Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Tadqiqotlarga koʻra, yangiliklarni oʻz ona tilida kuzatib boradigan Markaziy Osiyoliklar soni oshib bormoqda

Karvonsaroy

Qirgʻizistonlik yoshlar Mustaqillik kunini nishonlamoqdalar, 31-avgust kuni Bishkekda olingan surat. (Melisovskiy)

Qirgʻizistonlik yoshlar Mustaqillik kunini nishonlamoqdalar, 31-avgust kuni Bishkekda olingan surat. (Melisovskiy)

OLMAOTA/BISHKEK – Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi tashviqot sababli rus tilidagi yangiliklardan voz kechib, oʻz ona tillaridagi onlayn kontentga tobora koʻproq murojaat qilmoqdalar.

Markaziy Osiyoda OAV rivoji va inson huquqlariga oid masalalar bilan shugʻullanuvchi Londondagi Urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) 9-sentabr kuni Olmaotada onlayn axborot isteʼmoliga oid tadqiqot natijalarini eʼlon qildi.

2019-yilning may-iyun oylari davomida oʻtkazilgan soʻrovda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan 4130 nafar internet foydalanuvchisi ishtirok etgan.

“Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar saytlari, xabar almashish ilovalari va smartfon ilovalaridan foydalanuvchilar soni oshdi. Buning manzarasida dezinformatsiya va manipulyatsiya, soxta xabarlar, “klikbeyt” sarlavhalar soni ham koʻpaygan”, deyiladi Karvonsaroyga taqdim etilgan hisobotda.

Olmaotaliklardan biri internetda qozoq tilida yangiliklar oʻqimoqda, 9-sentabr kuni olingan surat. (Kanat Altinbayev)

Olmaotaliklardan biri internetda qozoq tilida yangiliklar oʻqimoqda, 9-sentabr kuni olingan surat. (Kanat Altinbayev)

“Bu aholining axborot savodxonligi borasidagi xavotirlarimizni kuchaytirib, OAVda muvozanatlashgan, xolis va muqobil kontentni kafolatlash masalasini kun tartibiga olib chiqadi”, deyiladi hisobotda.

Ijtimoiy tarmoqlar Markaziy Osiyoda eng ommabop yangiliklar manbai hisoblanadi. Soʻrovnomada ishtirok etgan oʻzbekistonliklarning 87 va qirgʻizistonliklarning 92 foizi shu kabi tarmoqlar orqali yangiliklardan boxabar boʻlishadi.

Tojikistonda 82 foiz, Oʻzbekistonda esa 70 foiz foydalanuvchilar Facebook tarmogʻidan yangiliklar manbai sifatida foydalanadilar. Qozogʻiston va Qirgʻizistonda esa Instagram keng tarqalgan boʻlib, bu platformaga mos ravishda 89% va 83% foydalanuvchi yangiliklar uchun murojaat qiladi.

Ommaviyligi boʻyicha bu saytlardan keyin yangiliklar saytlari turadi, ulardan Qirgʻizistonda 75 va Oʻzbekistonda 80 foiz odam foydalanadi.

Markaziy Osiyoda yangiliklar manbai sifatida eng kam qoʻllaniluvchi vosita – xabar almashish ilovalari boʻlib, bunga platformaning oʻziga xos xususiyatlari sababdir. Oʻzbekistonda 60 foiz respondent yangiliklarni asosan Telegram orqali kuzatib borishini aytgan.

Qozogʻiston va Qirgʻizistonda WhatsApp ilovasidan keng foydalaniladi, Tojikistonda esa Telegram va Viber ilovalari koʻproq ommalashgan.

IWPR hisobotiga koʻra, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ona tilidagi onlayn kontentga talab ortib bormoqda. Tojikiston va Oʻzbekistonda ham mahalliy tildagi bloglar ommalashgan.

Markaziy Osiyoda rus tilidan, ayniqsa Qozogʻiston va Qirgʻizistonda hamon foydalanilayotgan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda yosh avlod ona tilida soʻzlashishni afzal koʻrayotgani bois, rus tili oʻz mavqeini yoʻqotmoqda.

Qirgʻizistonning Qant shahrida yashovchi 23 yashar Asilbek Baybol Ulu buni “tabiiy va ortga qaytarib boʻlmaydigan jarayon” deb hisoblaydi.

“Ruslar rus tilida soʻzlashadi, xitoyliklar xitoy tilida, nega endi biz chet tilida oʻqib, gaplashishimiz kerak? Bu notoʻgʻri”, dedi u.

“Men sovet davrida oʻsib-ulgʻaygan yoshi katta qirgʻizlarning til bilan bogʻliq qiyinchiliklarga qaramay, qirgʻiz tilida gapirish va uni oʻrganish harakatida ekanliklariga guvoh boʻlyapman”.

IWPR tadqiqot loyihasi koordinatori Jazgul Ibraimovaning aytishicha, Qirgʻiziston yoshlari bosqichma-bosqich, xususan, til asosidagi milliy oʻzlikni anglash jarayonini boshdan kechirmoqdalar.

Uning soʻzlariga koʻra, ushbu tendensiya oʻz tasdigʻini topishi uchun kengroq miqyosdagi tadqiqot oʻtkazish zarur.

Rossiyaning “yumshoq kuch” siyosati

Qirgʻizistonda Rossiya telekanallariga qiziqish soʻnib bormoqda. 2017-yil mart oyida Bishkekdagi “Pro-kg” siyosiy texnologiyalar markazi va “El-Pikir” jamoatchilik fikrini oʻrganish va prognozlash markazi tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, ularning mamlakatdagi auditoriyasi yil sayin kamayib borayotgani maʼlum boʻlgan.

Tahlilchilarga koʻra, buning asosiy sababi – Rossiyaning faol tashviqoti va soxta yangiliklaridan odamlarning charchaganidir.

Rus tilining Oʻrta Osiyodan asta-sekinlik bilan chekinib borayotganini sezgan Moskva, taʼlim dasturlaridan foydalangan holda oʻzining “yumshoq kuch” strategiyasini kuchaytirgan.

Rossiya 2017-yildan beri davlat budjetidan maosh toʻlab, Tojikiston maktablariga oʻz oʻqituvchilarini yubormoqda. Ular bolalarga rus tili va adabiyotidan dars beradi hamda boshqa fanlarni ham rus tilida oʻqitadi.

2019-yildan boshlab, Kreml rossiyalik oʻqituvchilarni Qirgʻizistonga ham yuborishni rejalashtirgan.

Rossiya taʼlim vazirligi oʻz tashabbusini “gumanitar loyiha” deb atayotgan boʻlsa-da, Kreml rus madaniyati va qadriyatlarini majburan singdirishga urinib, yosh avlod ongi uchun kurash olib borayotganiga tahlilchilar shubha qilmayapti.

Mahalliy maktablar rus oʻqituvchilariga muhtoj emas, dedi Qirgʻiziston taʼlim va fan vazirligidagi manba ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan.

Lekin, Qirgʻizistonga nisbatan bosim oʻtkazish uchun koʻplab vositalarga ega Kremlga “yoʻq” deb boʻlmaydi, deydi manba.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Men rusiyzabonligimcha qoldim. Men 90 foiz ukrainalik bloggerlarni tomosha qilaman, “Novaya Gazeta” va “Exo Moskvi” saytlarini oʻqiyman. [“Novaya Gazeta” va “Exo Moskvi” Rossiyadagi eng liberal va taniqli OAV hisoblanadi] Men Kremlparast choʻchqaga aylanmadim.

Javob berish

Faqat gʻirt axmoqlar Karvonsaroy yuritayotgan bunday ochiq-oydin aksil-Rossiya tashviqotiga ishonishi mumkin. Uni amerikaliklar moliyalashtiradi!

Javob berish

Qoʻshib oʻtish joizki, 2014-yildan keyin “rus dunyosi” birikmasi laʼnatga aylangan boʻlsada, Putin Rossiyasi rus tili va rus tili madaniyatiga monopoliya oʻrnatmagan.

Javob berish

Qoʻshilaman, Qozogʻistonda qozoq tilidagi sifatli media resurslar kam. Talab bor, yarating, pul ishlang.

Javob berish