Karvonsaroy
Xavfsizlik

Oʻzbekiston va AQSH harbiy hamkorlikni kengaytirishda davom etmoqda

Maksim Yeniseyev

Oʻzbekistonlik harbiylar Alyaskadagi (AQSH) “Black Rapids” oʻquv poligonida mashq qilmoqdalar. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

Oʻzbekistonlik harbiylar Alyaskadagi (AQSH) “Black Rapids” oʻquv poligonida mashq qilmoqdalar. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

TOSHKENT – Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekiston yil boshidan beri oʻtkazilgan qator oʻquv mashgʻulotlari, uchrashuvlar va muhokamalar doirasida navbatdagi qoʻshma harbiy mashgʻulotni yakunladilar.

Ikki mamlakat qurolli kuchlari oʻrtasidagi munosabatlarning yangi davri yanvar oyida, Oʻzbekiston maxsus kuchlari va AQSH milliy gvardiyasi ilk marotaba Missisipi shtatining Kemp Shelbi shahrida qoʻshma mashqlar oʻtkazishi ortidan boshlangan edi.

Oʻzbekiston va AQSH harbiylari oʻrtasidagi munosabatlar avgust va sentabr oylarida bir qator oʻzaro tashriflar bilan davom etdi.

9-10-sentabr kunlari Missisipi milliy gvardiyasi podpolkovnigi Bred Xou boshchiligidagi AQSH harbiy delegatsiyasi vertolyot uchuvchilari malakasini oshirish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. 10-sentabr kuni amerikalik va oʻzbekistonlik uchuvchilar birgalikda parvozlarni amalga oshirib, Toshkent yaqinidagi Chirchiq garnizonida oʻtgan mashgʻulotlarda ishtirok etdilar.

10-sentabr kuni Oʻzbekistonga tashrif buyurgan AQSH harbiy-havo kuchlari delegatsiyasi uchuvchilar bilan qoʻshma mashgʻulotlar va parvozlarda ishtirok etdi. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

10-sentabr kuni Oʻzbekistonga tashrif buyurgan AQSH harbiy-havo kuchlari delegatsiyasi uchuvchilar bilan qoʻshma mashgʻulotlar va parvozlarda ishtirok etdi. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

AQSH vakillariga oʻzbekistonlik uchuvchilar tarkibining tayyorgarlik darajasi, jumladan, togʻli hududlar osha uncha yuqori boʻlmagan balandlikdagi murakkab parvozlar namoyish etildi, deya xabar beradi Oʻzbekiston mudofaa vazirligi.

“Biz Oʻzbekiston harbiy havo kuchlari uchuvchilarining rahbarligida parvozlarni amalga oshirdik. Aytish kerakki, ular yuksak parvoz mahoratini namoyish etishdi”, deb aytgan Xou Oʻzbekiston mudofaa vazirligining xabariga koʻra. “Bu missisipilik uchuvchilarimiz uchun haqiqiy mahorat darsi boʻldi. Bizning mashgʻulotlarimiz deyarli tekis yerlarda boʻlib oʻtmoqda, shu bois sizdagi tajriba uchuvchilarimizning tayyorgarligini yaxshilashda katta ahamiyatga ega.”

Mashgʻulotlar chogʻida AQSH harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston harbiy havo kuchlari va havo mudofaasi kuchlari rahbariyati bilan uchrashdi.

“Tarix yaratilmoqda”

Shuningdek, AQSH vertolyotlar va transport aviatsiyasi mutaxassislari turli iqlim sharoitlari, togʻ va choʻl hududlari, ayniqsa tungi vaqtdagi parvozlar bilan bogʻliq muammolarni muhokama qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston mudofaa vazirligi.

“Biz, shubhasiz tarix yaralishiga guvoh boʻlmoqdamiz”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xon nashr bilan suhbatda. “Ikki mamlakat harbiylari 2005-yilda AQSHning Xonoboddagi bazasi yopilgandan keyin koʻp yillar davomida aloqa qilmadilar. Oʻzbekiston mintaqada xavfsizlikni samarali taʼminlash uchun xalqaro sheriklar yordamiga muhtoj.”

Avgust oyi boshida AQSH harbiy tibbiyot mutaxassislari delegatsiyasi Oʻzbekiston mudofaa vazirligining markaziy harbiy klinik gospitalida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazgan edi.

26-29-avgust kunlari boʻlib oʻtgan trening jangovar jarohatlar bilan ishlashni ham oʻz ichiga oldi.

Avgust oyida ham AQSHdagi poligonda yana bir oʻzaro manfaatli trening oʻtkazilgan.

26-30-avgust kunlari Alyaskadagi “Black Rapids” oʻquv poligoniga olti nafar oʻzbekistonlik askar tashrif buyurgan, deb xabar bergan Toshkentdagi AQSH elchixonasi. Togʻli hududda oʻtgan mashqlar chogʻida oʻzbek va amerikalik askarlar harbiy tajriba almashdilar.

“Oʻzbekiston jamoasi harbiy alpinizm boʻyicha yuksak mahoratni namoyish edi va bu mashgʻulotlarning muvaffaqiyatli yakunlanishini taʼminladi”, deyilgan bayonotda.

“Taktika va texnikani solishtirar ekan, ikki jamoa oʻrtasidagi tajriba almashinuvi oʻzaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga yordam berdi”, deyiladi AQSH armiyasi bayonotida.

Oʻzbekiston mudofaa vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov boshchiligidagi harbiy delegatsiya harbiy taʼlim va ikki davlatning taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni muhokama qilish maqsadida 9-13-sentabr kunlari AQSHga tashrif buyurdi.

9-sentabr kuni Ikromov AQSH milliy mudofaa universiteti prezidenti oʻrinbosari Frits Rugge bilan uchrashdi. Tomonlar zobitlarni tayyorlash va harbiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar, Oʻzbekiston delegatsiyasi universitet va uning infratuzilmasi bilan tanishdi.

Delegatsiya, shuningdek, bir qator rasmiylar, jumladan AQSH mudofaa vazirligining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi rahbari Terri Volf, Amerikalik kongressmen Trent Kelli va Mudofaa vazirligi kotibiyatining Janubiy Osiyo masalalari boʻyicha rahbari Amer Latif bilan uchrashgan.

Delegatsiya, shuningdek, Pensilvaniya shtatidagi AQSH armiyasi harbiy kollejiga tashrif buyurdi.

Qoʻshnilar bilan harbiy mashgʻulotlar

Oʻzbekiston armiyasi mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash yoʻlida nafaqat uzoq xorijdagi sheriklar, balki yaqin qoʻshnilari bilan ham hamkorlikni kengaytirmoqda.

“Soʻnggi vaqtlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiy xizmatchilari yiliga bir necha marta qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazmoqdalar”, deydi siyosatshunos Xan. “Aloqalar mustahkamlandi, bu esa ijobiy oʻzgarish.”

10-sentabr kuni Oʻzbekistondagi Chirchiq poligonida qozoq va oʻzbek harbiy boʻlinmalari ishtirokida “Qalqon-2019” mashqlari oʻtkazildi.

Oʻzbekiston mudofaa vazirligiga koʻra, mashqlar xalqaro terrorizmga qarshi kurashda jangovar tayyorgarlikni oshirish va tajriba almashishga xizmat qiladi.

16-21-sentabr kunlari Namangan viloyatida “Markaz-2019” yirik qoʻmondonlik-shtab mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi, unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Pokiston va boshqa davlatlarning askarlari va zobitlari ishtirok etdilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

AQSH bizning ustuvor maqsadimiz. Asosiysi, fashist Rossiyadan uzoqroq boʻlsak boʻlgani

Javob berish