Karvonsaroy
Energiya

Tarixiy anjuman ortidan Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika bozorini shakllantirishni boshlamoqda

Karvonsaroy

Markaziy va gʻarbiy Osiyo mamlakatlari energetika vazirlari, rivojlantirish tashkilotlari rasmiylari va OTB vakillari 20-sentabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan MOMIH energetika vazirlari uchrashuvida. (OTB)

Markaziy va gʻarbiy Osiyo mamlakatlari energetika vazirlari, rivojlantirish tashkilotlari rasmiylari va OTB vakillari 20-sentabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan MOMIH energetika vazirlari uchrashuvida. (OTB)

TOSHKENT – Juma (20-sentabr) kuni Markaziy va gʻarbiy Osiyodagi toʻqqiz davlat energetika sohasidagi transchegaraviy hamkorlikni jadallashtirish va mintaqaviy energetika bozorini kuchaytirish boʻyicha tarixiy deklaratsiyani imzoladilar, deb xabar berdi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) oʻz bayonotida.

Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Pokiston, Tojikiston va Oʻzbekiston Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligining (MOMIH) energetika vazirlarining uchrashuvida 10 banddan iborat deklaratsiyani imzoladilar.

Markaziy va Gʻarbiy Osiyo energetika vazirlari ilk marta mintaqaviy energetika muammolarini muhokama qilish uchun yigʻildilar.

OTB xabariga koʻra, ishtirokchilar imzolagan deklaratsiya yanada erkin energiya bozorini shakllantiruvchi islohotlarni tezlashtiradi. Ular orasida “xususiy sektorning keng ishtiroki va investitsiyalar, mamlakatlararo energiya almashinuvi va aloqalarni kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va sof texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha qatʼiy majburiyatlar” mavjud.

Ishtirokchilar mintaqada xavfsiz energiya kelajagini taʼminlashga qaratilgan 10 yillik MOMIH energiya strategiyasini maʼqulladilar.

Ushbu tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari davlatlarini Rossiyaga qaramlikdan xalos etadigan energetik kelajakni yaratish bilan bogʻliq. OTB maʼlumotlariga koʻra, “Turkiya va Gruziya orqali neft va gazning strategik tranzit imkoniyatlari” muhokama qilingan.

Aynan shu yoʻnalishda, Turkmaniston dengiz ostidan oʻtuvchi Transkaspiy quvurini taklif qilmoqda. Bu quvur ishga tushadigan boʻlsa, Turkmaniston va Qozogʻiston tabiiy gazini bu ikki davlatning sobiq mustamlakachisi boʻlgan Rossiya quvurlaridan foydalanmagan holda Janubiy Yevropaga eksport qilish imkonini beradi.

Ayni vaqtda, energetik taqchillikdan aziyat chekayotgan Pokiston va Hindistonni taʼminlashi koʻzda tutilgan Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvuri barpo etilmoqda.

Bu loyiha Afgʻonistonning oʻz hududidan oʻtgan TAPH quvurini eronliklar boshqaruvidagi Tolibonlarning putur yetkazishidan saqlay olishiga bogʻliq boʻladi. Urushdan aziyat chekkan mamlakat buni uddalay olgan taqdirda, TAPH oʻta zarur gaz yetkazib berilishi, buning natijasida yaratiladigan ish joylari va mablagʻ oqimini anglatadi.

Koʻp sonli muammolar

Mintaqaning energetika sohasi qator muammolarga toʻqnash kelmoqda. OTB maʼlumotlariga koʻra, tabiiy resurslarning notekis taqsimlanishi, yaroqsiz infratuzilma va davlat kommunal xizmatlarining samarasizligi shular jumlasidandir. Buning natijasida, ayrim davlatlar, xususan Pokiston, surunkali ravishda elektr taqchilligini boshdan kechirmoqda.

OTB taxminlariga koʻra, 2030-yilga qadar talabni qondirish uchun mintaqa energetika tizimining quvvatini ikki baravar oshirilishi kerak. Buning uchun jami 400 milliard dollar investitsiya kiritish talab etiladi.

Mintaqaviy hamkorlik, zamonaviy energiya bozorlari va xususiy investitsiyalarning oʻsishi mamlakatlarning oʻzidagi va tashqi bozorlar ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli quvvat yaratishi mumkin.

“Yirik xususiy sarmoyalarsiz mintaqa zarur investitsiyalar darajasiga erisha olmaydi”, dedi OTBning markaziy va gʻarbiy Osiyo boʻyicha bosh direktori Verner Liyepax. “Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) mamlakatlarining islohotlar yoʻlidagi qatʼiyligi meni hayratda qoldirdi.”

“Bu tarixiy yutuq va muhim majburiyat”, deydi OTB vitse-prezidenti Divakar Gupta. “Energetika sohasi mintaqadagi iqtisodiy oʻsishni jadallashtiradi, shu bois ham energiya sohasi yetakchilarining ushbu misli koʻrilmagan uchrashuvi ulkan ahamiyatga ega.”

Osiyo taraqqiyot banki MOMIH dasturining kotibiyati hisoblanadi. U 2001-yildan beri MOMIHga aʼzo mamlakatlarda transport, energetika va savdo boʻyicha umumiy qiymati 34,5 mlrd. dollarlik 196 ta mintaqaviy loyihani moliyalashtirgan.

MOMIHga 11 mamlakat: Afgʻoniston, Ozarbayjon, Xitoy, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyasiz

Javob berish