Karvonsaroy
Saylovlar

Markaziy Osiyoliklar Kremlning hukmron partiyasiga qarshi ovoz bergan moskvalik saylovchilarni qoʻllab-quvvatlamoqda

Kanat Altinbayev

Muxolifat yetakchilariga koʻra, 8-sentabr kuni rossiyalik ijtimoiy soha xodimlari saylov jarayonini nazorat qilganlar va “Yedinaya Rossiya” partiyasi foydasiga ovozlarni soxtalashtirishganlar. Ammo shunga qaramay, hukmron partiya magʻlubiyatga uchragan. (Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy bosh qarorgohi)

Muxolifat yetakchilariga koʻra, 8-sentabr kuni rossiyalik ijtimoiy soha xodimlari saylov jarayonini nazorat qilganlar va “Yedinaya Rossiya” partiyasi foydasiga ovozlarni soxtalashtirishganlar. Ammo shunga qaramay, hukmron partiya magʻlubiyatga uchragan. (Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy bosh qarorgohi)

OLMAOTA – Markaziy Osiyoliklar shu oy boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin partiyasining Moskva saylovlaridagi sharmandali magʻlubiyatini mamnunlik bilan qarshi oldilar. Ayni shu palla mamlakat ichi va mintaqa boʻylab uning rejimi taʼsiriga qarshilik ortib borayotganini aks ettirmoqda.

8-sentabr kuni butun Rossiya boʻylab mahalliy va hududiy saylovlar boʻlib oʻtdi.

Moskvadagi namoyishlar yoz oylarida taniqli muxolifat vakillariga saylovda ishtirok etish taqiqlanganidan keyin boshlangan. Hukumatning keskin javob choralaridan soʻng, namoyishlar koʻlami ham ortdi.

Hukmron “Yedinaya Rossiya” partiyasining Kreml qoʻllovidagi nomzodlari Moskva kengashidagi 45 oʻrindan 38 tasini egallagan edi, ammo saylovlardan keyin bu raqam 25 taga kamaygan.

Rossiya xavfsizlik kuchlari Moskva markazida adolatli saylovlar talabida oʻtkazilgan namoyish ishtirokchilarini qoʻlga olmoqda, 2019-yil 3-avgust kuni olingan surat. Shahar kengashi saylovlarida mashhur muxolifat nomzodlarining ishtirok etishiga ruxsat berilmaganidan soʻng bir qator namoyishlar boʻlib oʻtgan. (Aleksandr Nemenov/AFP)

Rossiya xavfsizlik kuchlari Moskva markazida adolatli saylovlar talabida oʻtkazilgan namoyish ishtirokchilarini qoʻlga olmoqda, 2019-yil 3-avgust kuni olingan surat. Shahar kengashi saylovlarida mashhur muxolifat nomzodlarining ishtirok etishiga ruxsat berilmaganidan soʻng bir qator namoyishlar boʻlib oʻtgan. (Aleksandr Nemenov/AFP)

Qozogʻistonlik faollardan biri Asem Japisheva Olmaotadagi tinch namoyishda ishtirok etmoqda, 30-avgust kuni olingan surat. (Yuna Korosteleva)

Qozogʻistonlik faollardan biri Asem Japisheva Olmaotadagi tinch namoyishda ishtirok etmoqda, 30-avgust kuni olingan surat. (Yuna Korosteleva)

2003-yil Kreml tomonidan tuzilgan “Yedinaya Rossiya” partiyasining bugungi kundagi ishonch reytingi eng quyi pogʻonada. Partiya nomzodlari uning nomi bilan bogʻliq boʻlmaslik uchun saylovda mustaqil ravishda ishtirok etganlar.

Ittifoqchilarining ovoz berish jarayonida ishtirok etishi taqiqlanganidan soʻng namoyishlar oʻtkazishga chaqirgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy Kremlning magʻlubiyatini oʻzining “aqlli ovoz berish” rejasi bilan izohladi.

Uning kampaniyasi moskvaliklarni qaysi ittifoqqa tegishli boʻlishidan qatʼiy nazar, kremlparast nomzodni magʻlub qila oladigan siyosatchini qoʻllab-quvvatlashga chaqirgan, shuningdek, saylovchilarga bu aynan qaysi siyosatchi boʻlishi haqida xabar beruvchi veb-sayt ham ishga tushirilgan edi.

Avtoritarizmdan uzoqlashish

Bishkeklik huquqshunos Mirbek Kasimovning soʻzlariga koʻra, Moskva shahar dumasiga saylovlar natijalari Kremlning avtoritar siyosatiga nisbatan poytaxtdagi faol jamoatchilikning kayfiyatini aks ettiradi.

“Rossiyaning qolgan hududlarida maʼmuriy resurs hamon oʻz kuchini yoʻqotmagan”, dedi u hukumatning muxolifat nomzodlarini magʻlub etishdagi taʼsir choralarini nazarda tutib. “Shu sababli u yerlarda hukmron partiya gʻalaba qozondi, ammo Moskvada “aqlli ovoz berish” texnologiyasidan foydalanildi va bu haqiqiy qoʻllab-quvvatlash darajasini fosh etdi.”

“Rossiya politsiyasining oʻta shafqatsizligi va namoyishda ishtirok etganlarga qarshi nihoyatda qatʼiy jazo belgilanishi ikkilanganlarning fikrini muxolifat tarafiga oʻzgartirdi”, deydi olmaotalik Qozogʻiston yoshlari muxolifat harakati yetakchilaridan biri Asem Japisheva.

“Moskvalik saylovchilar gʻazabga tushdilar. Muxolifat ajoyib saylov kampaniyasini oʻtkazdi”, dedi u.

Rossiyada oʻzgarishlar vaqti keldi, hokimiyat juda uzoq muddat bir kishining boshqaruvida qolib ketdi, bu yerda demokratiya tamoyillari eʼtiborsiz qoldirilmoqda, deydi Parijda joylashgan Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi (FIDH) prezidenti, bishkeklik Tolekan Ismailova.

“Rossiya tinch namoyish va noroziliklarga qarshi xavfsizlik kuchlarini ishga solmoqda. Saylovdan keyingi Moskvada inson huquqlari bilan bogʻliq shafqatsiz va fojiali vaziyatga guvoh boʻlmoqdamiz”, dedi u.

Qirgʻizistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YII) kabi Rossiya tomonidan muvofiqlashtiriladigan integratsion loyihalardagi ishtiroki tufayli soʻnggi yillarda uning erkinlik reytinglaridagi oʻrni pasaymoqda, dedi Ismailova.

“Rossiyada dahshatli qonunlar chiqib”, Qirgʻizistonga yetib kelmoqda va bu hukumatning fuqarolik jamiyatini siquvga oluvchi saʼy-harakatlarida aks etmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Bosimdan qochib

Rossiya saylovlariga munosabat Markaziy Osiyo davlatlari suvereniteti va mustaqilligining mustahkamlanishiga olib boruvchi joriy voqea-hodisalar va kayfiyatni aks ettirmoqda.

“Rossiya bilan taqqoslaganda, Oʻzbekistonda vaziyat yaxshilanmoqda, panjara ortida jazo muddatini oʻtayotgan siyosiy mahbuslar ozod qilinmoqda, fuqarolik jamiyati tashkilotlari esa muhim ijtimoiy muammolarni hal qilishda rasmiylar bilan hamkorlik qilmoqdalar”, deydi Ismoilova.

Qoʻshni Qozogʻiston ham fuqarolik tashabbuslariga nisbatan oʻz siyosatini yumshatgan.

Sentabr oyida Olmaotada joylashgan “KazFem” feministik harakati Olmaota shahar hokimiyatidan miting oʻtkazishga ruxsat olgan.

“Bizga 28-sentabr kuni miting oʻtkazishga ruxsat berishdi. Umumiy mavzu – “Ayollar huquqlari”, deb yozadi olmaotalik “KazFem” faoli Veronika Fonova Facebook sahifasida.

Qirgʻiziston Rossiyaning taʼsiri bilan bogʻliq muammolarga toʻqnash kelishi mumkin, deydi Ismoilova. Shunday boʻlsa-da, mart oyida Bishkekda feministlar va LGBT hamjamiyatining tinch namoyishi boʻlib oʻtgan, deb qayd etdi Qosimov.

Uning ishtirokchilari ayollar va jinsiy ozchiliklar huquqlarini ifoda etuvchi shiorlar va plakatlar koʻtarib, shahar markazidan oʻtishgan. Bu Qirgʻiziston poytaxtida gender tengligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻtgan toʻrtinchi yurish boʻldi.

“Konstitutsiyaga muvofiq, hech kim jinsi, irqi, tili, millati, dini, yoshi, siyosiy qarashlari, etnik kelib chiqishi, mulkiy yoki boshqa maqomi yoxud boshqa holatlar boʻyicha kamsitilishi mumkin emas”, dedi Bishkek hokimi Aziz Surakmatov LGBT hamjamiyatiga qarshilarning Bishkek maʼmuriyatini namoyish oʻtkazishga ruxsat bergani uchun tanqid qilganiga javoban.

Surakmatov “Tinch namoyishlar toʻgʻrisida”gi qonunga ham ishora qilgan, unga koʻra “davlat organlari va mahalliy hokimiyat idoralari tinch namoyishlar oʻtkazish erkinligi huquqini hurmat qilishlari va taʼminlashlari shart”.

Yurish ishtirokchilari “tadbirning yaxshi tashkillashtirilganini qayd etib, shahar maʼmuriyati va ichki ishlar idoralarini xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlaganliklari uchun maqtaganlar”, deb xabar beradi 24.kg nashri.

“Moskvada shunday boʻlishini tasavvur qila olarmidingiz? Albatta, yoʻq”, dedi Qosimov, Rossiya politsiyasi odatda LGBT faollariga qarshi zoʻravonlik ishlatishini taʼkidlar ekan.

Mustaqillik hissi va suverenitetning mustahkamlanishi mintaqaviy xavfsizlikka ham taʼsir koʻrsatmoqda. Bu yaqinda oʻtkazilgan bir qator mintaqaviy jangovar mashgʻulotlar hamda “Islom davlati” jangarilari va ularning oila aʼzolarini Suriya va Iroqdan qaytarish bilan bogʻliq ishlarda davlat rahbarlari koʻrsatgan saʼy-harakatlarda ham oʻz aksini topgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu Kanat Altinbayev degan muallif butun Markaziy Osiyoliklar nomidan qanday gapirishi mumkin?! Oʻzi xursandchilik bilan kutib olgan boʻlsa ham, u Markaziy Osiyo emas. Burnini kerak boʻlmagan joyga suqyapti. Rossiyaliklarga usiz hammasini yaxshi tushunishadi. Yagona Rossiya muvaffaqiyatsizlikka uchragan boʻlsa nima boʻpti? Markaziy Osiyoliklar nomidan gapirish yaxshi emas. Hammadan soʻrab chiqqan ekanmi? Mendan soʻramadi. Biror narsa yozishdan oldin yaxshilab oʻrganish kerak, toʻgʻri kelganini yozish yaramaydi. Ayrimlar xursand boʻlgan boʻlsa, bu hamma shunday boʻldi degani emas. U foizni koʻrsatishi kerak yedi. Shaxsan menga baribir. Davlat ularniki, oʻzlari hal qilib olishadi.

Javob berish

Endi Rossiya haqida ham yomon gapirishimiz ortiqcha, axir Rossiya bizning va yadroviy qurollanishdan voz kechib, dunyoga oʻzining naqadar yaxshi ekanligini koʻz-koʻz qilgan boshqa MDH davlatlarining yadroviy kafolatchisi-ku. Putinga hujum qilishni bas qiling. U Rossiya uchun koʻp narsa qilib bergan yaxshi prezident (tirikligida unga haykal qoʻyishmayapti, koʻchalar uning ismi bilan atalmayapti, Putin kitob yozmayapti, u oʻz ishini bajarmoqda). Biz uning qandayligini bilamiz. Navalniy va unga oʻxshaganlar kim ekan, ular hayotida nimalarga erishgan? Koʻchada namoyish qilayotganlar kim? Xorijiy davlatlarning ishiga burun suqishdan boshqa qiladigan ishlari yoʻq ekanmi? Koʻchaga chiqib havoni behudaga sarflamay, oʻz davlati haqida qaygʻursin va unga foyda keltirishsin. Siyosatni tushunmaydigan odam siyosatga aralashmagani maʼqul. Aslida bularning barchasi xalqning qoʻli bilan hokimiyat uchun kurash, xolos.

Javob berish

voy-voyey, yolgʻonlardan

Javob berish

Bularni oʻqish jonga tegdi, “Yedinaya Rossiya”dan boshqa kimdir gʻalaba qozonsin. Miyasiz tugʻilganmisizlar yoki keyin qurib qolganmi? Navalnыy va unga oʻxshaganlar bunga muqobil nima taklif qilishmoqda va unga erishmoqchi? Amerikoslarni hukumat tepasiga oʻtqazib, davlatni sotvorishnimi?

Javob berish