullina ekstremizmga qarshi navbatdagi maʼruza bilan “Aksay Nan” korxonasi ishchilariga yuzlandi.

Abdullina ekstremistlarning ijtimoiy-psixologik portretiga chizgilar berib, ularning yollash usullarini bayon qildi. U terrorchilar va oila aʼzolarining fojiali taqdirlariga misollar keltirdi.

Ushbu maʼruzadan avval mamlakatda diniy adovat qoʻzgʻashda ayblangan shaxslar ustidan sud jarayonlari boʻlib oʻtgan.

Avgust oyida Olmaota sudi diniy adovat qoʻzgʻashda ayblangan bir kishiga sakkiz yil, ikki nafariga esa 7,5 yildan qamoq jazosi belgiladi. Yana olti kishi ustidan sud jarayoni davom etmoqda, deb xabar beradi Nur.kz nashri.

Ayblanuvchilarning barchasi bitta WhatsApp guruhiga aʼzolikda gumon qilingan boʻlib, unda turli dinga mansub odamlarga nisbatan adovat va “kofirlarni oʻldirish” muhokama qilingan. Guruhga jami 171 kishi aʼzo boʻlgan.

Iyul oyida sud Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) xodimlari, davlat xizmatchilari va sudyani oʻldirishni rejalagan Aqtoʻbe fuqarolari – Alibek Aliyev va Janasil Jubatovlarga nisbatan hukm chiqargan. Ular mos ravishda 15 va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilinganlar.

Hibsdalik chogʻida Aliyev oʻz harakatlaridan afsusda ekanligini aytgan va “Tavba” deb nomlangan hujjatli film uchun intervyu bergan.

Intervyuda Aliyev onlayn voizlar taʼsiriga tushganligini, qurolli “jihodda” ishtirok etish niyatida boʻlgani va “Islom davlati” (ID) safida jang qilish uchun Yaqin Sharqqa ketishni rejalashtirganini aytgan.

Maktablar xavfsizligini kuchaytirish

Ayni vaqtda, taʼlim muassasalari Qozogʻistonda har yili maktablarga boradigan 3 millionga yaqin oʻquvchini himoya qilish maqsadida yangi xavfsizlik choralarini joriy etmoqda.

Masalan, Petropavlovskdagi 2-maktab internati terrorchilik xatariga qarshi javob choralarini ishlab chiqqan boʻlib, muntazam ravishda tashrif buyurganlarni roʻyxatdan oʻtkazadi va favqulodda evakuatsiya mashqlarini oʻtkazib keladi.

“Maktablarda videokuzatuv joriy etilgan, kameralar oʻrnatish boʻyicha maxsus qoidalar mavjud, yozib olingan tasvirlar esa bir oy davomida saqlanishi kerak. Barcha maktablarda qoʻriqchilar bor, signalizatsiya oʻrnatish majburiy”, dedi nur-sultonlik faxriylardan biri, xususiy qoʻriqchilik kompaniyasi xodimi Alnur Sagatov.

Maktablar har doim ham ixtisoslashgan xavfsizlik kompaniyalarini yollay olmaydilar, deydi u kuyunib.

“Oddiy qoʻriqchi esa zarur xavfsizlik darajasini taʼminlay olmaydi”, dedi u. “Afsuski, barcha maktablarda birdek yuqori xavfsizlik choralari koʻrilmagan.”

“Shahar maktablarida imkoniyatlar koʻproq, ammo qishloq joylardagi taʼlim muassasalari rahbarlari bolalar xavfsizligini taʼminlash muhimligini har doim ham tushunib yetavermaydilar yoki ularga bu maqsadlar uchun yetarli pul ajratilmagan”, dedi Sagatov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yaxshi mavzu

Javob berish