Karvonsaroy
Xavfsizlik

Yevropa rahbarlari Saudiya neft obyektlariga qilingan hujum ortida Eron turganini aytmoqdalar

AFP va Karvonsaroy

Saudiya Arabistonidagi “Abqaiq” neftni qayta ishlash zavodining vayron boʻlgan inshooti, 20-sentabr kuni olingan surat. [Fayyoz Nureldine/AFP]

Saudiya Arabistonidagi “Abqaiq” neftni qayta ishlash zavodining vayron boʻlgan inshooti, 20-sentabr kuni olingan surat. [Fayyoz Nureldine/AFP]

Dushanba (23-sentabr) kuni Fransiya, Germaniya va Britaniya rahbarlari Eron rejimi shu oyda Saudiya Arabistoni neft infratuzilmasiga hujum uyushtirdi, degan xulosaga kelganlar va Tehronni “provokatsiya” yoʻlidan qaytib, muzokara yoʻlini tanlashga chaqirganlar.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Angela Merkel va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Abqaiq va Xurays obyektlarida yuz bergan portlashlar yuzasidan AQSHning xulosasini qoʻllab-quvvatladilar.

“Ushbu hujum uchun Eron javobgar ekanligi bizga ayon. Boshqa hech qanday izoh yoʻq”, deyiladi ularning BMT Bosh assambleyasi yigʻilishidan soʻng Fransiya tomonidan eʼlon qilingan qoʻshma bayonotida.

Ammo uchchala mamlakat ham “bu masala diplomatik yoʻl bilan hal etilishi lozimligini” uqtirmoqda.

Eron harbiy zobitlari aprel oyida “eng soʻnggi harbiy yutuqlarni” muhokama qilish uchun yigʻildilar. [DEFAPress]

Eron harbiy zobitlari aprel oyida “eng soʻnggi harbiy yutuqlarni” muhokama qilish uchun yigʻildilar. [DEFAPress]

Ular “Eronni muzokaralar olib borishga hamda yangi provokatsiyalar va vaziyatni yanada keskinlashtiradigan xatti-harakatlardan tiyilishga” chaqirganlar.

“Ushbu hujumlar mintaqadagi vaziyatni yumshatish, muntazam diplomatik harakatlar va barcha tomonlar bilan hamjihatlikda ishlash zarurligini koʻrsatmoqda”, deyiladi bayonotda.

Fors koʻrfazidagi tanglik yaqinda yuz bergan jiddiy mojarolar, jumladan, iyul oyida Eron rejimining Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga (IRGC) tegishli ekani aytilgan qurollangan zarbdor kemalarning Britaniya tankerini egallab olishga uringanidan soʻng tobora kuchayib borayotgan edi.

Bu hodisadan bir necha kun oʻtib, Hormuz boʻgʻozi yaqinidagi Amerika harbiy kemasiga tahdid qilgan Eronning uchuvchisiz uchar qurilmasi AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan yoʻq qilingan.

Sezilarli shikast

20-sentabr kuni Saudiya Arabistoni davlatga qarashli eng yirik Aramco neft shirkatining Xuraysdagi obyektlari va dunyodagi eng yirik Abqaiq neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujum tufayli ularga jiddiy shikast yetganini aniqlagan.

Saudiya Arabistonidagi neft qazib olish hajmini ikki barobar kamaytirib yuborgan 14-sentabr kungi hujumlar Tehron qoʻllab-quvvatlaydigan Yamandagi xusiy isyonchilari tomonidan sodir etilgani iddao qilingan, Vashington esa Tehronga ishora qilib, ushbu hujumni “jangovar harakatlar” deya qoralagan.

Aramco shirkati vakillariga koʻra, “Abqaiq”qa 18 marta zarba berilgan, qoʻshni Xurays esa toʻrt bor hujumga uchrab, qator portlashlar va kuchli alanga ichida qolgan. Yongʻinni oʻchirish uchun bir necha soat kerak boʻldi.

Aramco shirkati ushbu ikki obyekt jadal surʼatlarda taʼmirlanayotganini koʻrsatish maqsadida oʻnlab xalqaro jurnalistlarga dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi kompaniya markaziga kirishga izn bergan.

Qoʻshimcha sanksiyalar

Amerika Qoʻshma Shtatlari Tehronga, jumladan uning Markaziy bankiga nisbatan keng qamrovli sanksiyalarni qoʻllab kelayotgan boʻlsa-da, 20-sentabr kuni “terrorizm” bilan bogʻliq qoʻshimcha sabablar tufayli yangi sanksiyalar joriy etildi. Vashingtonga koʻra, Eron Markaziy banki AQSHning qora roʻyxatidagi ikki guruhga “milliardlab dollar” taqdim etgan.

AQSHning choralari Eron rejimining “Al-Quds” kuchlari, “Hizbulloh” va boshqa jangari guruhlardan iborat terrorchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlashda foydalanadigan muhim moliyalashtirish mexanizmiga qaratilgan”, deydi AQSH moliya vaziri Stiven Mnuchin.

“Al-Quds” kuchlari Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining (IRGC) xalqaro operatsiyalarini amalga oshirib keladi, Livandagi shia jangari guruhi – Hizbulloh esa Eronning eng yaqin mintaqaviy sheriklaridan biridir.

10-sentabr kuni terrorchi guruhlar yetakchilari hamda dunyo boʻylab ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchi shaxslar va tashkilotlarni taʼqib qilish maqsadida, AQSH oʻz mansabdor shaxslari va idoralarining vakolatlarini kengaytirgan edi.

Yangi imzolangan farmoyish “AQSH hukumatiga terrorchi guruhlar rahbarlari va mansabdor shaxslari, shu bilan birga, terrorchilarni tayyorlashda ishtirok etgan shaxslarga qarshi yanada samaraliroq kurashish imkonini beradi”, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bayonotida.

Aprel oyida AQSH Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusini butun dunyo boʻylab amalga oshirgan oʻnlab tajovuzkor xatti-harakatlaridan soʻng, terrorchilik tashkiloti deb eʼlon qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Eron ortida Rossiya turibdi.

Javob berish

Bu nima safsata?

Javob berish